Skip to content

Korona va kapitalizm: jismoniy va ruhiy xastalik

Bugungacha yer yuzida yarim milliondan ortiq oʻlimlarga sabab boʻlgan bu pandemiya barchamizga jiddiy savollar berish uchun yetarlicha asos. Mana shunday jiddiy zarbalar, global tushkunlik va tanglik davrida insoniyat ongining oʻsishi jadallashishini tarix koʻp marta isbotlagan. Biz ham koʻpchiligimiz haligacha jiddiy qaramayotgan karantin voqeligidan bir oz chalgʻib, vaziyatga iqtisodiy-evolyutsion nuqtadan nazar tashlab koʻraylik.

Halokatli viruslar tabiatning ajralmas qismi. Ular oʻzini tirik organizm kabi tutadigan eng kichik jismlardir. Ular sayyoramizda hayot bardavom boʻlishi uchun zarur boʻlgan tabiiy muvozanatni tutib turishda katta rol oʻynaydi. Barcha tirik organizmlar qatori viruslar ham oʻz naslini davom ettirish uchun yashash muhitiga moslashadi, mutatsiya orqali oʻz genetik kodini mukammallashtiradi — yaʼni, viruslar ham doimiy evolyutsiyada.

Tabiatdagi mutanosiblik va muvozanat hayot millionlab turlarda avj olishiga imkon beradi. Ammo vaqti-vaqti bilan bu muvozanat tashqi yoki ichki kuchlar taʼsirida buzilib turadi. Bunday vaziyatlarda bir-birini “bosib” turgan tabiiy kuchlar junbishga keladi va sayyorada turli kataklizmlar yuz beradi. Tabiiy kuchlar tarozisi pallalarini tebratib yuborgan shunday voqealarga meteorit tushishi, tektonik siljishlar yoki kuchli quyosh radiatsiyasi misol boʻlishi mumkin.

Soʻnggi 3 asrda ham ana shunday kutilmagan voqea yuz berdi. Bu safar materik plitalari siljishi yoki osmondan olov yogʻilishi yuz bermadi. Bu safar alohida bir jonzot oʻz tafakkuri bilan sayyora yuzini tamoman oʻzgartira boshladi. Ilmiy-texnologik taraqqiyot natijasida insoniyat uning hayoti uchun zarur resurslarni yigʻishni sanoat miqyosida qilishni oʻrgandi. Koʻmirni endi baquvvat qoʻllar va belkuraklar emas, zalvorli mashinalar qazib oladigan, dalalarni hayvon qoʻshilgan omoch emas, kuchli traktorlar haydaydigan boʻldi.

Tabiat ato etgan neʼmatlarni yigʻish, ularni mahsulotga aylantirish va pullash ommalashdi. Natijada aholining alohida bir qismida (yerga egalik qilgan va ana shu yerdan chiqqan boyliklarni pullashga haqli boʻlgan sinfda) katta miqdorda qoʻshimcha mol-mulk va boylik toʻplana boshladi. Borib-borib bu sinflar iqtisodiy qudrat bilan qanoatlanmay, siyosiy qudratni ham talab qila boshladilar. 19-asr davomida koʻplab mamlakatlarda shunday sinflar tomonidan inqiloblar uyushtirilib, siyosiy hokimiyat yangi zamonning egalari boʻlgan burjuaziya sinfi qoʻliga oʻtdi. Yer yuzida kapitalizm deb nomlangan iqtisodiy-siyosiy tuzum yuzaga keldi.

Kapitalizmning oʻzagida foyda tushunchasi turadi. Foyda — bu kapitalistik muhitda tadbirkorlik faoliyatini yuritishdan keladigan qoʻshimcha boylik. Mening 10 soʻmim bor, shu pulning 3 soʻmiga un sotib olaman. Unni non qilib yopish uchun novvoy yollab, unga 7 soʻm ish haqi toʻlayman. Shu ish haqi evaziga novvoy mening 3 soʻmlik unimni oʻz mehnati bilan 15 soʻmlik nonga aylantirib beradi. Nonni bozorda sotaman va 5 soʻm foyda qilaman. Endi mening 15 soʻmim bor.

Yuqoridagi misolda qoʻshimcha 5 soʻm qayerdan keldi? Bir qarashda bu pul yoʻq yerdan paydo boʻlgandek. Lekin tabiatda “yoʻqdan bor boʻlmas” degan qonun bor. Bu 5 soʻm qoʻshimcha qiymatni novvoy oʻz mehnati bilan yaratdi. Novvoy 3 soʻmlik unni oʻz mehnati bilan 15 soʻmlik nonga aylantirdi — demak, 3 soʻm qiymatga ega xom ashyoni ishchi 12 soʻmlik mehnatini sarflab, 15 soʻmlik mahsulotga aylantirdi. Men esa novvoyga ishi uchun 7 soʻm toʻladim xolos. Aynan ana shu haqi toʻlanmagan 5 soʻm (12-7) mening foydamga aylandi.

Albatta, bu misol haddan tashqari soddalashtirilgan. Hayotda kapitalistlar foyda chiqarish uchun ishchi, isteʼmolchi, davlat va ular bilan oldi-berdi qiladigan boshqa tomonlarga tegishli boʻlgan haqni ming tur usulda oʻzlarida olib qoladilar. Ammo asosiy mantiq oʻsha-oʻshaligicha qoladi: kapitalist qoʻshimcha qiymatga ega boʻlishi uchun, ana shu qoʻshimcha qiymat qayerdandir (kimningdir rizqi va haqidan) olinishi kerak. Kapital oʻz-oʻzini ana shunday koʻpaytirib boradi. Pul pulni chaqiradi deydilar, axir.

Kapitalizmning aynan ana shu — tinimsiz oʻsish, yana ham boyishga intilish jihati biz bugun koʻrib turgan muammolarga olib keldi. Kapitalist odamlarning ehtiyojini qondirish uchun emas — sotib foyda qilish uchun mahsulot ishlab chiqaradi. Shuning uchun ham kapitalistik bozorda reklama (ha, ana shu hammamizni koʻnglimizni bezdirgan reklama) sanoatiga zarurat bor. Kapitalist har yoʻliga odamlarni koʻproq va qayta-qayta xarid qilishga undaydi. Koʻp mulkka ega boʻlmaslik, bir xil kiyimda yurish, eski mashina minish uyat kabi koʻrsatiladi. “Hammadan orqada qolmang, keyin afsuslanasiz — boring, oling, odamlarga oʻxshab yashash kerak” va hokazo… Har yili yer yuzida millionlab tonna don qoramolga berilib, goʻsht qilib sotiladi — va sayyorada 1,5 milliard odam qorni oxirigacha toʻymay yashaydi.

Kapitalizm tanazzulga mahkum ekaniga asos juda-juda oddiy: resurslari cheklangan sayyorada cheksiz boyib borish imkonsiz. Tabiat boyliklaridan insoniyat zaruratidan ortigʻini olish oqibatsiz qolmaydi. Kapitalistlarga bu shundoq ham ayon — chunki ular hamma narsaning haqini toʻlash kerakligini juda yaxshi biladilar. Lekin koʻp narsani bilib turib ham ular oʻz yoʻllarida toʻxtay olmaydilar. Kapitalizmning ichki tuzilishi va uni harakatga keltirib turadigan kuchlar bunga imkon bermaydi. Bu xuddi jarlikka qarab chopib borayotgan hoʻkizlar podasiga oʻxshaydi: hoʻkizlarning birortasi bordi-yu oldinda jarlik borligini anglab qolsa ham, toʻxtay olmaydi. Toʻxtasa — poda tuyuqlari ostida yanchiladi.

Xoʻsh, bugun biz guvoh boʻlayotgan pandemiyaga kapitalizm qanchalik daxldor?

Tinimsiz oʻsish uchun kapitalizm yangi-yangi yer maydonlari va resurslarga muhtoj. Shu sababdan ham yer yuzida yovvoyi joylar shiddat bilan qisqarib bormoqda. Buni anglash uchun soʻnggi oʻn yilda butun sayyorani kislorod bilan taʼminlaydigan Amazoniya oʻrmonlari maydoni qanchaga qisqarganini koʻrish kifoya.

Shahdam qadamlar bilan kapitalistlashayotgan va tinimsiz oʻsish ortidan quvayotgan Xitoyda yovvoyi yerlarni oʻzlashtirish va ekspluatatsiya qilish jarayon juda xunuk tus olgan. Foyda olish xitoylik kapitalistlarni borgan sari yovvoyi tabiatni boʻgʻishga turtkilamoqda. Natijada avval odamlardan yiroqda, deyarli izolyatsiyada yashagan jonzotlarning yashash muhiti qoʻpol tarzdan buzilmoqda. Aholi va yovvoyi tabiat oʻrtasidagi masofa qisqarmoqda. Tanasida odamzodga yot virus va bakteriyalarni olib yuradigan hayvonlar odamlar yoki ularning uy hayvonlari bilan borgan sari tez-tez toʻqnash kelmoqdalar. Bunday vaziyatda odam hayotiga xavfli, lekin uning immunitetiga notanish boʻlgan kasalliklar yuqishi ehtimoli oshmoqda.

Xitoy qishloqlaridagi odamlarni ana shu yovvoyi noyob hayvonlarni ovlab, boyligi koʻpayganidan pulni nimaga sarflashni bilmay yurgan kapitalistlarga sotishga pul topish ilinji undadi. Chunki mehnatiga yarasha haq olmagan xitoy ishchilarining turmush darajasi hammamizga ayon. Kapital foyda orttirishga intilishi (12 soʻmlik mehnatga 7 soʻm toʻlashi) ularni shu koʻyga soldi.

Kapitalistik iqtisod moʻjizalari bois dunyoda iqtisodiy va siyosiy qudratga erishgan Xitoy hukumati aholisi butun Oʻrta Osiyonikidan katta boʻlgan provinsiyasida xavfli yuqumli kasallik tarqalayotganini tan olishni va ovoza qilishni istamadi. Bu iqtisodiy barqarorlikka (tinimsiz boylik orttirishga) xalal berishini oʻylab, kasallik haqida eng boshidan ogohlikka chaqirganlarga bosim oʻtkazildi. Ammo tabiatga siyosat qayda-yu, iqtisod qayda. Vaziyat oʻta ayanchli tus ola boshlagandan keyin, Pekin jiddiy qadamlar tashlashga majbur boʻldi.

Dunyo ham vaziyatdan boxabar boʻldi. Lekin kapitalistik manfaatlarga boʻysunuvchi axborot vositalari vaziyat jiddiyligini yashiribroq aytishga urindilar. Baʼzi hollarda kasallik mavjudligi tan olinmadi ham.

Ammo vaqt oʻtib birin-ketin hammalari tan olishga, chora koʻrishga majbur boʻldilar. Tabiat oddiygina bir virus bilan global iqtisodiy-ekspluatatsion tuzumni tiz choʻktirib qoʻydi. Aviareyslar va mashina qatnovlari toʻxtab, atmosfera tozalandi. Yuk kemalari okean va dengizlarni bulgʻashni kamaytirdi.

Biroq bunda burjuaziya juda kam aziyat chekdi: pandemiyaning butun yukini kapitalistlar ishchilarga yukladilar. Isteʼmol kamaygani sabab, xarajatlar qisqartirildi — ishchilar boʻshatildi, qolganlarining oyliklari kamaytirildi. Har qanday inqiroz paytida boʻlgani kabi, odamzodning eng tuban vakillari sahna yuziga chiqib, bu balodan oʻz manfaatlari yoʻlida foydalanishga tushdilar.

Xayriyatki, uzoqdan umid koʻrindi — baʼzi davlatlar virusga qarshi dori topish uchun ilmiy-texnologik salohiyatini ishga soldi va maʼlum yutuqlarga erishdi. Harakatlarni birlashtirsa, insoniyat bu baloga ham davo topadi. Ammo onglarimizga tushgan virus — kapitalizmdan qutilish, juda qutilish boʻlmasa ham, uni savol ostiga qoʻyishni boshlash uchun bu oʻtayotgan pandemiyaning achchigʻi yetarlimikan?..

1 thought on “Korona va kapitalizm: jismoniy va ruhiy xastalik”

Ismoil Raupovga fikr bildirish Javobni bekor qilish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan