Bu mantiqsiz va uzoqni koʻzlamay qilingan ishlarga qarab “bilganlaringni qilinglar“ deyman-u – yana turib-turib ensam qotib ketadi.
Alifboni isloh qilish masalasida deyarli hamma narsa qatnashyapti: millatchilik, rusparastlik, arabparastlik, turkparastlik, oldingi tuzumdan alamzadalik, eskilikka yopishish va hokazo. Faqat bu omillar orasida birgina keraklisi – mantiq yoʻq. Ratsional yondashuv yoʻq. Alifboni isloh qilishda oʻtmishga koʻproq qarab qoʻyyapmiz – kelajakka emas. Bu alifboni oʻtganlar qaytib kelib ishlatmaydi – kelajak ishlatadi. Shuni unutmasak, yaxshi boʻlarmidi…
Birinchi mantiqsizlik
Bitta harf – bir tovush qoidasi. Yaxshi, bunday qoida tilni oʻrganishni osonlashtiradi. Shu qoidaga binoan bir-biriga juda yaqin boʻlgan X va H tovushlariga alohida harf berilgan. Unda nega JASORATdagi J va JURNALdagi J bitta harf bilan ifodalanadi? Yoki OʻT OʻRMOQdagi Oʻ va SOCH OʻRMOQ dagi Oʻ – talaffuzi har xil boʻlsa ham, nega bir harf bilan ifodalanadi? Har qanday tilda tovushlar soni imkonsiz harflar sonidan koʻp boʻladi. Lekin “bir tovushga bir harf“ qoidasi bir-biridan aniq farq qiladigan tovushlarga nisbatan qoʻllaniladi. Shunday qoʻllanilsin – qaydadir aniq har xil tovush bir harf bilan ifodalanib, boshqa yerda oʻta yaqin tovushlar har xil harfda yozilmasdan.
Ikkinchi mantiqsizlik
Ommaviy talaffuzga qarab harf belgilash. Bu qoida qilichida Ц harfining boshi kesildi. Nima emish, koʻpchilik uni nutqida S deb talaffuz qilar emish, shuning uchun unga alohida harf kerak emas emish. Yaxshi, unda bunisiga nima deymiz: koʻpchilik X va H ni bir xil talaffuz qiladi? Yana koʻpchilik tutuq belgisida “tutilmaydi“ – hech kim MAʼNO soʻzini MA deb bir toʻxtab olib, keyin NO deb aytmaydi – juda borsa A ni sal choʻzib aytib qoʻyaqolamiz. Prezident ham hatto, televizordagi diktorlar ham. Xoʻsh, demokratik boʻlish uchun koʻpchilikning odatini hisobga olyapsizmi? Ommaviy talaffuzga asoslansangiz – oxirigacha asoslaning.
Alifboni isloh qilishda “ruslar tilimizni buzib qoʻygan“, “bu bizga yot narsa“, “turkiyzabon ogʻalarimizdan oʻrnak olaylik“ kabi taʼkidlarga balo bormi? Masalaga siyosiy-emotsional tus berish nimaga kerak? Qanday qilsak, alifbo zamonaviy oʻzbek tiliga mos boʻladi, uni oʻrganishni osonlashtiradi va rivojlantiradi deganday savollarniyam beryaptimi birov? Rus tilidan tarixiy arazimizniyam qoʻshib ketamiz bu mantiqsiz islohotlarimizga. Tavba. Mana men maktabning yarmini rus maktabda oʻqiganman – uncha-muncha milliy maktabda oʻqigan temuriyzodadan savodim kam emas. Yana ham bizning avlod kirilldan lotinga endi oʻtilayotgan “chala-chulpa“ davrga toʻgʻri kelgan – nima, yozish-oʻqishni bilmay qoldikmi?
Shaxsan men oʻzimni toʻla savodxon deb aytishimga toʻsqinlik qilayotgan mantiqsiz joylari bor. Haligacha hamma H va X larni bilmayman – buni 10 yil filologiyada oʻqigan ham turib-turib lugʻatdan qarab eslab oladi. Maktab bolasidan yoki oddiy idora xodimidan nimani kutyapsiz?
Alifboni isloh qilish yuzasidan eng koʻp dod-voy solganlar millatchilar, arabparast, turkparast va konservatorlar boʻldi. Bu, ilojsiz, muhokamani mantiqsiz elementlarga toʻldirib tashladi. Natijada “kompyuterda terishga qiynalyapmiz“ bahonasi bilan Gʻ Oʻ Ch va Sh harflarini “isloh“ qilishga kelishildi. Shumi muammoli alifboni isloh qilishga gʻoyaviy asos? Fundamentalroq sabablar yoʻqmi islohot uchun? H va Xni farqlamasak ham, Oʻ va Gʻ larni indamay toʻgʻri yozib yurgandik. Shu yonidagi dumni tepasiga qalpoq qilib qoʻyilsa – savodxonlashib ketarmikanmiz?..
Oʻsha boshida aytganim toʻgʻri ekan – bilganlaringni qilinglar!