Skip to content

Iqtisodchi boʻlsammikan?

Ushbu maqola maktabni endigina bitirayotgan va kelajakda qaysi soha mutaxassisi boʻlishi mumkinligini hal qila olmay, diqqat boʻlib yurgan uka-singillarimiz, yoki oliygohda oʻqib yurgan va egallayotgan sohasidan koʻngli toʻlmay, iqtisod sohasi tomonga qiziquvchanlik bilan bir-bir nazar tashlab qoʻyayotgan uka-singillarimiz — umuman, bir kun uyqudan turib, iqtisod sohasi nima ekan degan savolni miyasidan hayday olmay yurgan doʻstlarimiz uchun maxsus yozildi.

Oʻz kelajagi uchun soha tanlashga qiynalayotgan yosh avlod vakillari ushbu maqolani oʻqib, iqtisod deb nomlangan ilm-fan va amaliyot sohasining mazasidan ozgina tatib koʻradilar va bu ularga maʼqulmi yoki yoʻqmi — hal qiladilar degan umiddaman. Koʻr-koʻrona taxmindan bilib qilingan qaror yaxshiroq.

Ushbu blogni yuritishni “Iqtisod nima?“ sarlavhasi ostida maqola yozish bilan boshlaganman. Undan beri (umid qilamanki) tushunchalar oʻsdi, bilimlar kengaydi va, shubhasiz, oʻz sohamga boʻlgan qiziqishim ortsa-ortdiki, kamaygani yoʻq. Bu safar ham iqtisod qanday soha ekanini muhokama qilishdan boshlaymiz.

Iqtisod nima?

Iqtisod sohasiga tayinli taʼrif berish uchun, bu fanning asosiy tushunchalarini tahlil qilishimiz kerak boʻladi.

Iqtisod fani falsafasi oʻzagida (har qalay, mening nazdimda) qiymat (yoki qadr) tushunchasi turadi. Bu soʻzni hammamiz bilamiz va undan baʼzan foydalanamiz. Ammo uning asil tub mazmuni bilan hech qiziqib koʻrganmisiz?

Bilamizki, dunyoda hamma narsaning oʻz qiymati bor. Lekin qiymat degan xislat qayerdan keladi? Mening uslubimga sodiq qolgan holda, keling, oddiy misol olamiz.

Oddiygina ruchkani tasavvur qiling (balki, zamonning yeliga ergashib, hali toʻliq “raqamli” boʻlib ketmagandirsiz va yon-atrofingizda rostdan ham ruchka bordir). Ana shu ruchkaning qiymati nima? Uning qiymatini nima belgilaydi?

Agar men shu ruchkaning ichidagi siyohini olib qoʻysam, uning siz uchun qiymati qoladimi? Yoʻq — chunki siyohsiz ruchkadan foydalanib boʻlmaydi. Lekin bu ruchkaning qiymati uning siyohida degani emas. Ruchkaning korpusini olib qoʻyib, siyohning oʻzini sizga bersam ham, bundan sizga hech qanday naf boʻlmaydi.

Ruchkaning qiymati — u xizmat qilgan maqsaddan kelib chiqadi. Sizning doʻkondan ruchka sotib olishdan maqsadingiz — qogʻozga yozma shaklda maʼlumot kiritish. Agar olgan ruchkangiz ana shu maqsadga erishishga sizga xizmat qilmasa — uning siz uchun qiymati nolga teng.

Koʻcha oʻrtasida yotgan toshning odamlar uchun qiymati yoʻq. Qaytanga, oʻtgan-ketgan unga qoqilib tushadi. Lekin bir bolakay daraxtdan meva qoqib tushirish uchun shu toshni yerdan koʻtarsa — tosh endi qiymatga ega. Chunki endi uni maʼlum maqsad uchun ishlatish mumkin.

Qandaydir maqsadga xizmat qilish — iqtisodiy naf keltirish degani. Yaʼni, insonning maʼlum ehtiyojlarini qondirish jarayoni iqtisodiy naf keltirishdir. Bunday jarayonni biz, iqtisodchilar, “isteʼmol” deb ataymiz. Iqtisodchi uchun sizning doʻkondan ruchka xarid qilishingiz muhim emas — balki, ana shu sotib olgan ruchkangizdan qanday foydalanishingiz (uni qanday isteʼmol qilishingiz) muhim.

Qisqa qilib aytganda, qiymat manbayi — maqsad. Hech qanday maqsadga xizmat qilmaydigan narsalar iqtisodiy qiymatga ega emas. Iqtisodiy qiymatga ega narsalar esa “manba” (yoki “resurs”) deb ataladi.

Resurs deganda koʻpchilik tabiiy boyliklarni koʻz oldiga keltiradi (yer, suv, qazilma boyliklar va hokazo). Ammo iqtisodchilar nazarida resurs tushunchasi juda keng qamrovga ega. Biz uchun odamlar ham — resurs. Koʻpchilik eʼtiborga olmaydigan, ammo iqtisodda muhim resurslardan hisoblangan manba — bu vaqt. Vaqt haqida hali yana gaplashamiz.

Ehtiyojlar

Avval aytilgandek, resurslar inson ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladi. Anʼanaviy iqtisodchilar odamlarning ehtiyojlari cheklanmagan deb hisoblaydilar. Yaʼni, biz imkon qadar koʻproq resurslarga ega boʻlishni va isteʼmol qilishni xohlaymiz. Bunday taʼrifdan iqtisod fanining eskirgan tavsifi kelib chiqadi: “Iqtisod — cheklangan resurslarni ishlatib, insonlarning cheklanmagan ehtiyojlarini qondirish usullarini oʻrganadigan fan”.

Yuqoridagi taʼrifning birinchi qismi toʻgʻri — sayyoramizda resurslar cheklangan. Ekin ekib, oziq-ovqat yetishtirishga yaroqli yer maydoni, bu ekinni sugʻorish uchun suv, dalada ishlaydigan mehnat kuchi va texnika — bularning hammasi cheklangan miqdorda mavjud.

Muammo taʼrifning ikkinchi qismida — yaʼni, inson ehtiyojlarini cheklanmagan deb bilishda. Boylikka ruju qoʻygan alohida shaxslarni hisobga olmasa, koʻpchilik odamlar juda koʻp narsani xohlamaydilar. Odamzodga farovon yashash uchun cheksiz koʻp resurs kerak emas.

Bizga avvalo boshpana, oziq-ovqat va xavfsiz muhit kerak. Bular bizning tabiiy ehtiyojlarimiz — bular qondirilmasa, yashab qolishimiz qiyin boʻladi. Bu ehtiyojlar qondirilgandan keyin, odamda ijtimoiy (psixologik) ehtiyojlar yuzaga keladi. Ularning eng asosiysi — oʻzini (oʻz salohiyatini) namoyon qilish ehtiyoji. Kimdir oila qurib, munosib avlodni tarbiya qilishni istaydi, kimdir ilm-fan yoki tadbirkorlikda katta yutuqlarga erishishni istaydi. Mana shu kabi ehtiyojlar sabab ham biz shunchaki yashashimizga yetarli daromaddan ortiqroq daromad uchun mehnat qilamiz (har qalay, koʻpchiligimiz shunday yashaymiz — faqat buguni gʻamini yeb yashaydiganlar ham bor, albatta).

Mehnat

Shu yerda qiymat tushunchasiga qaytsak. Avval aytilgandek, resurs oʻz qiymatini undan foydalanilsagina yuzaga chiqaradi. Bola toshni yerdan olib, daraxt shoxiga otibgina uning iqtisodiy qiymatini roʻyobga chiqaradi. Natijada, u boshqa resurs — mevaga ega boʻladi. Yaʼni, resurslardan foydalanib, boshqa resursga erishish uchun mehnat qilish kerak.

Mehnat — iqtisod fanining asosiy tushunchalaridan yana biri. Mehnat — isteʼmolning oʻziga xos bir turi. Biz qaysidir resurslarni isteʼmol qilganda, ular yordamida qoʻshimcha qiymat yaratamiz. Dehqon yer, suv, urugʻlik, texnika va inson resurslarini ishlatib, yangi hosil yetishtiradi. Ofisda oʻtirib ishlaydigan xodim elektr, qogʻoz, kompyuter va oʻz aqliy qobiliyatlarini ishlatib, hisobot yozadi. Bunda ish uchun kerak resurslar isteʼmol qilinadi — va natijada yangi — oʻz qiymatiga ega resurs yaratiladi.

Oʻz ehtiyojlarimizni qondirish uchun mehnat qilish — yaʼni qoʻshimcha qiymat yaratish bilan biz yalpi iqtisodga oʻz hissamizni qoʻshamiz.

Isrofgarchilik

Biroq, resurslar har doim ham oʻz joyida ishlatilmaydi, yaʼni, kerakli maqsadlarga yoʻnaltirilmaydi.

Baʼzan resurslar umuman ishlatilmaydi va turgan joyida iqtisodiy qiymatini (foyda keltirish qobiliyatini) yoʻqotadi. Turib sifatini yoʻqotgan tovarlar bunga yaxshi misol. Ammo bunday isrofgarchilikka eng yaxshi misol — bu vaqt. Vaqt shunday oʻziga xos resurski, uni saqlab boʻlmaydi. Keyinchalik ishlatish uchun vaqtni akkumulyatorga solib qoʻya olmaysiz. Siz undan qanday foydalanishingizdan qatʼiy nazar vaqt sarf boʻlaveradi.

Boshqa hollarda resurs notoʻgʻri isteʼmol qilish oqibatida isrof boʻladi. Yaʼni, resursdan u xizmat qilishi kerak boʻlgan maqsad uchun emas, boshqa maqsadlarda foydalanilsa — u oʻz iqtisodiy qiymatini yuzaga chiqarmay sarf boʻlib ketadi.

Bu kabi holatlarni iqtisodchilar “samarasizlik” deb ataydilar. Oʻz iqtisodiy qiymatini namoyon qilmagan resurs samarasiz ishlatilgan hisoblanadi. Iqtisodchilar samarasizlikni juda-juda yomon koʻradilar — chunki shundoq ham cheklangan resurslarni isrof qilish gʻirt masʼuliyatsizlik.

Farovonlik

Endi yuqoridagi tushunchalarni umumlashtirsak.

Odam farovon yashash uchun mehnat qiladi. Mehnat qilish va yashash uchun odamzodga resurslar kerak. Resurslar oʻz maqsadlari yoʻlida sarflansagina iqtisodiy qiymatlarini yuzaga chiqarib, odamlarga naf keltiradi.

Bularning baridan iqtisod fani hal qilishga urinadigan baʼzi muammolar aniqlashadi:

  • Har bir resursning eng koʻp foyda keltiradigan maqsadini aniqlash (Suvni ekinlarni sugʻorish uchun ishlatgan maʼqulmi, jazirama shahar koʻchalarini favvoralar bilan salqinlatish uchunmi? Davlat byudjetidan taʼlimga koʻproq mablagʻ ajratish kerakmi, sogʻliqni saqlashgami?)
  • Har bir resurs oʻz maqsadi yoʻlida samarali sarflanishini taʼminlash (Samarasizlikni qanday minimum darajaga tushirish mumkin? Oʻz kasbini topolmay yurgan inson resurslarining hayoti bekor oʻtmasligi uchun nima qilish kerak?)
  • Jamiyatning har bir aʼzosiga farovon (hashamatga koʻmilib emas — shunchaki farovon) yashash uchun zarur resurslarni yetkazish (Har kimga oʻz salohiyatini namoyon qilish uchun qanday sharoit yaratish kerak? Jamiyatda daromadlar qanday taqsimlanishi kerak? Ishsizlikni qanday yoʻqotish mumkin? Inflyatsiyani qanday boshqarish mumkin?)
  • Va hokazo…

Xulosa

Mana endi iqtisodchilar qanday masalalar ustida bosh qotirishi, qanday muammolarni hal qilishda mehnat qilishini ozmi-koʻpmi bilib oldingiz. Endi iqtisod sohasiga boʻlgan qiziqishingizni qayta koʻrib chiqishingiz va uni sergak baholashingiz mumkin.

Shaxsan men iqtisodchi sifatida oʻzim yashayotgan jamiyatda hamma farovon (yaʼniki baxtli) yashash uchun teng imkoniyatlarga ega boʻlishi kerak deb hisoblayman. Menga inson resursi sifatida iqtisodiy qiymat beradigan maqsad mana shu.

6 thoughts on “Iqtisodchi boʻlsammikan?”

  1. Bu postni o’qigan har bir odam iqtisodchi bo’lishni xohlab qolsa kerak. Katta rahmat. Oltinchi kitobingizdindan bu masalalarni yanada yaxshiroq o’zlashtirib olamiz, menimcha.

  2. Шерзод Ҳайдарбеков

    Жуда самимий фикрлар билдирилган. Айниқса иқтисодий ресурслар ҳақидаги фикрлар бизни янада чуқурроқ ўйлашга мажбурлаши керак. Дарҳақиқат, ер юзида барча нарса чекланган ва фақат оқилона фойдаланилсагина аҳолининг маълум бир қисмига етиши мумкин. Ўйлайманки, бугун одамзод кўпроқ эътиборини табиат ва уни асрашга қаратиши керак!

  3. Шерзод Ҳайдарбеков

    Ijodimdan

    Insonga ne kerak?
    Bir kosa ovqat;
    bir qarich o’rin-joy, bir piyola choy
    Agarki shunga ham qilmasa toqat
    borinki bir kitob
    bitta shamchiroq!

    ***

    Инсонга не керак?
    Бир коса овқат;
    Бир қарич ўрин-жой, бир пиёла чой
    Агарки, шунга ҳам қилмаса тоқат
    боринки, бир китоб
    битта шамчироқ!

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan