#jurnalistika, #blogerlik, #xolislik, #mohiyat
Koʻpchilik ijtimoiy faol blogerlar oʻzini-oʻzi “jurnalist“ deb nomlab olayotgan bugungi kunda asl jurnalistlik (jurnalistika) nima ekanini qayta-qayta eslashga majburmiz.
Qattiq senzura ostida kechgan sovet axborot siyosati sabab, jurnalistika obyektiv haqiqatga imkon qadar yaqin turib maʼlumot yetkazish emas, umum qabul qilingan yoki shaxsiy qarashlarni ifodalash jarayoniga aylanib qoldi. Bugun jurnalistlar maqola yozishda oʻz mafkuraviy, diniy va milliy qarashlaridan holi turib, vaziyatni xolis baholashga juda qiynaladilar. Ichki senzura hali toʻliq oʻlgani yoki kamida mahkam jilovga olingani yoʻq.
Bundan jurnalistika taʼrifini yana bir bor eslash ilinji kelib chiqadi:
Jurnalistika – bu obyektiv voqelikni kuzatish, xolis baholash va vaziyat yuzasidan odilona maʼlumot berish jarayonidir. Bu maʼlumotlar tahliliy jihatlarga ega boʻlishi mumkin: jurnalistik material “qayerda kim nima qildi?“ savolidan tashqari “bu holat nega yuz berdi?“ kabi savollarga ham javob berishi mumkin. Lekin bunday tahliliy elementlar shaxsiy faraz yoki gumonlarga emas, obyektiv dalillarga asoslanishi, oʻquvchida real hayotga zid xulosalar uygʻotmasligi kerak.
Albatta, hech kim toʻliq xolis boʻla olmaydi. Eng demokratik jamiyatlardagi jurnalistlar ham kamida qaysidir siyosiy qarashni yoqlaydilar va oʻz faoliyatlarida buni ifodalaydilar. Soʻnggi yillarda Amerikada jurnalistikaga boʻlgan ishonchning pasayishi ana shunday noxolislikning ommaviy tus olishidan kelib chiqdi. Soʻl kuchlarga (liberallarga) qarashli axborot vositalari oʻng kuchlarning (konservatorlarning) jurnalistikasini qadrsizlantirishga shu qadar qattiq urindilarki, bunda oʻzlari xolislikni keskin yoʻqotdilar. Lekin, ming qilsa ham, ularda professional jurnalistika va blogerlik oʻrtasida chegara aniq belgilangan.
Shu yerda bir mantiqsiz odatni taʼriflab ketay. Koʻpincha taraqqiy etgan (yaʼni, Oʻzbekistondan holati yaxshiroq boʻlgan) mamlakatlarda ham baʼzan kamchiliklar uchrashini aytib, fikrni obyektivlik bilan asoslamoqchi boʻlinsa, muhokamaning narigi tomonidagilar “Ana, koʻrdingizmi – hatto ularda ham bor shunaqa kamchilik. Bizda boʻlsa nima qilibdi?“ kabi savolni oʻrtaga tashlaydilar. Gap shundaki, bizning maqsad yutugʻ-u kamchilikda bizdan oldinda ketayotganlarga taqlid qilish emas – bizning maqsad boshqalarning yutuqlarini oʻrganib, shunday yutuqlarga intilish, kamchiliklarini oʻrganib, ulardan nari yurish. Boshqalar ham xatoga yoʻl qoʻyishi bizning xatolarni oqlamaydi. Bu xuddi koʻcha bezorisi “Ana, yaxshi tarbiya koʻrganlar ham birovni haqqiga koʻz olaytiryapti – men ham olaytirsam nima qilibdi?“ deb oʻz oʻgʻriligini oqlashga urinishiday gap.
Bizda, nimagadir, blogerlik va jurnalistlik deyarli bir narsa degan tushuncha mavjud. Bu tushunmovchilik jurnalistikaning asl mohiyati va vazifasini bilmasligimizdan kelib chiqqan. Jurnalistikaning jamiyat uchun xizmati – xolis va ishonchli maʼlumot yetkazish, aholining obyektiv maʼlumotga boʻlgan talabini qondirish. Jurnalistning ishi jamiyatdagi yutuq va kamchiliklarni odilona xalq eʼtiboriga havola qilish – xulosalarni berish emas. Xulosani ommaning oʻzi chiqaradi. Bu bilan jurnalistlar jamiyatda sogʻlom muhokamaga muhit yaratadilar va xalqni oʻz ustida ishlashga undaydilar. Xulosalarni ham oʻzi taklif qilgan jurnalist – bor yoʻgʻi propagandist, xolos.
Blogerning vazifasi xalqni emas – oʻzini tarbiyalash. Oʻz shaxsiy fikrlari va qarashlarini omma eʼtiboriga havola qilib, bloger undan boshqacha fikrlaydiganlardan taklif va tanqidlar oladi. Ana shu taklif va tanqidlar unga oʻz ustida koʻproq ishlashga, baʼzi qarashlarini qayta koʻrib chiqishga, xato deb topilganlarini oʻzgartirishga turtki beradi. Agar bloger oʻzi bir nimalarni oʻrganishni emas, odamlarga nimanidir uqtirishni koʻzlab kontent yaratsa – u ham bor-yoʻgʻi propagandist, xolos.
Blogerlarning oʻzini jurnalist deb atashlari yillar davomida shu sohada mehnat qilgan professional jurnalistlar uchun ham kulgili, ham achinarli. Kulgili tomoni, bu yosh idroklar jurnalistika aslida nima ekani bilan qiziqib koʻrmasdan, oʻzlariga shu maqomni olishlaridir. Achinarlisi, bu jarayon asl jurnalistlar mehnati eʼtiborsiz qolayotgani, omma nigohida jurnalistika suyulib, sayozlashib ketayotganidir.
Bloger – jurnalist emas. Bloglar shaxsiy qarashlarni ulashish uchun yaratiladi. Blog maqolasida hissiyotga berilish, kimnidir maqtash yoki qoralash, qaysidir siyosiy yoki boshqa mafkurani targʻib qilish mumkin. Shu bois blog oʻquvchilari ham bu kontent oʻzagida obyektivlikni koʻzlab yaratilmaganini doim yodda saqlashlari lozim.
Jurnalist bloger boʻlishi mumkin. Oʻz jurnalistik faoliyati davomida bu soha mutaxassisi oʻz shaxsiy nuqtayi nazarini ifoda eta olmaydi. Shu “qolib ketgan“ gaplarni aytib olish, jurnalist sifatida emas – oddiy fuqaro sifatida jamiyatdagi holatlar yuzasidan oʻz pozitsiyasini bildirish uchun jurnalist ham blog yuritishi mumkin.
Bugungi Oʻzbekistonda jurnalistika deyarli yoʻq. Avvalgi sovet tuzumidan qolgan bosma va televizion jurnalistika oʻz eski odatlaridan kecha olmayapti deb faraz qilganda ham, yangi va zamonaviy axborot vositalarida ham jurnalistika ruhiyati yoʻq. Bunga sabab yosh jurnalistlarga ham jurnalistikaning mohiyatini anglamagan katta avlod bilim berganidir, balki. Bu bir faraz.
Bugun bizning maʼlumot talabimizni qondirayotgan manbalar rasmiy kanallar bayonotlarini nusxalab chiqarish yoki oʻz mafkuraviy qarashlari va chalajon ichki senzuralari soyasida yozilgan maqolalarni eʼlon qilishdan nariga oʻta olmayaptilar. Baʼzan, ancha jiddiy axborot manbalarida aslida bloglarga xos “oʻquvchiga moslangan“ yoki “auditoriyaga moʻljallangan“ kontentlarni ham uchratib qolamiz. Yaʼni, oʻzini jiddiy jurnalist deb bilganlar ham gohida omma didiga qarab, ularga maʼqul keladigan maqolalar yozishda hech qanday isnod koʻrmayaptilar.
Bu muammo – jamiyatimizdagi boshqa koʻplab muammolar kabi – bir asosga ega: biz u yoki bu ishning mohiyati bilan kam qiziqamiz. Oʻzbekning tabiati shumi, yoki zamon shunga undayaptimi, yoki odamlarga qaydandir bir dard tegdimi – bilmadim. Lekin biz jamiyatimizdagi jarayonlarning tashqi koʻrinishi bilan qiziqyapmiz faqat. Biz uchun qilgan ishimiz mantiqli va maqsadli boʻlishi emas, koʻzga koʻrinishi muhimroq boʻlib qolmoqda…
Men bu fikrlarni oʻz blogerlik tajribamdan (oʻzim yoʻl qoʻygan xatolardan) kelib chiqib yozdim. Professional jurnalistlikka hech qanday daʼvoyim yoʻq, albatta. Qayerdadir noxolislikka yoʻl qoʻygandirman, qayerdadir – xatoga. Xulosani har kim oʻzi chiqarar.
Qo’shilaman. Facebook profilimda Link bilan ulashaman