Iqtisod uchun odamlar – bu resurs, soha buni “inson resurslari” deb ataydi. Kapitalistik iqtisodda aholi ikki xil funksiyani bajaradi: 1) ular tovar va xizmatlarni isteʼmol qiladi (isteʼmolchilar) va 2) tovar va xizmatlarni ishlab chiqarishda ishtirok etadi (ishchi kuchi). Faqat bunda jiddiy muammo bor. Masalani batafsil koʻrib chiqaylik.
Kapitalizm shunday tizimki, u aholining bir qismi yaratgan moddiy boyliklarning bir qismi aholining boshqa bir qismi egalik qilayotgan kapital ortishi uchun “tortib” olinadi. Masalan, men toʻqimachilik fabrikasida ishchi boʻlsam, u yerda bir oyda 10 million soʻmlik mahsulot yaratilishi uchun mehnat qilaman. Fabrika egasi menga bu mehnatim uchun 6 million soʻm maosh toʻlaydi. Mehnatim keltirgan daromaddan 4 million soʻmi fabrika egasining foydasi sifatida uning kapitaliga qoʻshiladi.
Biznes egalari sinfiga tegishli kapital tinimsiz oshib borishi uchun, ishchi yaratgan qoʻshimcha qiymatning bir qismi mana shu usulda tortib olinishda davom etishi kerak. Lekin bu jarayon ichki ziddiyatga ega: men ishchi sifatida topayotgan daromadim tizim ishlab chiqarayotgan mahsulotlarni sotib olish uchun yetmaydi. Men ishlab chiqarishga yordam bergan har bir futbolka 10 soʻmdan boʻlsa, biroq men bu mehnatim uchun 6 soʻm maosh olsam – ana shu futbolkani sotib olishga qurbim yetmaydi.
Albatta, men 2 oy ishlab, 12 soʻm maosh olganimdan keyin 10 soʻmga bitta futbolka olishim mumkin. Lekin 2 oy davomida birdan ortiq futbolka ishlab chiqariladi – qolgan mahsulotni kim olib ulguradi? Hamkasblarim ham men qatori maosh oladi – demak ularning daromadi ham barcha futbolkalarni xarid qilishga yetarli emas. Bu holat iqtisodda “ortiqcha ishlab chiqarish muammosi” deb ataladi.
Kapitalistik tizim oʻzi ishlab chiqargan barcha mahsulotlarni isteʼmol qilib ulguradigan aholiga muhtoj. Aholi daromadi ham bunga yetarli boʻlishi kerak – xarid quvvati yoʻq aholidan ham tizimga foyda yoʻq. Lekin biznes foyda topishi uchun, u ishchilariga mahsulot qiymatidan past maosh toʻlashi kerak. Demak, aholi daromadi hech qachon barcha mahsulotlarni xarid qilishga yetarli boʻlmaydi.
Lekin bu hali hammasi emas. Kapital oshishi uchun, u ishchiga imkon qadar kam maosh toʻlashi kerak. Buning uchun bitta ish joyiga birdan ortiq daʼvogar boʻlishi kerak. Agar fabrikaga ishchi kerak boʻlsa-yu, bu ishga kirishga faqat men daʼvogar boʻlsam – men ishga kirish suhbatida balandroq maosh talab qila olaman. Chunki fabrika egasining meni ishga olishdan boshqa chorasi yoʻq. Lekin shu ish oʻrniga daʼvo qilayotganlar koʻpchilik boʻlsa – fabrika egasi taklif qilgan past maoshga men boʻlmasam, boshqa ishsiz odam rozi boʻladi.
Yuqoridagi ikki holat kapitalizm uchun aholi oʻsishi qanchalik muhim omil ekani yaqqol koʻrsatadi. Kapitalistik iqtisod uchun aholi doim oʻsib borishi kerak – ishlab chiqarilayotgan tovar va xizmatlarni isteʼmol qiladigan odamlar yetarli boʻlishi va ana shu ishlab chiqarishda arzonga ishlashga tayyor ishchi kuchi yetarli boʻlishi uchun.
Ammo kapitalistik iqtisodda farzand koʻrish – qimmatga tushadigan hashamat. Turmush chiqimlari tinimsiz oshib borayotgan iqtisodda borgan sari kam oilalar farzand koʻrishni tanlaydilar. Farzand koʻrishni tanlagan oilalar ham bitta yoki ikkita farzanddan nariga oʻtmaydi. Natijada, aholi oʻsishi toʻxtaydi va koʻp hollarda orqaga qarab ketadi.
Bu muammoni har xil jamiyatlar turli usulda yechishga urinadi. AQSh va Yevropa bu muammoni oʻz davlatlariga dunyoning boshqa mamlakatlaridan muhojirlarni olib kelish bilan hal qilmoqchi boʻladilar. Oxirgi 20-30 yil Ichida Gʻarb jamiyatlarida juda koʻp bahs-munozaraga sabab boʻlayotgan “muhojirlar” masalasi ortida turgan iqtisodiy omil mana shu. Boshqa davlatlar (masalan, Xitoy yoki Yaponiya) buni ichki aholi oʻsishini targʻib qilish bilan yechishga urinadi. Ular turli iqtisodiy turtkilar bilan oʻz aholisini koʻproq farzand koʻrishga undamoqchi boʻladi (masalan, kontratseptiv vositalarini qimmat qilib qoʻyish yoki farzand koʻrgan oilalarga moddiy yordam berish bilan). Rossiya har ikki usuldan foydalanishga urinadi – lekin ular iqtisodiy-demografik choralarni siyosatdan holi tuta olmaydilar va halicha bunday urinishlar kutilgan natijani berayotgani yoʻq.
Iqtisodiy omillar sabab oilalar koʻp farzand koʻrishni istamasligi uzoq muddatda yana bir muammoga olib keladi: nafaqa yoshiga yetgan aholi qismini iqtisodiy taʼminlash shuncha qiyinlashib boraveradi. Masalan, hozir mehnat yoshidagi aholi soni (ishchi kuch) 10 million, nafaqa yoshidagilar 2 million deb olaylik. Demak, ana shu 10 million hozir ishlab maosh olayotganlar soliq toʻlab, nafaqadagilarga pensiya toʻlanishini taʼminlaydi. Lekin bu 10 million ishchilar turmush qimmatligi sabab, kamroq farzand koʻradilar va ularning oʻzi nafaqaga chiqqanda jamiyatda ishlayotganlar soni 7 millionga tushadi. Endi 2 million nafaqaxoʻrlarni taʼminlash 10 million odam zimmasiga emas, 7 million zimmasiga tushadi. Bu ana shu 7 million daromadining koʻproq qismini soliqqa berishi kerak degani. Natijada, ularning soliqdan keyingi (yaʼni oʻzi va farzandlariga sarflashi mumkin boʻlgan) daromadi yana ham kamayadi – va ular yana ham kamroq farzand koʻrishga majbur boʻladi.
Kapitalizmning bu ichki muammosiga halicha yechim topilgani yoʻq. Yildan-yilga koʻproq ishlab chiqarish, koʻproq mahsulot va xizmat sotish evaziga ishlaydigan tizim cheklangan resurslar muammosiga duch kelganda – inqiroz keltirib chiqaradi. Bordi-yu, aholini yana oʻsishda davom etishga undash yoʻli topilsa ham – bu yechim emas. Chunki sayyora resurslari cheklangan va cheksiz oʻsib borayotgan aholini taʼminlay olmaydi.
Kapitalizm yoki hamma resursni yeb bitiradi – yoki boshqa sayyoralarga tarqab ketadigan irq darajasiga yetamiz va yakuniy inqiroz maʼlum muddatga kechiktiriladi. Bulardan qay biri erta kelishini esa doimgidek vaqt koʻrsatadi.
