Skip to content

Norvegiya: bir yilda olgan taassurotlarim

Mamlakat rasmiy nomi – Norvegiya Qirolligi
Yevropaning shimolida, Skandinaviya yarimorolining shimoliy-gʻarbiy qismida joylashgan
Boshqaruv usuli – konstitutsion monarxiya
Aholisi – 5.3 million
Jon boshiga daromad – 74 000 AQSh dollari

Birinchi navbatda menga yoqmagan jihatlarini aytib olay 🙂

Iqlimi sovuq – men oʻzim sovuqqa uncha yoʻqman, shu sabab avvaliga ancha qiynaldim. Norvegiya qishi uzun va qorli. Qutbga yaqin joylashgani uchun, yozda kunlari juda uzun, qishda oʻta qisqa. Qishning uzun tunlarida norveglar uylarini chiroqlar va shamlar bilan yoritishadi. Shu bois, har qanday uyda albatta sham topasiz.

Havosi nam – dengiz boʻyida ekani yaqqol seziladi. Bu nam havo sovuqda shunday bir zax keltirib chiqaradiki, suyakkacha oʻtadi. Ob-havo keskin oʻzgarmaydi – shunisi yaxshi.

Yana bir shaxsan menga juda malol kelgan tomoni – ovqatlari bemazaligi. Norveglar pazanda emaslar, milliy taomlari deyarli yoʻq – borlari ham juda bir antiqa. Tarixan ular baliqchilik, ovchilik va termachilik bilan kun koʻrganlar. Shimolning uzun qishlariga oziq-ovqat gʻamlash usullarini oʻylab topishgan. Milliy taomlari ana shunday usullardan kelib chiqqan. Ovqatlari asosan qaynatma – masalliqlarni qovurish deyarli yoʻq. Noyob yemishlardan bu yerda kit va bugʻu goʻshtini topish mumkin.

Tabiati

Norvegiya tabiati ajoyib! Izgʻirim qishda ham, qisqagina yozida ham tabiati goʻzalligiga qarab toʻymaysiz. Butun mamlakat adir va togʻliklardan iborat: Norvegiya aynan togʻ va dengiz bir joyda uchrashgan mamlakat. Sohillari oʻta parchalangan – dengiz tubidan koʻtarilgan qoyalar quruqlik ichkarisiga oʻnlab va yuzlab kilometrgacha yorib kirgan qoʻltiq va kanallar hosil qilgan. Ularni mahalliy aholi fyord deb ataydi.

Umuman, Norvegiya juda sersuv oʻlka. Serqor qishlardan keyin daryolar toʻlib oqadi, ming-minglab koʻllari bor. Norveglar suvlari oʻta tozaligi bilan juda faxrlanadilar. Chindan ham, poytaxtdan bir necha chaqirim yuqoridagi qoyalardan oqib tushayotgan soylardan bemalol ichish mumkin.

Bu yurting oʻrmonlari – yana bir boyligi. Sovuqqa chidamli ignabargli daraxtlar orasida kengbargli daraxtlarni ham topish mumkin. Shu oʻrmonlar sabab, havosi ancha toza.

Mevalardan tuksiz shaftoli, olxoʻri va olmalar pishib ulguradi. Toshloq tuproqda va quyoshga toʻymay pishgan bu mevalarni oʻzbek yegisi kelmaydi.

Odamlari

Tub aholi jahongashta vikinglar, oʻrmon ovchilari, baliqchilar avlodi. Boʻylari baland, koʻzlari koʻpincha kulrang, soch-soqollari och-sariq yoki tillarang. Ayollari ham juda baquvvat va erkaksifat.

Ammo Yevropaning deyarli hamma joyidagi kabi, bu yerda ham muhojirlar juda koʻp. Immigrantlar asosan shaharlarda, alohida diaspora boʻlib yashaydilar. Bu yerda hindlarni, turklarni, ruslarni koʻp uchratasiz. Afrikaning urushdan aziyat chekkan davlatlaridan ham qochqinlar koʻp.

Norvegiya – juda muhojirsevar mamlakat. Davlatning ham, xalqning ham immigrantlarga munosabati juda yaxshi. Millatchilik yoki mahalliychilikka deyarli duch kelmaysiz. Deyarli hamma ingliz tilini biladi va sizga shu tilda javob qaytara oladi. Koʻchada hech kim sizdan mahalliy tilda gapirishni talab qilmaydi. Bu norveglarda oʻz tiliga hurmat yoʻq degani emas. Ular muhojirlarga mahalliy tilni bepul oʻrgatadilar, mahalliy tilni bilish ish topishda, odamlar bilan muloqotda katta yordam berishini tushuntiradilar.

Bu oʻlka odamlarining feʼl-atvori juda bosiq – avvaliga, menga zerikarli darajada bosiq, hatto befarq tuyildi. Koʻchada mast boʻlib, shovqin solgan odamni koʻrmaysiz. Jamoat transportida ham ular juda kam va past ovozda gaplashadilar. Jamoat joylarida quchoqlashib yoki oʻpishib turgan juftlarni juda kam koʻrasiz. Shaxsan men bir yil ichida koʻchada oʻpishgan oshiqlarni koʻrmadim.

Odamlar juda xushmuomala, kim bilan boʻlmasin tabassum qilib gaplashadi. Birovni bexosdan turtib yuborsangiz, koʻpincha u odam sizga kulib qarab, baʼzan uzr soʻrab qoʻyadi. Lekin norveglar notanishlar bilan masofani jiddiy saqlaydilar. Ular bilan doʻst tutinish juda qiyin – ular odam bilan uzoq muomaladan keyingina oʻzlariga yaqin keltiradilar. Lekin doʻst deb qabul qilgandan soʻng bu tuygʻuga oxirigacha sodiq qoladilar.

Albatta, bu yerda ham millatchi va ayirmachilar bor (kurmak hamma yerda boʻladi). Lekin ular juda ozchilik va boshqa odamlar ularning ayirmachiligi kimgadir zarar yetkazishiga imkon bermaydilar.

Iqtisodi

Norvegiya – eng boy davlatlardan biri. Boy deganda yalpi puli koʻpligini emas – odamlarining turmush darajasi juda yuqori ekanini nazarda tutyapman.

20-asrning 50-yillarigacha Norvegiya asosan ovchilik, baliqchilik va qishloq xoʻjaligi bilan kun koʻrgan. Keyin uning sohillarida neft topilgan va bu mamlakat hayotini tubdan oʻzgartirgan.

Norvegiya Yevropa Ittifoqi aʼzosi emas. Ittifoqning bojsiz savdo hududidan tashqarida boʻlgani uchun, bu mamlakatda narxlar juda baland. Shuningdek, ular oʻz valyutalaridan (Norvegiya kronasidan) foydalanadilar. Shimoliy mamlakat sifatida Norvegiya juda koʻp mahsulotlarni import qiladi – lekin shu bilan birga oʻz qishloq xoʻjaligi va sanoatini importga yuqori bojlar solish bilan himoya qiladi. Osloda bir baton non 3-5 yevro, jamoat transportiga bir martalik chipta ham taxminan shuncha turadi.

Norvegiyada daromadlar aholi orasida nisbatan teng taqsimlangan. Bu yerda hashamatli mashina mingan boyvachchalarni uchratmaysiz. Bu jamiyatda oʻta boylar va oʻta qashshoqlar yoʻq. Koʻpchilik norveglar kamtarona hayot kechiradilar. Daromadlari yetarli boʻlsa ham, oddiy uylarda yashashadi, oddiy kiyimlarni kiyishadi. Boy odamlar ham juda oʻzlarini oddiy tutadilar. Bu jihatdan Norvegiyaliklar qadriyati bizning tariqatchilar falsafasiga oʻxshab ketadi. Katta kompaniya boshliqlari yoki menejerlari ham ishga avtobus, metro yoki velosipedda borishi mumkin.

Transport tizimi

Barcha katta shaharlar temir yoʻl va avtotrassalar bilan bir-biriga bogʻlangan. Suv transporti ham juda yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Koʻpchilik shaharlar dengiz boʻyida boʻlgani bois, bir joydan boshqa joyga avtotransport, poyezd yoki paromda borish mumkin.

Norvegiyaliklar velosipedda yurishni juda yoqtiradilar. Ekologik transport sifatida velosiped juda qadrlanadi. Mavjud avtomobillarning ham 70-80 foizi elektromobil: davlat benzin yoki dizelga yuradigan mashinalarga soliq solib, odamlarni elektromobillarga oʻtishga majbur qilgan. Oʻzi neftga boy davlat uchun bu juda noodatiy siyosat. Ammo norveglar neft savdosida ham proteksionist siyosat olib boradilar: neftni boshqa davlatlarga sotib, oʻzlari undan foydalanmaslikka, unga qaram boʻlmaslikka intiladilar. Bu bilan ekologiya – demakki, milliy manfaat himoya qilinadi.

Taʼlim tizimi

Norvegiyada nafaqat oʻrta – oliy taʼlim ham bepul. Hammaga bepul – hatto chet el fuqarolariga ham. Hujjatlari qabul qilingan va yashash xarajatlarini qoplay olishini tasdiqlagan har qanday odam bu yerga kelib tahsil olishi mumkin. Barcha universitetlar ingliz tilidagi oʻquv dasturlarni taklif qiladi.

Xususiy maktablar juda kam. U yerda asosan chet ellik diplomatlar farzandlari tahsil oladi. Mahalliy boylar oʻz farzandlarini hamma qatori davlat maktablariga yuboradilar – ular farzandlari jamiyat ichida oʻsishini, shu jamiyat muammolaridan boxabar boʻlishini, yutuqlarga oʻz mehnatlari bilan erishishini istaydi.

Xulosa

Norvegiyaliklar – oʻz boyligidan boshi aylanmagan, ijtimoiy masʼuliyatni koʻp narsadan ustun qoʻyadigan xalq. Ularning bizga bir qarashda erish va yot tuyiladigan odatlari koʻp. Lekin yaxshilab tahlil qilinsa, ulardan koʻp narsani oʻrganish mumkin. Ular faqat bugun bilan yashamaydilar, chiroyli yashash, ortiqcha yeb-ichishdan koʻra farzandlariga taʼlim berish, kelajakka sarmoya qilishni afzal koʻradilar.

Biz boʻlsa oʻzimizga sira yarashmaydigan millatchilik, diniy nafrat, mahalliychilik, molparastlik va obroʻparastlik kabi mayda qadriyatlar ortidan quvish bilan bandmiz. Boshqa xalqlar yutuqlarini tahlil qilib, ibrat olsa boʻladigan jihatlarini aytgan yurtdoshlarimizni “gʻarbparastlik“, “vatangadolik“ yoki yana allanimalarda ayblash bilan ovoramiz. Xatolarimizni boshqalardan ham, oʻzimiznikilardan ham eshitishni xohlamaymiz.

Oʻzbekistonning tabiiy boyliklari ham, inson resurslari ham yetarli. Bilim va isteʼdod bor. Ana shu manbalarni hamma uchun foydali, jamiyatni yuksaltiradigan oʻzanga soladigan falsafa – umumiy tushuncha yoʻq. Davlat bizni yaxshi ishchi qilishga urinmoqda, din – yaxshi musulmon qilishga. Bizni yaxshi odam qilish haqida hech kim qaygʻurmayapti. Bu hech kimga kerak emas, nazarimda.

7 thoughts on “Norvegiya: bir yilda olgan taassurotlarim”

  1. Qaniydi bizni xalq xam Norvegiya xalqi kabi boy badavlat yashasa
    Qullarni ozod qilishda eng qiyin ish Qullarni aslida ular qul emas hur ekanligiga ishontirish bo‘lgan ekan, bizning davlatdagi qullarham bir kun tushunib qolishar
    Maqola uchun rahmat.

    1. Salom, menimcha odamzod, qandaydir darajaga ko‘tarilishi uchun, ikkita yo‘lni bosib o‘tishi kerak, birinchsi~ qandaydir muammo (tushunmovchilikka) duch kelganda uni yengish uchun, o‘zida kuch topib, shuni halqilaolsa va shundan saboq chiqara olsa, qandaydir qarajaga ko‘tariladi. ikkinchisi, bunga ko‘r~ko‘ron xulosa chiqarib, yani qanaqadir muammoni (tushunmovchilikni ) to‘lig‘icha anglamagan
      holda ish ko‘rish. Brinchisi qancha qiyin bo‘lmasin to‘g‘risi shuemasmikan? Ikkinchi holatda esa bu o‘sha muammoni to‘liq uch o‘lchamda ko‘rabilmadan yuzakiroq baxolash.

  2. Yaqindagi òlyoning qadri bòlmas deganlari rostmi?!
    Òzbekiston xalqi mustaqillikni hazm qilishi qiyin bòlyabti, SSSR ning tasiri hali ham bor, yani rahbarlarimiz xalqdan haligacha qòrqadimi, xalqni faqat bowqarish kerak emasku. Shu holda nima kutish mumkin xalqimizdan.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan