Jamiyat paydo boʻlgandan beri, unda tabaqalanish bor. Insoniyat taraqqiyotining turli bosqichlarida jamiyat turli belgilarga qarab tabaqalanganlar: jamiyat aʼzolari jismoniy, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy yoki boshqa belgiga qarab sinflarga ajragan. Tabaqalanish mezonlari xilma-xil boʻlganini tan olgan holda, jamiyat tarixini umumiy jihatlarga ega davrlarga ajratish mumkin.
Eng qadimgi davr – bu jismoniy kuchga qarab tabaqalanish davri (buni shartli ravishda tabiiy tabaqalanish deb atash mumkin). Bu davr ibtidoiy qabila tuzumidan boshlab, Rim imperiyasi qulashigacha boʻlgan muddatni oʻz ichiga oladi. Bunda jismoniy kuchga qarab sinflar hosil boʻladi: kuchlilardan sardorlar, qabila yetakchilari yetishib chiqadi, kuchsizlar ergashuvchiga aylanadilar. Ikki qabila toʻqnash kelsa, kuchliroq qabila zaif qabilani qulga aylantiradi. Shu sababdan, tabaqalar evolyutsiyasining bu bosqichida quldorlik keng tarqalgan odat boʻlgan. Bu davrda tabaqa nasliyligi degan narsa boʻlmagan: sardorning bolasi sardor boʻlmoqchi boʻlsa, oʻz kuchini namoyon qilib, bu unvonni zabt etishi kerak boʻlgan. Aks holda sardorlikka undan kuchlilar kelgan.
Tabiiy tabaqalanish davrida nafaqat qabilalar, balki Yaqin Sharq, Misr, Janubiy Yevropa, Hindiston va XItoy kabi sivilizatsiya oʻchoqlarida qad koʻtargan davlatlar jamiyati ham shu tamoyilga koʻra tabaqalangan. Bu jamiyatlarda oʻz kuchi (harbiy jasorati va mahorati) bilan deyarli har qanday odam yuksak martabalarga erishishi – va, albatta, har qanday yuksak martaba egasi oʻz nodonligi yoki ojizligi sabab barcha unvonlaridan mahrum boʻlishi mumkin boʻlgan. Hatto maʼlum sabablarga koʻra qullikka duchor boʻlgan shaxslarga ham oʻz mehnati va shijoati bilan qullikdan ozod boʻlish, jamiyatda yuqoriroq martabaga erishish imkoni berilgan.
Rim imperiyasi qulashi va yerlarni zodagonlar egallashi bilan yangi tabaqa tuzumi – feodalizm yuzaga kelgan. Bu yangi tuzumda har bir odamning jamiyatdagi oʻrni aniq belgilab qoʻyilgan va tabaqaviy darajalarga nasliylik talabi yuklangan. Feodalizmda dehqonning bolasi dehqon, kosibning bolasi kosib, savdogarniki – savdogar, zodagonniki – zodagon boʻlib tugʻilgan, yashagan va shunday vafot etgan. Tabaqalar chegarasi qonun bilan qattiq qoʻriqlangan. Qora xalq vakili zodagonga aylanishiga yoki asilzoda oʻz unvonidan ayrilishiga qonun yoʻl qoʻymagan. Alohida shaxs egalik qilgan huquqlar miqyosi u mansub boʻlgan tabaqa imtiyozlari bilan cheklangan. Ana shu qonunan cheklangan huquqlar bois, bu davrni siyosiy tabaqalanish deb atash mumkin.
18-asr soʻngidagi fransuz inqilobi bilan feodalizm yangi tabaqalanish tuzumi – kapitalizmga oʻz oʻrnini boʻshatib berdi. Fransiyadagi qonli inqilob tub zamirida qonunan odamlar uchun belgilab qoʻyilgan tabaqaviy chegaralardan holi boʻlishga intilish turgan. Kapitalizm har qanday odam oʻz mehnati va aqliy salohiyati bilan boylik va qudratga erishishi mumkinligini koʻzda tutadi. Shu davrda xususiy mulk huquqi kabi kapitalizmning asosiy tamoyili ommaviy joriy qilingan: endi qurbi yetgan har kim xususiy mulkka ega boʻlishga haqli ekanini qonun kafolatlagan. Natijada, hokimiyat ishlab chiqarish omillarini (yer va tabiiy resurslarni) qoʻlga kiritganlar qoʻlida jamlangan va iqtisodiy tabaqalanish yuzaga kelgan. Bunday tabaqalanishning salbiy asoratlarini Marks kabi olimlar keskin qoralab chiqqanlar: ularning falsafiy qarashlarini siyosiy doktrinaga aylantirib, kuch bilan tabaqasiz jamiyat qurishga urinishlar ham boʻlgan. Bu jarayonlar nima bilan yakun topganini yaqin oʻtmishimizdan yaxshi bilamiz.
Bugun biz hali ham tabaqalar evolyutsiyasining uchinchi bosqichidamiz. Kapitalizm butun dunyoda ildiz otib ulgurdi. Lekin tribalizm (qabilachilik) va feodalizm ahyon-ahyon dunyoning turli mamlakatlarida turlicha koʻrinishda yuzaga chiqib turadi. Eski tabaqaviy tuzum qoldiqlari xalqimiz ongida ham saqlanib qolgan. Oʻzini “qipchoq”, “mangʻit” yoki “qoʻngʻirot” kabi urugʻlarga tegishli deb bilish tribalizm sarqiti boʻlsa, “xoʻja”, “eshon” yoki “toʻra” unvonlariga daʼvo qilish – feodalizm qoldiqlaridir. Xalqimizda haligacha mana shunday primitiv tabaqalarga qarab odam ajratish holatini unda-bunda uchratib turamiz. Ammo bu holatlar faqat odamlar tushunchasidagina saqlanib qolgan va qonunlar va ijtimoiy normalarda oʻz aksini topmagan.
Balki, odamlar tabiati tabaqalarga boʻlinishga moyildir? Balki, biz sinfsiz jamiyatda yashay bilmasmiz? Odamga oʻzini qaysidir tabaqa vakili deb bilish va bundan faxrlanish tirik qolish uchun zarurdir, balki? Bu savollar jamiyatshunoslik va antropologiya fanlari mutaxassislari oldida turgan eng katta masalalardan.
Mening fikrimcha, faxrlanishga asos u yoki bu toifaga mansublik boʻlmasligi kerak. Faxrga asos taqdir yoki tasodif boʻlmasligi kerak: u yoki bu tabaqa vakili boʻlib tugʻilish – u yoki bu millat vakili boʻlib dunyoga kelish taqdir yoki tasodif (kim qaysi biriga ishonsa). Odam kim boʻlib tugʻilganidan emas – hayotda nimalarga erishganidan faxrlanishi lozim. Hayotda erishgan yutuqlar bizga hurmat va obroʻ keltiradi – naslimiz yoki zotimiz emas. Nasl yoki zotiga qarab chorvaga baho beriladi – odamning bahosi uning qilgan ishlariga qarab belgilanadi.
Alohida odamlarning oʻziga boʻlgan munosabatlari jamlanib, milliy gʻurur yuzaga keladi. Ammo xalqning faxri ham ajdodlarining buyuk ishlariga asoslanmasligi kerak. Ajdodlar buyuk boʻlgan boʻlsa – ular bunga oʻz mehnati bilan erishgan. Oʻtmishi va kelajagi buyuk ekanini taʼkidlab, soxta va mantiqsiz faxrga berilish va buguni haqida qaygʻurmaslik – toʻrdan yelkan tutilgan kemada dengiz safariga chiqishday gap. Safar yaxshi boʻlishiga umid qilasiz, albatta – ammo umid kemani joyidan siljita olmaydi. Kemani joyidan faqat yutuqlar siljita oladi – porloq kelajakni faqatgina bugungi yutuqlargina taʼminlay oladi. Haqiqiy yutuqlar.
Xoʻsh, haqiqiy yutuq nima? Jon olib, jon berib, bir dunyo boylik yigʻishmi? Yangiroq mashina olish yoki chiroyliroq uy qurishmi? Balki, oʻziga yaxshi umr yoʻldosh topish eng katta yutuqdir? Yoʻq. Yutuq – hayotda foydali ish qilish, odamlarga naf keltirish, hayotni farovonroq va baxtliroq qilishga intilish. Boylik, shuhrat va mavqeni yutuq deb adashib, bir-birimizga itday irillab yashashda – nafratlangan odamlarimiz mehr bergan odamlarimizdan koʻproq boʻlishida qanday yutuq bor?..
Koʻpchilik bir-birini raqib va dushman biladigan jamiyatda gʻoliblar boʻlmaydi. Har qanday urushda ikki tomon ham magʻlub boʻladi. Hammaga gʻalaba olib keladigan yoʻl – bahamjihatlikdir.