Skip to content

Ratsional tanlov va mayda poraxo‘rlik


Maqolaning toʻliq matni ingliz tilida quyidagi manzilda eʼlon qilingan: http://ieeca.org/journal/index.php/JEECAR/article/view/219/pdf

Odamlar odatda poraxo‘rlikda katta pul ishtirok etadi deb biladilar (bizning madaniyatda ko‘pincha shifokor yoki o‘qituvchiga kichik sovg‘a berish pora deb bilinmaydi). Ammo o‘rta va quyi darajadagi idoralarda oldi-berdi qilinadigan kichik poralar ham bor. “Mayda poraxo‘rlik” deb ataluvchi bunday poraxo‘rlik odatda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lmaydi. Lekin undan iqtisodiy samaraga tegadigan zarar yirik poraxo‘rlik zararichalik jiddiydir.

Ushbu maqola mayda poraxo‘rlikni talab nuqtayi nazaridan tushuntirishga urinadi: ya’ni, biz davlat xodimlari nega mayda pora olishlarini aniqlashga urinamiz. Tadqiqotimizga nazariy asos ishlab chiqish uchun, biz avvalo poraxo‘rlik mavzusiga bag‘ishlangan avvalgi ilmiy ishlarni ko‘rib chiqamiz. So‘ngra, bir nechta farazlar asosida biz “mayda poraga bo‘lgan talab” funksiyasini ishlab chiqamiz. Nihoyat, taklif qilingan modelni amaliyotda qo‘llash yuzasidan takliflar bilan maqolani yakunlaymiz.

Poraxo‘rlik fenomeni nazariyasi

Poraxo‘rlikni iqtisodiy fenomen sifatida o‘rganishdagi eng birinchi muammo – uning umum qabul qilingan aniq ta’rifi yo‘qligidir[1]. Shu bois, biz poraxo‘rlikni ta’riflashga bir nechta yondashuvni ko‘rib chiqamiz va poraxo‘rlik xatti-harakatining amaliy tavsifini sintez qilishga urinamiz. Biz poraxo‘rlikni ta’riflash uchun Gardiner taklif qilgan uch mezon –qonuniy, ijtimoiy manfaat va jamoatchilik fikri mezonlarini tahlil qilishdan boshlaymiz[2].

Qonuniy mezon amaldagi qonunlarda “poraxo‘rlik” deb belgilab qo‘yilgan xatti-harakatlargina shunday jinoyat hisoblanishini ta’kidlaydi. Bu mezon qonunchilikdagi aniqlik tamoyiliga asoslangan – qonun qaysi harakatlar korrupsiya ekani va jazoga olib kelishini aniq belgilab bergan bo‘lsa, odamlar buni bilishi va amal qilishi lozim.

Qonuniy mezon bir nechta kamchiliklarga ega. Avvalo, u pozitivistik yondashuvga[3] asoslangan bo‘lib, u iqtisodiy samaraga to‘sqinlik qiladigan, ammo qonunda jinoyat deb belgilanmagan hamma amallarni e’tibordan chetda qoldiradi. Shuningdek, bunday ta’rif jiddiy ichki ziddiyatga ega: nima qonunga zid ekanini belgilashni qonunchilik vakillariga to‘liq topshirilsa, ular o‘z qarorlarini umumiy axloq normalariga emas, o‘z shaxsiy qarashlari va o‘z doiralari normalariga asoslanib qabul qilishlari mumkin.

Ijtimoiy manfaat mezoniga ko‘ra shaxsning o‘z manfaati yo‘lida butun jamiyat manfaatiga qarshi ish tutishi – korrupsiyadir. Qonuniy mezonga taqqoslaganda, bu mezon “adolatliroq” yoki “asosliroq” kabi ko‘rinadi. Biroq ijtimoiy manfaat mezonining ham bir kamchiligi bor: amalda jamiyat manfaatiga qancha va qanday zarar yetkazilayotganini obyektiv o‘lchash deyarli imkonsiz.

Jamoatchilik fikri mezoni jamiyatda ko‘pchilik qanday ishni poraxo‘rlik deb bilsa, shuni jinoyat deb tan oladi. Natijada, mamlakat qonunlari ma’lum xatti-harakatlarni poraxo‘rlik deb belgilagan bo‘lsa-da, ko‘pchilik ularni oddiy qabul qiladi. Aksincha bo‘lishi ham mumkin: qonunlarda jinoyat deb belgilanmagan ish xalq orasida qattiq qoralanishi mumkin.

Jamoatchilik fikri mezoni bilan bog‘liq muammo shuki, u poraxo‘rlikka turli jamiyatlarda turlicha ta’rif berilishiga olib keladi. Ba’zi mamlakatlarda rahbarlarga sovg‘a berish madaniy odat bo‘lsa, boshqa jamiyatlarda bu axloqsiz deb hisoblanadi. Bundan tashqari, bir pora turiga aholining turli qatlamlari turlicha baho berishi mumkin. Jamiyatning ziyoliroq qismining korrupsiya haqidagi fikri quyiroq ma’lumotga ega qatlamnikidan farqlidir. Natijada, hamma qabul qiladigan yagona ta’rifni topish juda qiyin.

Poraxo‘rlikni ta’riflashning qonuniy va ijtimoiy manfaat mezonlari obyektiv yondashuvlar: ular aniq qonun hujjatlari va hisob-kitobga asoslangan. Jamoatchilik fikri mezoni esa – subyektiv yondashuvdir: u odamlarning subyektiv fikriga tayanadi[4]. Bu uch mezon ichidan biz ijtimoiy manfaat mezonidan foydalanamiz, chunki bu yondashuv iqtisodiy tahlil uchun mos bir jihatga ega – u samaraga asoslangan.

Ushbu maqolaning ko‘lami mayda poraxo‘rlik bilan cheklangani bois, biz endi mayda poraxo‘rlikning ta’rifiga diqqatni qaratamiz. Ndongmo bu tur poraxo‘rlikka quyidagicha ta’rif beradi:

“Mayda korrupsiya (yoki byurokratik korrupsiya) deb kichik lavozimdagi davlat xodimlari qo‘l uradigan poraxo‘rlikka aytiladi.”[5]

Biz avvalgi muhokamalarni inobatga olib, bu ta’rifni kengaytiramiz: mayda poraxo‘rlik quyi lavozim egalarining kichik miqdorda pora olishi holatidir. Odatda, bu xatti-harakatlar doimiy bo‘lib, ular ijtimoiy farovonlikka zarar yetkazadi.

Yuqorida taklif qilingan ta’rifda uch jihatga alohida urg‘u berishimiz lozim. Birinchidan, biz mayda korrupsiya jamiyat manfaatiga zid harakat ekanini belgiladik. Bu u yoki bu xatti-harakatni poraxo‘rlik deb baholashda obyektivlikni saqlab qolish uchun qilindi. Ikkinchidan, biz mayda poraxo‘rlik uzluksiz (odatiy) jarayon deb belgiladik. Bu ta’kid mayda poraxo‘rlik doimiy qaror qabul qilish holati ekanligiga urg‘u beradi: bunda shaxs ma’lum muddat mobaynida qancha pora olishga tayyor ekanini hal qiladi. Va nihoyat, bu tur poraxo‘rlik kichik miqdorda pul bilan bog‘liq va bu jihat bizning tahlil yirik poraxo‘rlikka aloqador emasligini anglatadi (chunki yirik poraxo‘rlikda pul miqdori ham, risk ham katta bo‘ladi).

Avvalgi tadqiqotlar poraxo‘rlik sabablarini aniqlash ham qiyin masala ekanini ta’kidlaydi. Heywood fikriga ko‘ra, korrupsiyaning o‘ta murakkab fenomen ekani uning sabablarini aniq ko‘rsatishga imkon qoldirmaydi[6]. Biz poraxo‘rlik sabablarini tushuntirish uchun de Graaf tomonidan ilgari surilgan olti xil yondashuvni ko‘rib chiqamiz: jamoatchilik tanlovi, “qurtlagan olma”, tashkilot muhiti, qadriyatlar to‘qnashuvi, ijtimoiy bosim va statistik bog‘liqlik[7]. Bu yondashuvlarni biz ikki turga ajratamiz: reflektiv va ekspressiv. Reflektiv yondashuv poraxo‘rlikni shaxsning tashqi ta’sirlarga munosabati (reaksiyasi yoki refleksi) deb izohlaydi. Ekspressiv yondashuv, aksincha, poraxo‘rlik – bu odamning shaxsiy tanlovi degan izohni ilgari suradi.

Reflektiv yondashuvga bir misol – “qurtlagan olma” nazariyasidir. Bu nazariyaga ko‘ra, ba’zi odamlar “noto‘g‘ri” qadriyatlar bilan ma’naviy chala tarbiya ko‘radilar. Fe’l-atvordagi bu nuqsonlar ilojsiz jinoiy xatti-harakatlarga olib keladi. Biroq, bu yondashuv oliy ma’lumotli va yaxshi tarbiya ko‘rgan shaxslar poraxo‘rlikka qo‘l urgan holatlarni tushuntirib bera olmaydi. Shu bois, biz uni poraxo‘rlik sababini izohlovchi ishonchli nazariya deb qabul qila olmaymiz.

Yana bir reflektiv yondashuv – bu tashkilot muhiti nazariyasidir. Unga ko‘ra, shaxs o‘zi ishlayotgan jamoa muhiti ta’siri oqibatida poraxo‘rlikka qo‘l uradi. Ammo bu nazariya ham bir kamchilikka ega: nega ba’zi odamlar yomon ish muhitida ham halollikni saqlab qolishini tushuntirib bera olmaydi.

Uchinchi guruh nazariyalar qadriyatlar to‘qnashuvi deb nomlanib, unga ko‘ra, shaxsning o‘z yaqinlari (oila a’zolari va/yoki do‘stlari) oldidagi burchi jamiyat oldidagi burchidan ustun kelsa, u poraxo‘rlikka qo‘l urishi mumkin. Biz, albatta, oilaviy munosabatlar (ayniqsa, ba’zi jamiyatlarda) shaxs qarorlariga kuchli ta’sir qilishini tan olamiz. Lekin biz shaxsning o‘z yaqinlari oldidagi ma’naviy burchi uni har qanday vaziyatda poraxo‘rlikka undaydi degan xulosadan tiyilamiz. Poraxo‘r o‘z jinoyatini oilasi va yaqinlari oldidagi burch bilan oqlashi mumkin – lekin bu qadriyatlar to‘qnashuvi chindan ham poraxo‘rlikka sabab bo‘ldi degani emas.

Ijtimoiy bosim nazariyasi qadriyatlar to‘qnashuvi nazariyasiga juda o‘xshash. U ham reflektiv yondashuv turiga kiradi. Uning mantig‘i shuki, rasmiy lavozim egalariga shu lavozimni egallashga yordam berganlar natija talab qilib bosim o‘tkazadilar – amaldor undan kutilgan natijalarni ta’minlash uchun poraxo‘rlikka qo‘l urishi mumkin. Heywood, Yevropaning turli mamlakatlarini taqqoslar ekan, qayerda biznes vakillari siyosatchilar bilan yaqin aloqada bo‘lsa, shu jamiyatda korrupsiya ko‘proq ekaniga e’tibor beradi[8]. Bunday holatda odam shaxsiy manfaat va ijtimoiy mas’uliyat o‘rtasida ziddiyatga duch kelsa, poraxo‘rlikka qo‘l urishi ehtimoli oshadi. Ammo bu xulosa manfaatlar to‘qnashuvi poraxo‘rlikka turtkilaydigan omillardan biri ekanini yana bir bor tasdiqlaydi, xolos.

Va nihoyat, statistik bog‘liqlik nazariyalari ham reflektiv yondashuv turiga mansub. Bu nazariyalar jamiyatdagi poraxo‘rlik darajasini izohlovchi makroiqtisodiy omillarni topishga urinadi. Ammo De Graaf ko‘p holatlarda poraxo‘rlik va uni izohlash uchun ishlatilgan ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi sabab-natija aloqasi yetarlicha aniq emasligi haqida asosli shubhaga boradi[9]. Biz ham bunga qo‘shimcha qilib, alohida shaxslar xatti-harakatini makroiqtisodiy omillar bilan izohlashga urinish xato xulosalarga olib kelishi mumkinligini eslatib o‘tamiz.

Fikrimizcha, yuqorida ta’riflangan reflektiv yondashuvlar poraxo‘rlik muammosini birgina omil bilan tushuntirishga urinish natijasidir. Bu yondashuvlar poraxo‘rga ta’sir qiluvchi omillarni jinoyatning yagona sababi deb biladilar. Ijtimoiy (tashqi) omillar poraxo‘rlikka qo‘l urishda muhim o‘rin tutishi shubhasiz – biroq ularning hech biri shunday qarorga olib keladigan universal sabab emas. Shaxs yomon tarbiya ko‘rgan bo‘lsa, yoki poraxo‘rlik odatiy hol bo‘lgan muhitda qolsa, yoki manfaatlar to‘qnashuviga duch kelsa, yoki jamoatchilik bosimi ostida qolsa ham – u bari bir halol bo‘lishni tanlashi mumkin. Yuqoridagi yondashuvlarni reflektiv va ekspressiv turlarga ajratib ko‘rsatishimizdan yagona maqsad mana shu fundamental mantiqni yetkazish edi.

Poraxo‘rlik nazariyalari orasida faqat jamoatchilik tanlovi nazariyasigina ekspressiv yondashuv turiga mansub. Ushbu yondashuv ratsional tanlov nazariyasiga asoslangan bo‘lib, poraxo‘rlikka qo‘l urgan shaxsni “manbalari cheklangan dunyoda o‘z manfaatini ta’minlashga urinayotgan ratsional mavjudot” kabi ta’riflaydi[10]. Klitgaard yana-da kengroq tavsifni taklif qilib, shaxs poraxo‘rlikdan keladigan sof nafni halol qolishdan oladigan sof nafiga taqqoslashini aytadi[11]. Poraning nafi halolliknikidan katta bo‘lsa – shaxs porani tanlaydi. Biz shaxs o‘z tanlovi bilan poraxo‘rlikka qo‘l urishi va tashqi omillar bu jinoyatga shaxsning subyektiv bahosi orqaligina ta’sir qilishi haqidagi xulosaga kelamiz. Endi turli nazariyalar tomonidan ilgari surilgan ana shu tashqi omillar (yoki determinantlar) odam xatti-harakatiga qanday ta’sir qilishini ko‘rib chiqsak.

Biz turtkilovchi va qaytaruvchi omillarni farqlashdan boshlaymiz. Shaxsni pora olish qaroriga undovchi omillarni turtkilovchi omillar, shaxsni poraxo‘rlikka qo‘l urmaslikka undovchi omillarni qaytaruvchi omillar deb ataymiz.

Treisman “poraxo‘rlikning eng aniq badali bu qo‘lga tushish va jazo olish riskidir” degan asosli fikrni bildiradi[12]. Karson bunga yana-da kengroq yondashib, jinoyat sodir etish haqidagi qarorga ta’sir qiluvchi uch mezonni belgilaydi: (1) jinoyat uchun jazoning og‘irligi, (2) shaxs o‘zi qilayotgan ish jinoyat ekanidan boxabarligi va (3) jinoyat uchun jazo tayinlanishi ehtimolligi[13]. Ratsional shaxs pora olsa, nimalar yutib, nimalar yutqazishini mana shu uch mezonga asoslanib chamalashga urinadi.

Og‘ir jazo ko‘p holatda poraxo‘rlikdan qaytaruvchi kuchli omil deb tushuniladi: hukumat pora olgan amaldorlarga og‘irroq jazo bersa, bunday jinoyatni sodir etish kamayadi. Bir qarashda bu mantiq juda asoslidek ko‘ringani bilan, amalda uni tasdiqlovchi dalillar kam. Ju Xitoy misolida shuni ko‘rsatadiki, bu davlat poraxo‘rlik uchun umrbod qamoq va o‘lim jazosi tayinlagan bo‘lsa ham, jazoning og‘irligi va korrupsiya ko‘lami o‘rtasida statistik isbotlangan bog‘liqlik yo‘q [14]. Demak, bunda boshqa turtkilovchi omillar bor.

Shunday omillardan biri ma’lum xatti-harakat poraxo‘rlik ekanidan bexabarlik bo‘lishi mumkin: shaxs o‘z ishi qonunga zid ekanini, shunchaki, bilmasligi mumkin. Karson jamiyatda mayda poralarga oddiy qaralsa va qonunlar bunga aniq tavsif bermagan bo‘lsa, shaxs o‘z xatti-harakatlari oqibatlarini to‘la tushunmasligi mumkinligini aytadi[15].

Ratsional shaxs qo‘lga tushish (ya’ni uning jinoyati fosh bo‘lishi) ehtimolligini ham hisobga oladi. Jazo juda og‘ir va shaxs bundan boxabar bo‘lsa ham, uning bu jinoyati fosh bo‘lishi ehtimoli juda kam bo‘lsa-chi? Bunda u jazodan qo‘rqmasligi mumkin (chunki qo‘lga tushishiga ishonmaydi). Buni yaxshi anglagan Beker jinoyat aniqlanishi muqarrarligi jazoning og‘irligidan ancha muhimroq ekanini ta’kidlaydi[16].

Pora olish riskini chamalash to‘liq bo‘lishi uchun yana bir mezon –javobgarlikka tortilish ehtimolligini ham hisobga olish zarur. Shaxsning poraxo‘rlik jinoyati hukumat tomonidan aniqlansa ham, ba’zi sabablarga ko‘ra u jazodan omon qolishi mumkin. Javobgarlikka tortilish ehtimolligi 100 foizga yaqinlashgan sari, jinoyatning chamalangan xarajati ortib boradi. Beker bu fikrni tasdiqlaydi:

“Turli nazariyalarning deyarli barchasi bir fikrni takrorlaydi: boshqa ko‘rsatkichlarni o‘zgartirmagan holda, shaxsning aybdor deb topilishi yoki jazo olishi ehtimolligi oshsa, u qo‘l uradigan jinoyatlar soni kamayadi.”[17]

Javobgarlikka tortilish ehtimolligi 100 foizdan kam bo‘lishiga sabab turlicha bo‘lishi mumkin: pora oluvchining rahbari bu jinoyatdan boxabar bo‘lishi yoki hatto unda ishtirok etishi; yoki poraxo‘rlik jinoyatlarini tergov qiladigan amaldorlarning o‘zi poraxo‘r bo‘lishi; yoki, Karson ta’kidlaganidek, qonuniy, siyosiy yoki boshqa sabablarga ko‘ra, yuqori lavozimdagi rasmiylar bu kabi jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilishi yoki jazo olishi ehtimoli kamroq bo‘lishi mumkin[18] .

Shu yerda tashkilot muhiti nazariyasini eslash o‘rinli. Poraxo‘rlik tashkilotda keng tarqalgan odat bo‘lsa, pora olmoqchi bo‘lgan shaxs ko‘plab hamkasblari shunday jinoyat bilan qo‘lga tushib ham jazodan omon qolganini biladi va o‘zini xavfsiz his qiladi. Ashfort va Anand xodimlari pora bilan qo‘lga tushsa ham, jazodan oson qutulishiga ishonadigan politsiya idorasini shunday muhitga misol qilib keltiradi[19].

Poraxo‘rlik jinoyati bilan bog‘liq risk muhokama etilar ekan, poraning kutilgan va zaruriy xarajatlarini farqlash lozim. Poraning kutilgan xarajati – shaxs jinoyat bilan qo‘lga tushsa va jazo olsa, uning o‘z manfaatiga yetadigan zarar haqidagi subyektiv tasavvuridir. Zaruriy xarajat – shaxs porani olish va bu jinoyatni yashirish (qo‘lga tushib, kutilgan xarajatlarga duch kelmaslik choralarini ko‘rish) uchun amalda sarflagan vaqti va kuchi.

Poraxo‘rlik mavzusidagi avvalgi tadqiqotlarni ko‘rib chiqqach, biz bu fenomen ratsional tanlov nazariyasi doirasida yana-da chuqurroq tahlil qilinishi mumkin degan xulosaga kelamiz. Bunday tahlil poraxo‘rlikni ilmiy o‘rganish amaliyotiga o‘z hissasini qo‘shadi deb o‘ylaymiz. Quyida taqdim etilgan model poraxo‘rlikka qarshi kurash tadbirlari samaradorligini baholash vositasi bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Poraxo‘rlikka qo‘l urishdagi ratsional tanlov nazariyasi

Ratsional tanlov nazariyasining qisqacha ta’rifi bilan boshlasak. Ratsional tanlov nazariyasiga ko‘ra, shaxs o‘z imkoni doirasida unga berilgan variantlar orasidan eng katta naf keltiradigan va uning shaxsiy manfaatga eng kam zarar yetkazadigan variantni tanlashini aytadi. Poraxo‘rlik holatiga ham biz shu mantiqni qo‘llaymiz. Biz shaxs daromadini naf keltiruvchi “mahsulot” sifatida olamiz. Shaxs ma’lum miqdorda daromadga ega bo‘lsa, uning bu daromaddan oladigan nafi (farovonligi) ma’lum darajada bo‘ladi. Uning daromadi oshsa – uning topgan nafi (farovonligi) ham shunga monand oshadi.

Biz daromadni ikki turga ajratamiz: poradan kelgan (harom) daromad (mahsulot x) va halol daromad (mahsulot y). Nazariy jihatdan shaxs shu ikki xil daromadni istalgan kombinatsiyada olishi mumkin bo‘lsa ham, amalda uning tanlovi cheklangan bo‘ladi. U harom daromadning har bir so‘miga ega bo‘lish uchun ma’lum vaqt sarflashi kerak (mahsulot x narxi). Xuddi shunday, har bir halol so‘mni topish uchun ham ma’lum vaqt sarflanishi lozim (mahsulot y narxi). Biroq shaxsning daromad topishga sarflay oladigan vaqti cheklangan (u kuniga 24 soatlab pul topish bilan mashg‘ul bo‘la olmaydi). Natijada, o‘zi topmoqchi bo‘lgan harom va halol daromad miqdoriga qarab, u o‘z tasarrufidagi vaqtni pora olish va halol ishlash o‘rtasida taqsimlashi kerak. Bunda ikkala mahsulot ham pul (so‘m) bo‘lgani bois, ular bir-biriga to‘liq o‘rinbosardir. Bundan xulosa shuki, shaxs maksimum jami daromaddan eng ko‘p naf ko‘radi.

Avvalgi fikrlarga asoslangan holda, biz o‘z modelimizni yaratishda quyidagi farazlarni ilgari surishimiz mumkin:

1-faraz:Poraxo‘rlik – bu ratsional tanlov fenomenidir. Bu faraz korrupsiyaning biz foydalanish uchun qabul qilgan ta’rifiga asoslanadi. U ushbu maqoladagi tahlil iqtisodiy omillar doirasidan chiqmasligini ta’minlaydi.

2-faraz: Har qanday poraxo‘rlik bevosita moliyaviy manfaatga egadir. Biz shaxs faqat bevosita moliyaviy manfaat topsagina, pora olishini faraz qilamiz.

3-faraz: Shaxs uchun halol va harom daromaddan kelgan naf darajalari bir-birga chiziqli proporsionaldir. Bu yerda biz harom 1 so‘m keltirgan naf halol 1 so‘m nafiga teng yoki undan karrali kichik deb faraz qilamiz. Munosabat “chiziqli” ekani pora miqdori oshsa ham, shaxsdagi vijdon azobi oshmasligini anglatadi. Masalan: shaxs harom 1 so‘mdan olgan nafi (vijdon azobi tufayli) halol 1 so‘mnikidan ikki barobar kam bo‘lsa, demak harom 2 so‘m keltirgan naf halol 1 so‘mdan kelgan nafga teng bo‘ladi. Biz bu yerda kichik miqdordagi poraga aloqador mayda korrupsiyani tahlil qilganimiz bois, bu faraz bizning holatda o‘rinlidir.

4-faraz:Ratsional shaxs riskka nisbatan befarqdir. Bu bilan biz shaxs uchun poraning zaruriy xarajati kutilgan xarajatga teng deb faraz qilamiz. Ya’ni, shaxs qo‘lga tushib jazo olsa, n miqdorda vaqt yo‘qotishiga ishonsa, u pora olish va bu jinoyatni yashirishga ham n miqdorda vaqt sarflaydi. Riskka qarshi shaxs bunda jazodan qutulish uchun zaruratdan ko‘proq, risk tarafdori esa – keragidan kamroq vaqt sarflaydi.

Yuqoridagi farazlar bizni tahlilda sof iqtisodiy omillarnigina hisobga olishga undab, poraxo‘rlikning ijtimoiy-madaniy va psixologik omillarini e’tiborsiz qoldiradi. Bu holat taklif qilingan model amalda qanchalik ishonchli ekani haqida o‘rinli savollarni tug‘diradi, chunki bu cheklovlar sabab, biz noiqtisodiy omillar kuchliroq bo‘lgan vaziyatlarni model yordamida tushuntira olmasligimiz mumkin.

Taklif qilingan model

Poraga bo‘lgan talab modelini taqdim qilish uchun biz mayda poraxo‘rlikka bergan ta’rifimiz, poraxo‘r xatti-harakatiga ta’sir etuvchi omillar va modelimiz uchun taklif qilgan farazlarni bir matematik tenglamaga jamlaymiz. Tenglama shartlari quyidagicha:

  • shaxs ikki xil daromad olishi mumkin: harom va halol;
  • shaxs faqat harom, faqat halol, yoki qisman harom va qisman halol daromad topishni tanlashi mumkin; va
  • shaxsning tanlovi u daromad topishga sarflashi mumkin bo‘lgan vaqt bilan cheklangan.

Shaxs tanlovini uning imkoniyatlari doirasida optimallashtirish usuli bilan, biz mayda poraga bo‘lgan talab modeliga ega bo‘lamiz. Bu model bizga ratsional shaxsning pora olishda quyidagi tamoyillarga asoslanishini ko‘rsatadi:

  • shaxsning rasmiy ish haqi qancha ko‘p bo‘lsa, uning mayda pora olishi ehtimoli shuncha kam;
  • mayda pora olish jinoyati uchun jazo qancha og‘ir bo‘lsa, shaxsning bu jinoyatga qo‘l urishi ehtimoli shuncha kam;
  • mayda poraxo‘rlik – jazoga olib boruvchi jinoyat ekanini jamoatchilik qanchalik yaxshi bilsa, alohida shaxslar mayda pora olishi ehtimoli shuncha kam;
  • ish joylarida mayda poraxo‘rlik jinoyatini fosh qilish qanchalik oson bo‘lsa, xodimlarning bu jinoyatga qo‘l urishi ehtimoli shuncha kam; va nihoyat
  • mayda poraxo‘rlik jinoyati bilan qo‘lga tushganlar jazo olishi qanchalik muqarrar bo‘lsa, shaxsning bu jinoyatga qo‘l urishi ehtimoli shuncha kam.

Ushbu tamoyillarga asoslanib, modelni amaliyotda qo‘llash haqida takliflarni ilgari surish mumkin.

Modelni amaliyotda qo‘llash

Poraxo‘rlikka qarshi har qanday tadbir natijada uni to‘liq bartaraf etishni ko‘zlaydi. Bizning model misolida aytadigan bo‘lsak, maqsad – shaxsning mayda pora olish ehtimolini imkon qadar kamaytirish. Modelimiz tamoyillaridan kelib chiqadiki, poraxo‘rlikka qarshi kurashish uchun mayda poraxo‘rlik uchun jazoni og‘irlashtirish va/yoki xodimlar maoshini oshirish kerak. Bu  choralarni davlat to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazorat bilan amalga oshirishi mumkin (ya’ni, bular bevosita choralar). Poraxo‘rlikni kamaytirish uchun, shuningdek, mayda poraxo‘rlik jazoga olib boruvchi jinoyat ekanini jamoatchilikka yetkazish, poraxo‘rlik jinoyatlarini fosh etishga kengroq imkon yaratish, poraxo‘rlik jinoyatlari uchun jazo muqarrarligini ta’minlash kabi choralarni ko‘rish mumkin. Bunday choralarni hukumat jamiyatda tegishli islohotlar qilish bilangina amalga oshira oladi (ya’ni, bular bilvosita choralar).

Bevosita choralar

Davlat turli toifadagi xodimlar uchun turlicha jazo tayinlashi mumkin. Masalan, avvalgi tadqiqotlar ko‘p marta ta’kidlaganidek, huquqni himoya qilish organi xodimlari jazodan yaxshiroq xabardorlar bo‘la turib, ularning javobgarlikka tortilish ehtimolligi kam. Muvozanatni tiklash uchun, hukumat bu toifa xodimlar uchun og‘irroq jazo belgilashi mumkin. Shunday mantiqqa asosan Interpol “politsiya kuchlari/xodimlari orasida pora olishni riski katta jinoyatga aylantirishni” politsiya xodimlari orasida poraxo‘rlikka qarshi kurashish strategiyasi sifatida belgilagan[20].

Van Rijckeghem va Weder davlat ishchilarining maoshini oshirish poraxo‘rlikni kamaytirishini tasdiqlovchi statistik ma’lumotlarni taqdim etganlar. Dunyoning 31 mamlakatidan yig‘ilgan ma’lumotlarni o‘rganish asosida, ular davlat sektoridagi maoshlarni nisbatan ko‘tarish uzoq muddatda mayda poraxo‘rlikni kamaytirishi haqidagi xulosaga kelishgan[21].

Bevosita choralar juda qulay ko‘ringani bilan, ularning samarasi ancha past va ta’siri uzoq muddatda yuzaga chiqadi. Shu bois, poraxo‘rlikni yengishni ko‘zlagan hukumat ko‘proq bilvosita choralarga murojaat qilishi kerak.

Bilvosita choralar

Poraxo‘rlik noqonuniy xatti-harakat ekani va u uchun beriladigan jazodan boxabarlik darajasi davlat ishchisiga berilgan huquqiy (fuqarolik) ta’lim sifatiga bevosita bog‘liq. Shu bois, xabardorlikni oshirishning yagona yo‘li – hukumat organlari xodimlariga sifatli tushuncha berishdir.

Davlat idoralaridagi jarayonlar sodda bo‘lishi normadan og‘ish holatlarini aniqlashni osonlashtiradi. Bu yondashuv jamoatchilik nazorati ko‘lamiga tayanadi: ya’ni, zarur sharoit yaratilsa, jamiyatning o‘zi davlat ishchilarining halolligini nazoratda saqlay biladi.

Kuzatuv va tekshiruvlar ham jinoyat fosh bo‘lishi ehtimolligini oshirish orqali poraxo‘rlikdan qaytaruvchi omil bo‘lib xizmat qiladi. Biroq Spengler jinoyatni fosh qilish ehtimolligini oshirish ko‘proq taftishchilar yollashni talab etishini va bu hukumatga qimmatga tushishi mumkinligini aytib o‘tadi[22]. Bu, shuningdek, kuzatuvchilar/tekshiruvchilarning o‘zlari qanchalik halol turishi masalasini ko‘taradi: hamma qatori taftishchilar ham pora olishi mumkin.

Javobgarlikka tortilish ehtimolligi – hukumat ta’sir qilishi eng qiyin bo‘lgan ko‘rsatkichdir. Uni oshirish qonun ustuvorligini ta’minlovchi yirik ijtimoiy islohotlar talab etadi. Bu masalada sud hokimiyatining mustaqil bo‘lishi katta ahamiyatga ega. Adliya tizimi, siyosiy kuchlardan qo‘rqmagan holda, har qanday poraxo‘rlik jinoyatini tergov qila va jazolay olishi lozim.

Xulosa

Ushbu tadqiqotda biz poraxo‘rlikka qo‘l urgan shaxs xatti-harakatini ratsional tanlov nazariyasi doirasida tushunishga va modellashtirishga urindik. Biz poraxo‘rlik borgan sari murakkab fenomenga aylanib borayotganini ko‘rib chiqdik va tahlilda foydalanish uchun uning ta’rifini taklif qildik.

Mavzuga oid adabiyotni o‘rganish poraxo‘rlikka qo‘l urish shaxsning o‘z qarori ekani, bu qarorga turli turtkilovchi va qaytaruvchi omillar ta’sir qilishi haqidagi xulosaga olib keldi. Turtkilovchi va qaytaruvchi omillar o‘rtasidagi farqni aniqlash bizga poraxo‘rlikning modelini yaratishga asos bo‘ladigan bir nechta farazlarni ilgari surishga imkon berdi.

Taqdim qilingan modelga tayanib, biz poraxo‘rlikka qarshi samaraliroq kurashish tadbirlari yuzasidan bir nechta takliflar berdik. Xususan, biz faqatgina davlat xodimlari maoshlarini oshirish yoki bu jinoyat uchun og‘ir jazolar tayinlash bilan poraxo‘rlikni bartaraf etib bo‘lmasligini ta’kidladik. Model yordamida biz shaxsning jazodan xabardorlik darajasi, qo‘lga tushish va jazoga tortilish ehtimoli haqidagi taxminlari ham e’tiborga olinishi kerakligini ko‘rsatib o‘tdik.

Modelni yana-da mukammallashtirish uchun keyinchalik unga poraxo‘rlikka qarshi kurashish uchun siyosiy intilish va pora olishning madaniy jihatlari kabi ijtimoiy muhit omillarini kiritish mumkin. Bundan tashqari, taqdim etilgan model turli mamlakatlardan yig‘ilgan statistik ma’lumotlar asosida sinovdan o‘tkazilishi lozim: amaliy sinov modeldagi kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etish bilan, unga asosan taklif qilingan chora-tadbirlar ishonchliligini oshiradi.

Eng sodda ko‘rinishda maqola “Odamlar nega pora oladilar?” degan savolga javob berishga urindi. Poraxo‘rlikni fenomen sifatida to‘liq tushunish uchun keyingi mantiqiy qadam “Odamlar nega pora beradilar?” degan savolga javob izlashdir. Bu bizga masalani “taklif” tomondan yaxshiroq anglashga imkon beradi. Natijada, biz talab va taklifni birga o‘rganib, ularning o‘zaro ta’sirini kuzatishimiz mumkin bo‘ladi. Bu poraxo‘rlikni iqtisodiy fenomen sifatida kengroq o‘rganishdagi to‘g‘ri yo‘nalishdir.

Axir, bir nimani yaxshiroq bilishning oxiri yo‘q.


[1]. http://www.jstor.org/stable/1957086

[2]. https://trove.nla.gov.au/work/33863579

[3]. Ya’ni, qonunda man qilinmagan hamma xatti-harakat – qonuniydir

[4]. http://etheses.whiterose.ac.uk/10779/

[5]. http://etheses.whiterose.ac.uk/10779/

[6]. https://doi.org/10.1111/1467-9248.00089

[7]. http://www.jstor.org/stable/41288282

[8]. https://doi.org/10.1111/1467-9248.00089

[9]. http://www.jstor.org/stable/41288282

[10]. https://www.elsevier.com/books/corruption/rose-ackerman/978-0-12-596350-3

[11]. https://www.ucpress.edu/book/9780520074088/controlling-corruption

[12]. https://www.sciencedirect.com/science/article/abs/pii/S0047272799000924

[13]. https://ssrn.com/abstract=2520280

[14]. http://www.jstor.org/stable/23462215

[15]. https://ssrn.com/abstract=2520280

[16]. https://www.journals.uchicago.edu/doi/10.1086/259394

[17]. https://www.journals.uchicago.edu/doi/10.1086/259394

[18]. https://ssrn.com/abstract=2520280

[19]. https://www.sciencedirect.com/science/article/pii/S0191308503250012

[20]. https://www.interpol.int/Media/Files/Crime-areas/Corruption/Global-standards-to-combat-corruption-in-police-forces

[21]. https://www.sciencedirect.com/science/article/pii/S0304387801001390

[22]. http://etheses.whiterose.ac.uk/7828/1/DES%20Thesis%202nd%20submission.pdf

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan