Skip to content

Proteksionizm yoki erkin savdo

Azal-azaldan davlatning kuchi uning boyliklari bilan oʻlchangan. Davlatning iqtisodiy qudrati koʻp jihatdan xalqaro savdoga bogʻliq. Shu bois alohida milliy iqtisod uchun xalqaro savdoda qanday ishtirok etish maʼqul ekani haqida bahslar hali ham davom etmoqda.

Xalqaro savdoga bugungi kunda ikki xil qarash bor. Birinchisi xalqaro savdo mutlaqo erkin va cheklovsiz boʻlishi kerak deb hisoblaydi. Bu yondashuv tarafdorlari davlatlar oʻrtasida mahsulotlar erkin yurishi kerakligini, bunga boj va soliqlar bilan toʻsqinlik qilmaslik kerakligini taʼkidlaydi. Ularning fikricha, bundan erkin savdoda ishtirok etayotgan barcha mamlakatlar manfaatdor boʻladi, chunki erkin savdo iqtisodni jadallashtiradi va yangi ish oʻrinlar yaratadi. Bu qarashlar mashhur ingliz olimi Adam Smit gʻoyalarga asoslangan.

Bahsning ikkinchi tomonda proteksionizm – yaʼni, milliy iqtisod manfaatlarini himoyaviy siyosat bilan ochiq xalqaro savdoning salbiy oqibatlaridan ehtiyot qilish gʻoyasi tarafdorlari turadi. Ularning fikricha, mamlakatdan pul chiqib ketishini imkoni boricha cheklash zarur. Bu fikrni ilk marta ingliz iqtisodchisi Jerard de Malines ilgari surgan. U Angliyaga maʼlum mahsulotlar import qilinishini cheklash tashabbusi bilan chiqqan. Iqtisod qancha kam import qilsa, undan shuncha kam pul tashqariga chiqib ketadi.

Har ikki yondashuvning ham oʻziga yarasha kamchiliklari bor. Erkin savdo albatta yaxshi – bugun Yevropa Ittifoqi, Janubiy-Sharqiy Osiyo Davlatlari Birlashmasi (ASEAN), Shimoliy Amerika Erkin Savdo Bitimi (NAFTA) kabi hamkorlik guruhlari erkin savdo orqali katta iqtisodiy naf topmoqdalar. Ammo Erkin savdo rivojlanib kelayotgan iqtisodiyotlar uchun juda xatarli boʻlishi mumkin. Erkin savdoda bozorni chet mahsulotlari egallab olib, mahalliy ishlab chiqaruvchilar kasodga uchrashi, buning oqibatida ishsizlik va iqtisodiy tushkunlik kelib chiqishi, iqtisod koʻp jihatdan chet el ishlab chiqaruvchilariga tobe boʻlib qolishi mumkin. Bundan tashqari, erkin savdo natijasida bir mamlakatdagi iqtisodiy inqirozlar sherik davlatlarga oʻtib ketish xavfi bor.

Proteksionizm oʻz-oʻzicha sof vatanparvar yondashuv – u milliy iqtisod manfaatlarini har narsadan ustun qoʻyishga asoslangan. Bugun erkin savdo tarafdorlari boʻlib jar solayotgan koʻplab rivojlangan davlatlar bir paytlar oʻzlari proteksionist boʻlishgan. Ammo proteksionizm faqat oltin standart amalda boʻlsagina toʻliq ish beradi.

Oltin standart – milliy valyutalar qiymati ularda belgilangan summaga teng oltin zaxirasi bilan kafolatlangan holat. Masalan, 1971-yilgacha har bir AQSH dollari belgilangan miqdorda oltinga alishtirilishi mumkin boʻlgan. 

Proteksionizm davlatga pul oqimi kirishini taʼminlaydi. Oltin standarti bilan bu holat davlatga oltin va kumush oqib kelishini bildiradi. Ammo bugungi xalqaro savdo valyutasi boʻlgan AQSH dollari oltin bilan kafolatlanmagan. Bundan tashqari, proteksionist iqtisod doimiy yuqori inflyatsiyadan aziyat chekadi.

Importni cheklash oʻrniga baʼzi davlatlar qayta eksport qilish (re-exporting) siyosatini qoʻllaydi. Bunda mamlakatga import qilinayotgan mahsulotlarning aksari boshqa davlatlarga yuqoriroq narxda qayta eksport qilinadi. Bunda mahsulot hech qanday qayta ishlovdan oʻtmaydi. Koʻpincha qayta eksportdan erkin savdo guruhi vakillari foydalanishadi – ular tashqaridan bir mahsulotni past boj bilan sotib olib, savdo hamkorlariga bojsiz sotishadi.

Rivojlanayotgan davlatlar uchun eng maʼqul usul – alohida sohalarni himoya qilishdir. Iqtisodning eng zaif yoki muhim sohalarini tashqi raqobatdan himoya qilish, isteʼmolchilar eʼtiborini milliy mahsulotlarga qaratish lozim. Ammo xalqaro savdoni oʻta qattiq cheklash ham mamlakatning iqtisodiy izolyatsiyasiga sabab boʻladi. Bu esa koʻpincha salbiy oqibatlarga olib keladi.

3 thoughts on “Proteksionizm yoki erkin savdo”

  1. Pingback: GM monopoliyasi: bu proteksionizm nimani himoya qilyapti? – iqtisod.uz

  2. fikrimcha, proteksionizm yoki erkin savdoni tanlash- har bir davlatning o’z ichki bozorining moliyaviy qudratiga bog’liq. agar davlatning ichki bozori barqaror bo’lsa, u boshqa davlatdan tovarlar olib kirilishiga ehtiyoj sezmaydi va o’zining aholisini barcha iste’mol va boshqa tovarlar bilan ta’minlay oladi. Asosan, tabiiy boyliklari zaxirasi ko’p bo’lgan mamlakatlarda asosan proteksionizm siyosatini qo’llash yuqori ijobiy samara beradi. Bunda ortiqcha boj to’lovlari oldi olinadi, import tovarlariga ma’lum miqdorda kvota belgilanadi. bu esa boshqa mamlakatlarga bo’lgan iqtisodiy qaramlikdan qutqaradi. aksincha, tabiiy boyliklari kam bo’lgan mamlakatlarga mazkur yo’l foydali bo’lmaydi deb hisoblayman. chunki mamlakatda tabiiy boyliklar bo’lmasi ushbu mamlakat o’zining fuqarolarini zarur iste’mol mahsulotlari bilan ta’minlay olmaydi. bunday mamlakatlari barqaror ichki bozorga ega mamlakatlar bilan hamkorlik qilish orqali o’zining iqtisodiyotini import tovarlari hisobiga rivojlantirishi mumkin. bu esa tegishli tartibda o’zaro raqobatni vujudga keltiradi. bunday mamlakatlar o’zida mavjud bo’lgan imkoniyatlardan foydalangan holda o’ziga mos bo’lgan ichki va tashqi bozor siyosatini yuritadi. fikrimizni tasdig’i sifatida Singapur mamlakatini misol sifatida keltiradigan bo’lsak, bu mamlakat o’z davrida qoloq mamlakat bo’lagan. lekin dengiz savdosida muhim rol o’ynay boshlagan. bu esa mazkur mamlakatning yagona rivojlanish imkoniyati bo’lgan. natijada mamlakatlar o’rtasidagi savdo-tijorat sohasida muhim rol o’ynab, bandargoh shaharga aylangan. Hozirgi kunda esa aholi jon boshiga hisoblagan yalpi ichki mahsulot ko’rsatkichi eng yuqori mamlakat hisoblanadi. bundan ko’rinib turibdiki, proteksionizm yoki erkin savdo yo’lini tanlash bu mamlakatlarning o’zining ichki imkoniyatlariga va puxta o’ylangan iqtisodiy siyosat yuritishiga bog’liq.

  3. ushbu mavzuga to’xtaladigan bo’lsak, proteksionizm yoki erkin savdoni tanlash- har bir davlatning o’z ichki bozorining moliyaviy qudratiga bog’liq. agar davlatning ichki bozori barqaror bo’lsa, u boshqa davlatdan tovarlar olib kirilishiga ehtiyoj sezmaydi va o’zining aholisini barcha iste’mol va boshqa tovarlar bilan ta’minlay oladi. Asosan, tabiiy boyliklari zaxirasi ko’p bo’lgan mamlakatlarda asosan proteksionizm siyosatini qo’llash yuqori ijobiy samara beradi. Bunda ortiqcha boj to’lovlari oldi olinadi, import tovarlariga ma’lum miqdorda kvota belgilanadi. bu esa boshqa mamlakatlarga bo’lgan iqtisodiy qaramlikdan qutqaradi. aksincha, tabiiy boyliklari kam bo’lgan mamlakatlarga mazkur yo’l foydali bo’lmaydi deb hisoblayman. chunki mamlakatda tabiiy boyliklar bo’lmasi ushbu mamlakat o’zining fuqarolarini zarur iste’mol mahsulotlari bilan ta’minlay olmaydi. bunday mamlakatlari barqaror ichki bozorga ega mamlakatlar bilan hamkorlik qilish orqali o’zining iqtisodiyotini import tovarlari hisobiga rivojlantirishi mumkin. bu esa tegishli tartibda o’zaro raqobatni vujudga keltiradi. bunday mamlakatlar o’zida mavjud bo’lgan imkoniyatlardan foydalangan holda o’ziga mos bo’lgan ichki va tashqi bozor siyosatini yuritadi. fikrimizni tasdig’i sifatida Singapur mamlakatini misol sifatida keltiradigan bo’lsak, bu mamlakat o’z davrida qoloq mamlakat bo’lagan. lekin dengiz savdosida muhim rol o’ynay boshlagan. bu esa mazkur mamlakatning yagona rivojlanish imkoniyati bo’lgan. natijada mamlakatlar o’rtasidagi savdo-tijorat sohasida muhim rol o’ynab, bandargoh shaharga aylangan. Hozirgi kunda esa aholi jon boshiga hisoblagan yalpi ichki mahsulot ko’rsatkichi eng yuqori mamlakat hisoblanadi. bundan ko’rinib turibdiki, proteksionizm yoki erkin savdo yo’lini tanlash bu mamlakatlarning o’zining ichki imkoniyatlariga va puxta o’ylangan iqtisodiy siyosat yuritishiga bog’liq.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan