Pora olish-berishni rasman dunyoviy va diniy qonunlar ham qoralaydi. Lekin, nimagadir, odamlar bu illatga ega boʻlishdan unchalik choʻchimaydilar ham, bundan xalos boʻlishga intilmaydilar ham. Xoʻsh, nega biz bu ish “jinoyat” yoki “gunoh” ekanidan qoʻrqmaymiz?
Chunki korrupsiya – bu iqtisodiy fenomen. Odamlar “yomon” yoki “tuban” boʻlganliklari uchun poraxoʻr boʻlmaydilar – odamlarga shu yoʻl bilan daromad topishga imkon berilgani uchun shunday qiladilar.
Koʻpincha akademik adabiyot poraxoʻrlikni alohida odamlar tarbiyasi yoki tabiatidagi nuqsonlar oqibati deb baholashday sodda tahlil bilan cheklanib qoladi. Mana shunday yondashuv sabab ham bugun xalqimizni poraxoʻrlik kasalidan davolash uchun efirga uzatiladigan koʻrsatuvlarda tarbiyaviy alomatlarni koʻramiz. Ularga koʻra, maʼnaviy tuban odamlargina pora oladilar. Bunday koʻrsatuvlarning muammoga bergan yechimi shuki, biz maʼnaviyatimizni yuksaltirishimiz kerak, shunda poraxoʻrlik kabi pastkash illatlar oʻz-oʻzidan yoʻq boʻlib ketadi.
Hayot va odamlar, afsuski, bunchalik oddiy emas. Agar poraxoʻrlikni “maʼnaviyat darslari” bilan tuzatib boʻlganda edi, masjidlarda har hafta bunday illatlarni qoralab vaʼz oʻqigan imomlar jamiyatni halollikka olib chiqar edi. Agar bu nazariya toʻgʻri boʻlsa, poraxoʻrlik keng tarqalgan bizning jamiyat maʼnaviy jihatdan qoloq jamiyat boʻlib chiqadi. Juda yoqimsiz xulosa, shunday emasmi?
Gap maʼnaviyatda emas. Gap moddiyatda. Bizning jamiyatda poraxoʻrlik bunchalik avj olishiga olib kelgan bir nechta omillar bor: odamlardagi tushuncha torligi, qonun kuchi yoʻqligi va ijtimoiy befarqlik. Bu omillar orasida “daromadning kamligi” degani yoʻqligi sizni ajablantirmasin – avval aytilgan uch omil bartaraf qilinmasa, odamlarning oyligini ming oshirmang, ular pora olishda davom etaveradilar.
Birinchi omil: tor tushuncha
Aynan mana shu omil koʻpincha “maʼnaviyat” boʻyogʻiga botirilib koʻrsatiladi. Lekin tushuncha torligi – bu maʼnaviy tubanlik yoki tarbiyasizlikdan emas, ilmsizlikdan kelib chiqadi. Odamlar pora olish yoki berish oqibatlarini koʻra bilmaydilar. Bitta oʻzbek oʻz shaxsiy muammosini hal qilish uchun pora berayotganda, bu ishi boshqa oʻzbeklar hayotiga hech qanday taʼsir qilmaydi deb oʻylaydi. Yoki aksincha – hamma pora oldi-berdi qiladi deb bilgani uchun, bitta oʻzi halol turishidan hech bir naf koʻrmaydi.
Bunday xatti-harakatga sabab masala yuzasidan keng fikrlay olmasligimizdir. Jamiyatda pora bilan ish bitishi odatga aylanishidan hech kim manfaatdor emas. Bundan hamma moddiy zarar koʻradi (hamma qatori pora berib, bu ishi arzimagan narsa deb bilganlar ham).
Kichik poralarning jamiyatga solgan soyasini aniq koʻrish uchun, oddiy misolni olamiz: ishga kirishda pora berish. Bugun bogʻcha, maktab, poliklinika kabi muassasalarga ishga kirish uchun koʻp hollarda pora berish kerakligi hech kimni ajablantirmaydi (xuddi aslida shunday boʻlishi kerakday). Lekin pora bilan ishga kirishda shu muassasalardagi boʻsh ish oʻrnini eng yaxshi mutaxassis emas – porani tez yoki koʻp bergan odam egallaydi. Bu bolalarimizga yaxshi ilm-tarbiya berishi mumkin boʻlgan mutaxassis yoki bizni va yaqinlarimizni yaxshi davolashi mumkin boʻlgan mutaxassis ishsiz qoldi degani.
Endi shu mantiqni jamiyatda pora bilan ishga kirayotgan millionlab odamlarni hisobga olib kengaytiring: biz poraga oddiy va tor nazar bilan qarab, biz va yaqinlarimiz yashayotgan jamiyatda chala mutaxassislar bizga xizmat koʻrsatishiga sabab boʻlyapmiz. Ishimiz tushib boradigan davlat tashkilotlarida bizga past sifatli xizmat koʻrsatilishi, avtomobillarimizni tez eskirtirayotgan koʻchalarimiz qarovsizligi, tarbiyachi tarbiyalamayotgani, oʻqituvchi oʻqitmayotgani, shifokor davolamayotgani, quruvchi qurishni bilmayotgani kabi ming-minglab kamchiliklardan shikoyat qilishdan oldin, balki, oʻzimizning “arzimagan” poralarimiz mana shunday oqibatlarga olib kelayotganini ham oʻylab koʻrishimiz kerakdir?
Buning uchun tushuncha kerak.
Ikkinchi omil: kuchsiz qonunlar
Bu omil qonunlarimiz chalaligini nazarda tutmaydi. Korrupsiyaga qarshi kurash masalasi siyosiy nutqlarga yetib borganda, koʻpincha islohotlar oʻtkazish, yangi qonunlar qabul qilish takliflari bilan chiqiladi. Ammo muammo poraxoʻrlikning ildizini qurituvchi qonunlarning yoʻqligi yoki chalaligi emas – ular bor va but-butun. Muammo – ana shu qonunlar amalda qoʻllanilmasligida.
Bunda bizga davlat va xususan huquqni himoya qiluvchi organlarni qoralash va aybdor qilish juda yoqadi. Ana oʻshalar amaldagi qonunlarni ishlatmayotgani, pora olayotgan amaldorlarni jazolamayotganini aytib noligimiz keladi. Lekin zum oʻtmay oʻzimiz yoʻl harakati qoidasini buzib, qoʻlga tushsak – jarimani pora bilan yoʻq qilishga urinamiz. Yaʼni, poraga qarshi kurashish uchun joriy qilingan qonunlar boshqalarga tatbiq qilinishi kerag-u, bizni chetlab oʻtib ketaverishi kerak.
Qonun va adolatga boʻlgan mana shunday ikkiyuzlamachi munosabat sabab ham jamiyatimizda qonun kuchi yoʻq. Manfaatlarimizni qonun himoya qilmaganda, qonun va adolat yoʻqligidan noliganimiz bilan, amalda oʻzimiz qonunni hurmat qilishni bilmasak, qonun hammaga teng ekanini qabul qilib yashashni oʻrganmasak – adolat ham boʻlmaydi, qonun kuchi ham.
Qonun kuchsizligi pora oldi-berdisini osonlashtiradi. Chunki pora olayotgan ham, berayotgan ham qonundan qoʻrqmaydi. Ha nima – pora bilan qoʻlga tushsa, qonun unga qattiq turmaydi, chunki qonun kuchsiz jamiyatda qonunni ham pora bilan yengish mumkin. Poraxoʻrlikka qoʻl urayotganlar qonundan qoʻrqishi lozim – buning uchun qonunlarimizga kuch berishimiz kerak. Har qadamda oʻzimiz oyoqosti qiladigan qonunda kuch nima qilsin?
Adolatni har kim oʻzidan izlashi kerak.
Uchinchi omil: ijtimoiy befarqlik
Bu omilni tarbiyaviy koʻrsatuvlarda “oʻzim boʻlay deyish” deb atashadi. Odam korrupsiya oqibatlarini anglab turib ham, bu muammoga befarq boʻlishi va xotirjam pora olishi mumkin. Bunday holatlar kam uchraydi – lekin bunday jinoyatlarda katta miqdorda pul ishtirok etadi. Shu sabab ham, ulardan kelgan zarar salmoqli.
Shahar yoki viloyat hokimlari, prokuror yoki boshqa amaldorlar katta poralar olgani haqida eshitsak, “Ular shuncha pulni nima qilar ekin?“ deb hayron boʻlamiz. Bu mantiqsiz savol. Chunki daromad va odam ehtiyojlari juda nisbiy tushunchalar.
Siz hozir oyiga 5 million daromad qilyapsiz deylik. Sizga kimdir qaysidir ishini bitirish uchun 1 million pora taklif qilsa, ortiqcha 1 millionni nima qilishingizni oʻylab, boshingiz qotadimi? Koʻpchiligimiz ana shu porani olamiz – chunki buning natijasida jabr koʻradigan 4-5 odamga nisbatan befarqmiz (biz ularni tanimasligimiz ham mumkin). Yuz ming dollarlab pora olayotgan amaldor ham bu ishidan jabr koʻradigan 4-5 ming odamga nisbatan befarq.
Foydaliroq savol quyidagicha: siz ana shunday amalga ega boʻlganingizda, koʻpchilikka nisbatan befarq boʻlib, katta pora olmasligingizga ishonchingiz komilmi?
Ijtimoiy befarqlik hammamizda bor. Hammamiz ham oʻz manfaatlarimizni birinchi oʻringa qoʻyishga odatlanganmiz. Mana shu yerda “maʼnaviyatchilar” aytaveradigan tarbiyaning oʻrni bor. Bizni koʻpchilikka befarq qilib tarbiya qilishadi. Bugun oʻzbek otasi bolasiga “aka-ukang, opa-singillaring bilan oqibatli boʻl” deb nasihat qiladi. Lekin kamdan-kam ota farzandini “hamma bilan oqibatli boʻl, hammani odam sifatida qadrla” deb tarbiya beradi. Bir-birimizga befarqlik botqogʻiga borgan sari botib borayotganimiz sababi ana shunda.
Tarbiyani jamiyatdan emas, oʻzimizdan boshlashimiz kerak.
Uchala omil bir boʻlganda
Yuqorida muhokama qilingan uch omil alohida yuzaga kelmaydi, balki bir-birini kuchaytiradi. Tor tushuncha qonunni bilmaslik, bilsa ham uni hurmat qilmaslikka sabab boʻladi va hammamizning manfaatlarimizni himoya qilish uchun joriy qilingan qonunlar kuchini kesadi. Kuchsiz qonunlar esa ijtimoiy befarq odamlarga koʻpchilik manfaatini toptab, katta poralar olishga imkon beradi. Ijtimoiy befarq ota-ona ijtimoiy befarq farzandlarni tarbiya qiladi.
Va aksincha, ijtimoiy befarq odamlarning jazodan qutulib qolishi odamlardagi qonunga boʻlgan ishonchni soʻndiradi va adolat kuchini kesadi. Qonun kuchsiz jamiyatda esa poraxoʻrlik sabab tushunchasi tor va ilmsiz avlod yetishib chiqadi.
Muammoni hal qilish uchun (rostdan hal qilish uchun) shu uch omilni birdaniga oʻqqa olish, masalaga keng va halol yondashish kerak. Jamiyatdagi muammolarga oʻz shaxsiy manfaatimiz nuqtayi nazaridan qarab, keng fikrlashni oʻrgana olmaymiz. Qonunlarni hurmat qilishni milliy madaniyatga aylantirmasdan, odil jamiyat qura olmaymiz. Butun jamiyat haqida qaygʻurishni tarbiya va taʼlim metodikalarimizga singdirmaguncha, yovvoyi jamiyatda yashayveramiz.
Kim nimani tanlaydi?
Sayqallangan, yangi, yangi ,mukammalashgan, odil ,chiroyli,haqqoniy fikrlar. ha men barchasini o’zimdan izlayman men o’sishni istayman men rivojlanish tarafdoriman barchaga shuni tilayman .sizga rahmat ishlarizga rivoj.
Қадрли муаллиф, сизга бир таклифим бор. Шунчаки бу каби мақолаларни кўпчилик ўқишини истайман. Сиз нега бу мақолаларни дарё ёки кун уз га топширмайсиз? Шу орқали блогингизга янада кўпроқ одам йиғишингиз мумкин бўлмайдими?
Fikr uchun rahmat. U siz aytgan nashrlarda maqola chiqarish bepul emas.