Alohida milliy iqtisodlar bir-biriga koʻp jihatdan tobe boʻlgan bugungi global muhitda bir davlatning boshqasiga qilgan harbiy tajovuzi asoratlarini hamma birdek his qiladi. Ukrainada roʻy berayotgan hodisalar ham bugun dunyoning turli burchaklarida kutilmagan oqibatlarga olib kelmoqda. Masalan, Rossiyaning Ukrainada boshlagan urushi natijasida Afrikaning bir nechta mamlakatlarida oziq-ovqat taqchilligi yuzaga kelib ulgurdi[1]. Bu inqiroz taʼsirini bizning iqtisod ham his qilishi tabiiy hol, chunki Rossiya va Ukraina bilan iqtisodiy aloqalarimiz Afrika mamlakatlarinikiga qaraganda ancha yaqin.
Ushbu maqolada biz Ukrainada ikki oydan oshiqroq vaqt davom etayotgan urush Oʻzbekiston ichki bozorida qanday siljishlarga olib kelishi – bu siljishlar oqibatida narxlar qanchalik koʻtarilishini muhokama qilamiz. Biz urushning bizning iqtisodga oʻtkazgan taʼsirini uch bozor – mahsulotlar bozori, mehnat bozori va moliya bozorida roʻy beradigan oʻzgarishlar doirasida tahlil qilishga va tushunishga urinamiz.
Mahsulotlar bozoridagi oʻzgarishlar
Rossiyaga qarshi qoʻllangan sanksiyalar turli mamlakatlarni neft va gazni Rossiyadan boshqa davlatlardan olishga undadi. Baʼzi davlatlar bu voqealar energiya manbalari taqchilligiga olib kelishidan xavotir olib, ularni katta miqdorda sotib olishga va zaxira yigʻishga tushdilar. Bularning bari dunyo bozorida energiya manbalari narxi oshishiga sabab boʻldi[2].
Energiya manbalarini isteʼmol qilishda dunyo bozoriga tobe boʻlish nuqtai nazaridan Oʻzbekiston uchun bu oʻzgarishlar katta inflyatsion xavf tugʻdirmaydi, chunki mamlakatimiz oʻzini oʻzi energiya manbalari bilan taʼminlay oladi. Masalan, biz jami neft isteʼmolining atigi 8 foizinigina chetdan sotib olamiz[3]. Ammo yuqori narxlar mahalliy ishlab chiqaruvchilarni ichki bozordan koʻra tashqi bozorga koʻproq mahsulot sotishga undashi – va shu bilan ichki bozorda taqchillik keltirib chiqarishi mumkin.
Umuman, xalqaro savdo oqimida urush keltirib chiqargan buzilishlar iqtisodimizga qaysidir darajada zarar keltirishi mumkin. Rossiya va Ukraina birgalikda Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasida salmoqli hissaga ega. Rossiya iqtisodi sanksiyalar ostida susayishi va Ukrainadagi ishlab chiqarish urush sabab qisqarishi bu mamlakatlardan sotib oladigan mahsulotlarimiz[4] kamayishiga olib keladi. Bundan tashqari, bu mamlakatlarga sotadigan mahsulotlarimiz oqimi koʻpayishi ham[5] ichki bozorda taqchillik keltirib chiqaradi. Har ikkala holatda ham shu mahsulotlarning mahalliy narxi oshadi.
Moliyaviy sanksiyalar sabab, Rossiya fuqarolarining xalqaro plastik kartalari koʻp davlatlarda ishlamay qoldi. Oʻzbekistonda esa bu kartalar ishlashda davom etyapti[6]. Shu sababdan, taʼtil mavsumi boshlanishi bilan, biz Rossiyadan sayyohlar oqimi koʻpayishini – va ular ichki bozorda narxlar oshishiga hissa qoʻshishini kutishimiz mumkin.
Bozordagi barqarorlikni taʼminlovchi yana bir omil – ertangi kunga ishonch. Isteʼmolchining ertangi kundan qanchalik koʻngli toʻqligi iqtisodiy barqarorlik asosi. Boʻlayotgan voqealar mamlakat ichida ham yetarlicha kuchli rezonans keltirib chiqardi. Odamlarda xavotir uygʻona boshladi. U yoki bu mahsulot ertaga taqchil boʻlishidan xavotir olganlar shu mahsulotlarni koʻproq sotib ola boshladilar. Natijada, yalpi talab oshdi va narxlar koʻtarildi.
Bundan tashqari, urush kabi beqaror vaziyat turli xil spekulyantlar uchun juda qulay. Baʼzilar bunday vaziyatda zaruriy mahsulotlarni katta miqdorda sotib olib, ularni maʼlum vaqt saqlash bilan bozorda sunʼiy taqchillik yaratadilar va narxlar oshishini kutadilar. Soʻnggi paytda biz bunday holatni kungaboqar yogʻi va shakar misolida kuzatdik[7]. Monopoliyaga qarshi kurashish agentligining soʻnggi haftalardagi urinishlari aynan shunday holatlarning oldini olishga qaratilgan.
Mehnat bozoridagi oʻzgarishlar
Urush va u keltirib chiqargan sanksiyalar tufayli Rossiya iqtisodida yuz berayotgan jarayonlar rubl xarid quvvati tushishiga va uning chet el valyutalariga nisbatan tushishiga olib keldi. Bu shundoq ham iqtisodiy narvonning eng quyi pogʻonalarida yashayotgan muhojirlarimiz real daromadlariga jiddiy zarar yetkazdi. Birinchidan, ularning Rossiyada yashash xarajatlari oshdi. Ikkinchidan, ularning vatanga yuborayotgan pul oʻtkazmalarining milliy valyutadagi qiymati pasaydi.
Bu holat ichki bozordagi narxlarga ikki xil taʼsir qilishi mumkin. Birinchidan, bunday vaziyatda baʼzi yurtdoshlarimiz vatanga qaytishni maʼqul koʻradilar. Bugun biz Rossiyadan yurtimizga nafaqat oʻz fuqarolarimiz – balki Rossiya fuqarolari ham kirib kelayotganini kuzatyapmiz[8]. Yurtimizga qaytayotgan yurtdoshlarimiz va kirib kelayotgan rus muhojirlari yalpi talab oshishiga olib keladi. Ikkinchidan, mehnat muhojirlaridan kelayotgan daromadlar kamayishi aholi xarid qobiliyatini pasaytiradi va bu yalpi talab (va narxlar) tushishiga olib keladi. Bu ikki omilning qaysi biri kuchliroq taʼsirga ega boʻlishi qancha koʻp muhojirlarimiz Rossiyada qolishga qaror qilishiga bogʻliq.
Moliya bozoridagi oʻzgarishlar
Yalpi taklif tomondan bizga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan yana bir omil – milliy valyuta qiymati oʻzgarishi. Har qanday bozor kabi, moliya bozori ham turli yangilikka monand oʻzgaradi. Bunda yangilik haqiqatga asoslanganmi-yoʻqmi — ahamiyatsiz. Bozor ishtirokchilarining bu yangilikka ishonish-ishonmasligi muhim. Spekulyantlar bozorning ana shu xislatidan foydalanishga urinadilar.
Ukrainada urush boshlangandan keyin, jamiyatimizda «dollar narxi oshar ekan» degan gap paydo boʻlishi va unga odamlar qanday munosabat bildirgani shunday holatga yaqqol misol. Aslida, Ukraina atrofida boʻlayotgan voqealar sabab soʻmning dollarga nisbatan kursi oshishiga (yaʼni, dollar qimmatlashiga) hech qanday jiddiy asos yoʻq edi. Ammo bozorda tarqala boshlagan mish-mishning oʻzi baʼzi odamlarni oʻz jamgʻarmalarini dollarga oʻtkazishga undadi — natijada, moliya bozorida soʻm narxi tusha va dollar narxi osha boshladi. Yaʼni, eng boshida hech narsaga asoslanmay aytilgan «dollar narxi oshadi» degan bashorat bozor ishtirokchilarining bu gapga munosabati sabab chindan ham amalga oshdi[9].
Milliy valyuta qiymatining tushishi import mollari narxini oshiradi va inflyatsiyaga sabab boʻladi. Markaziy bank bu jarayonni vaqtida nazoratga oldi va kerakli monetar siyosat qoʻlladi — asosiy foiz stavkasini 14 foizdan 17 foizga koʻtarish bilan soʻm narxi tushishda davom etishining oldini oldi[10]. Asosiy stavka oshishi soʻmdagi omonatlar koʻpayishiga va undan ham muhimrogʻi — soʻmda olinadigan isteʼmol kreditlari qisqarishiga – yaʼniki yalpi talab tushishiga sabab boʻladi. Shu bilan iqtisodga boʻlgan inflyatsion bosim qisman pasayadi.
Xulosa
Yuqoridagilarni umumlashtirib shuni aytish mumkinki, Ukrainada davom etayotgan urush Oʻzbekiston ichki bozoridagi narxlarga taʼsir qilmasdan qolmaydi. Bu voqealar isteʼmolchi va tadbirkorlarda xavotir uygʻotgani, ertangi kunga boʻlgan ishonchni kamaytirgani, xalqaro savdo oqimlarini izdan chiqargani bilan qisqa muddatda iqtisodimizda narxlar tebranib turishiga sabab boʻladi. Bu tebranishlarning koʻlamini kichraytirish va ulardan keladigan zararni imkon qadar cheklash uchun bir-biri bilan hamohang ishlaydigan monetar va fiskal siyosat olib borish zarur. Bunda davlat siyosatining asosiy maqsadi aholi va biznesni keskin qarorlar qabul qilishdan tiyib qolishga koʻndirish, davlat makroiqtisodiy siyosati barqaror va uzoqni koʻzlab qilinayotganiga jamiyatni ishontira olishi kerak. Bugungacha markaziy bank va ijro hokimiyatidan chiqayotgan bayonotlar shu maqsadga qaratilgan. Ular qanchalik amalda ish berishini esa vaqt koʻrsatadi.
[1] https://news.un.org/en/story/2022/03/1114962
[2] https://www.rigzone.com/news/commodity/
[3] https://www.worldometers.info/oil/uzbekistan-oil/
[4] https://review.uz/uz/post/infografika-ozbekistonning-2021-yil-yanvar-fevral-oyi-uchun-tashqi-savdosi
[5] https://www.gazeta.uz/ru/2022/03/05/tomatos/
[6] https://www.interfax.ru/business/826302
[7] https://daryo.uz/2022/03/11/gosht-piyoz-va-shakar-narxi-kotarildi-ozbekiston-bozorlaridagi-asosiy-oziq-ovqat-mahsulotlarining-narxi-malum-boldi/
[8] https://www.gazeta.uz/ru/2022/03/12/relocation/
[9] https://www.gazeta.uz/ru/2022/04/01/ebrd-on-economic-growth-slowdown/
[10] https://daryo.uz/2022/03/17/iqtisodiyotning-sekinlashtirilishi-ozbekistonda-asosiy-stavka-keskin-oshdi-bu-nimani-anglatadi-va-nimaga-tasir-qiladi/