Bugun koʻpchilik avtohavaskorlarni ijtimoiy faol boʻlib, erkin fikr bildirishga undayotgan mavzulardan biri bu GM monopoliyasini tugatishga boʻlayotgan kichik-kichik qadamchalar.
Prezident GM faoliyatini tanqid qilganidan keyin, Monopoliyaga qarshi kurash qoʻmitasi “birdan” uning ishi aslida nima ekanini eslab qolib, shu sunʼiy monopoliyani tugatish shijoati bilan yona boshladi.
GM Uzbekistan kompaniyasini sunʼiy monopoliya deb nomlashimga sabab bor. Iqtisod fanida “tabiiy monopoliya” degan tushuncha bor: unga koʻra, tabiiy monopoliya deb jamoatchilikka zarur boʻlgan, lekin erkin raqobat asosida ishlaydigan bozor samarali taʼminlab bera olmaydigan xizmatlarni (bunday monopoliyalar odatda xizmat koʻrsatuvchi boʻladi) koʻrsatish uchun taʼsis etilgan kompaniyaga aytiladi.
Tabiiy monopoliyaga eng yaxshi misol bu Oʻzbekenergo aksionerlik jamiyatidir. Mamlakat aholisiga zarur elektr energiyasini bitta monopol kompaniya yetkazib berishi – bu eng samarali usul. Chunki bunda bir nechta raqiblar boʻlishi uchun, har bir raqib oʻz elektr tarmoqlariga ega boʻlishi kerak degani. Yaʼni, masalan, mamlakatda ikkita elektr taʼminotchisi boʻlsa, koʻchalarimizda bir qator emas – ikki qator simyogʻochlar boʻlishi kerak degani. Bu esa samarali usul emas, chunki aynan bitta xizmatni koʻrsatish uchun ikkitadan sim tarmoqlari boʻlishi – bu mantiqqa zid. Xuddi shu mantiqqa asosan temir yoʻllari (Oʻzbekiston temir yoʻllari), aloqa tarmoqlari (Oʻzbektelekom) kabi kompaniyalar ham tabiiy monopolistlardir.
Tabiiy monopolistlar ham notabiiy (soxta) monopollar kabi xavfli. Ular ham yakkahokimlikdan foydalanib, narxlarni asossiz oshirishi yoki xizmat sifati haqida qaygʻurmasligi mumkin. Chunki isteʼmolchilarning monopolist xizmatlarini sotib olishdan boshqa chorasi yoʻq. Shu bois ham tabiiy monopoliyalarni davlat oʻzi boshqaradi, hamda narxlar va xizmat sifati tegishli darajada boʻlishini nazorat qiladi.
Soxta monopoliya – bu erkin bozor taʼminlashi mumkin boʻlgan xizmat va mahsulotlarni qoʻlga olgan kompaniyadir. Uning paydo boʻlishiga tabiiy (iqtisodiy) omillar emas – mafkuraviy, siyosiy, korrupsion yoki boshqa faktorlar sabab boʻladi.
Bizning GM Uzbekistan (avvalgi UzDewoo) ham siyosiy-mafkuraviy sabablarga koʻra yuzaga kelgan. Karimov va uning atrofidagilar Oʻzbekistonni mashina chiqaradigan davlatlar safida koʻrishni havas qilganmilar yoki shu bilan xalqda milliy gʻurur tuygʻusini uygʻotishga intilganmi – bunisi nomaʼlum. Balki ishga, shunchaki, korrupsiya aralashgandir. Nima boʻlganda ham, eng boshidan bu avtomobil zavodi mahsulotlari proteksionizm bilan himoya qilina boshladi (proteksionizm haqida ushbu maqolada batafsil oʻqishingiz mumkin).
Proteksionizm odatda iqtisodning eng muhim va zaif segmentini erkin savdoning zararlaridan himoya qilish uchun qoʻllaniladi. Koʻp hollarda davlatlar oʻz qishloq xoʻjalik sohalarini import asoratlaridan himoya qiladilar. Chunki, masalan, davlatga don import qilish erkin ochib berilsa, bundan bugʻdoy yetishtiruvchi fermerlar katta zarar koʻrishi mumkin. Agar bugʻdoy yetishtirish sohasida aholining salmoqli qismi ish bilan band boʻlsa, davlatga erkin kirib kelgan arzon don bu sohani sindirishi va juda koʻp odamni ishsiz qoldirishi mumkin.
Lekin oʻzbek avtomobillarini tashqi raqobatdan himoya qilish nega kerak boʻlishi mumkin? Bunga iqtisodiy mantiq nuqtayi nazaridan hech qanday tayinli javob yoʻq – chunki GM monopoliyasi mavjud boʻlishiga hech qanday iqtisodiy asos yoʻq. GM tasarrufida aholining salmoqli qismi ishlamaydi – demak, himoyani “ishsizlikni oldini olish” bilan oqlab boʻlmaydi.
Avtosanoatni himoya qilish tarafdorlari chetdan kirgan avtomobillarga boj olib tashlansa, odamlar chetdan koʻp mashina sotib olishni boshlaydi va koʻp pulimiz chetga chiqib ketib qoladi degan argumentni ham koʻp qaytarishadi. Bu iqtisod nuqtayi nazaridan oʻta mantiqsiz argument.
Buni tushunish uchun hayotiy misol olaylik. Oddiy oʻzbek uzoq mehnat qilib, tejab yigʻgan puliga mashina olmoqchi. U 15 ming koʻkiga asl bahosi 8 ming boʻlgan GM mashinasini oladi (iloji ham yoʻq). Endi oʻsha mashina unga 5-10 yil xizmat qilib, pulga chaqqanda kamida 15 ming dollarlik naf keltirishi kerak. Lekin monopolist chiqargan mashina sifati shuncha yil xizmat qilib, shuncha naf keltiradigan darajada emas.
Endi bojlar bekor qilindi deylik. Bunda oʻzbek oʻsha 15 ming dollar pulidan 10 mingiga bir yilcha minilgan BMW oladi. Qolgan 5 mingini boshqa maqsadlariga sarflaydi. Ana shu BMW unga 5-10 yil xizmat qilib, 10 ming dollarlik naf keltiradi (oʻz pulini oqlaydi).
Xoʻsh, ikkinchi holatda iqtisodimizdan 10 ming dollar chetga chiqib ketdimi? Ha – chiqib ketdi. Lekin uning evaziga isteʼmolchi 10 ming dollar naf keltiradigan sifatli avtomobilga ega boʻldi. Iqtisodchi bunisiga ham qaraydi. Yoki chiqib ketgan pul hisob-u, uning evaziga olingan mulk hisobmasmi?
Oʻtgan yili Oʻzavtosanoat rahbari Shavkat Umurzoqov yana bir mantiqsizlikni ilgari surib, GM monopoliyasidan qutulishda ehtiyot boʻlishimiz kerakligini aytgan edi. Unga koʻra, chet mashinalari uchun bojlarni keskin kamaytirsa, Oʻzbekistonliklar yoppasiga chet mashinalarini sotib olib, bozorni chet avtomobillariga “toʻldirib” yuborishi mumkin ekan. Jamoatchilik bosimi ostida jon berishdan hanuz bosh tortib kelayotgan GMning avtomobillari narxlari oshirilishini esa u “Narxlarni oshirib olingan daromadni avtomuhandislikni rivojlantirish va malakali kadrlar tayyorlash uchun sarflaymiz” deb asoslashga uringan edi.
Shu yerda bir qator savol tugʻiladi.
Birinchidan, nega shu paytgacha ichki bozorda eksport narxidan deyarli ikki barobar qimmatga sotilgan mashinalardan tushgan daromadlardan hech boʻlmasa bir qismi ana shu “avtomuhandislik va kadrlar tayyorlash” maqsadlariga yoʻnaltirilmagan? Shuncha paytdan beri qilmagan ishini soʻnggi nafaslarini olayotgan GM endi qilish payiga tushib, narxlarni oshiryaptimi?
Ikkinchidan, avtomuhandislik sohasi orqada qolishi va kadrlar malakasi past boʻlishiga aslida GM monopoliyasi proteksionizm soyasida begʻam-betashvish biznes qilgani sabab emasmi? Proteksionizm himoya qilmasdan, raqobatga duch kelganida, GM orqada qolmaslik uchun oʻz muhandislik sohasini rivojlantirish va kadrlari malakasini yuksaltirish uchun ozgina jon va pul kuydirgan boʻlmasmidi? Proteksionizm keltirib chiqargan illatni sabab qilib, proteksionizmdan voz kechishni sekinlashtirish – bu xuddi “tana shu zaharga oʻrgandi, birdan zaharni bermay qoʻysak, tana yana ham kasallanib qoladi” degan vaj bilan zaharlangan tanani davolashni kechiktirishday gap.
Xullas, GM monopoliyasi tugatilishini paysalga solish tarafdorlari gaplarida iqtisodiy mantiq juda kam. Shu bois ham soʻzimiz boshidagi taxminga qayta murojaat qilishga majburmiz: balki bu yerda “noiqtisodiy” sabablar bordir?
Qaysidir maʼnoda, xalq GM monopoliyasi qulashiga koʻrsatilayotgan qarshilik ortida “nimalardir” turganini ichida his qilib turibdi. Bugunga kelib, dunyoda avtomobil ishlab chiqaradigan 50tacha davlat safida boʻlishdan “faxrlanish” hissi GM monopoliyasi aholi iqtisodiy farovonligiga yetkazayotgan zararni qoplashga kamlik qilib qoldi. Odamlar sunʼiy monopoliya soyasida yashash nimaligini anchadan beri his qilayotgan boʻlsalar ham, endiga kelib oʻz noroziliklarini erkin ifoda etmoqdalar. Lekin GM arigʻi boshida turganlar va ularga qoʻshilib ariqdan yaxshigina suv ichib kelayotganlar oson taslim boʻlishni istamayaptilar.
Bizdan talab etilgan narsa – ijtimoiy faollikni susaytirmaslik. Bosimni kamaytirmaslik. Hukumat qarorni qildi – endi ana shu qaror amalga oshishiga biz oʻz fuqarolik pozitsiyamizni aniq va ochiq ifoda etish bilan kuchli turtki berishimiz kerak. Asl fuqarolik jamiyati ana shunday ishlaydi.