Skip to content

Markaziy Osiyodagi birdamlikka intilish: kim nima kutmoqda?

Soʻnggi bir yarim yilda Oʻzbekistonda roʻy bergan siyosiy-ijtimoiy oʻzgarishlar, Mirziyoyevning mintaqaviy va xalqaro siyosatga mutlaqo yangicha yondashuvi dunyo hamjamiyatida katta qiziqish, umid – va baʼzi hollarda hadik uygʻotmoqda. Markaziy Osiyodagi bugun biz kuzatayotgan birdamlikka intilish harakati global va mintaqaviy kuchlarni ularning bu hududga katta eʼtibor bermaslik yondashuvini qayta koʻrib chiqishga majbur qilmoqda.

Bu jarayonlardan nafaqat AQSh, Rossiya va Xitoy, balki kichikroq taʼsir kuchlari boʻlgan Turkiya va Eron ham har ehtimolga qarshi xabardor boʻlib turibdilar. Mintaqa siyosatidagi bu tashqi ishtirokchilarining har biri birlashishga intilayotgan Markaziy Osiyodan nima kutish, oʻz manfaatlarini taʼminlash uchun bu jarayonga qanday taʼsir qilish mumkinligi haqida jiddiy oʻylab koʻryapti. Bu tomonlarning har biriga alohida (alifbo tartibida) toʻxtalib oʻtsak.

AQSH

Katta kuchlar orasida AQSh yumshoq taʼsir (“soft power”) usulini ustalik bilan ishlata biladigan yagona davlat. Rasmiy Vashington birlashgan Markaziy Osiyo gʻoyasini har tomondan qoʻllab-quvvatlashini aytgan boʻlsa ham, u bu jarayonda oʻz manfaat ulushiga ega boʻlishga intilmoqda.

AQShning asosiy taʼsir quroli – bu investitsion loyihalar. AQSh, har qanday davlatda boʻlgani kabi, Markaziy Osiyo davlatlarida xususiy biznes rivojlanishi uchun zarur sharoit yaratadigan islohotlar amalga oshishiga intiladi. Bugungi jarayondagi AQShning yondashuvi ham eng avvalo oʻz biznes manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan. Avvalgi – demokratlar rahbarligidagi AQSh shaxsiy erkinliklar, inson huquqlari, tinchlik va liberalizm kabi idealistik qadriyatlar orqali yumshoq taʼsirni amalga oshirgan boʻlsa, respublikanlar qoʻlidagi bugungi hokimiyat bozorni erkinlashtirish, biznesni rivojlantirish, chet el investitsiyalarini himoya qilish kabi kapitalistik maqsadlarga urgʻu beradi.

Eron

Eron – Markaziy Osiyodagi bugungi jadal oʻzgarishlarga eng kam toʻgʻridan-toʻgʻri aralashayotgan davlat. Uning asosiy maqsadi – Afgʻonistondagi taʼsirini saqlab qolish. Mirziyoyev mintaqaviy hamkorlik tashabbusini Sobiq Ittifoq respublikalari bilan cheklamay, bunga Afgʻonistonni ham qoʻshgani, hozircha, Eronda kuchli reaksiya uygʻotgani yoʻq.

Eron tolibonlarni qoʻllab-quvvatlash bilan Afgʻonistondagi jarayonlarga taʼsir oʻtkazishda davom etyapti. Bunda unga Rossiya ham yordam bermoqda degan fikr ham mavjud. Eronning Afgʻonistondagi faolligi, ayniqsa, NATO va xususan AQSh harbiy kuchlari mamlakatni tark etgach ancha kuchaygan. Ammo Afgʻoniston aholisi orasida Eronga xayrixohlar juda kam: afgʻonlar oʻz yurtlarida boʻlayotgan tartibsizliklarda qisman Eron aybdor ekanini yaxshi biladilar.

Rossiya

Rossiyaning soʻnggi yillardagi Markaziy Osiyo, xususan, mintaqadagi Sobiq Ittifoq respublikalariga boʻlgan munosabati “qayerga ham borardingiz” kabi kayfiyatda edi. Rossiya oʻzining informatsion taʼsiriga va mintaqa mamlakatlari bilan tarixiy aloqalariga oʻta ishonishi oqibatida Markaziy Osiyo respublikalarida soʻnggi 20 yilda yuz bergan ijtimoiy siljishlarni koʻra bilmadi. Bu davrda Rossiya telekanallarini koʻrmaydigan, oʻz kelajagi va hatto tarixini ham Rossiya bilan bogʻlamaydigan yangi va yangicha avlod ulgʻaygani rasmiy Moskva xizmatidagi jamiyatshunoslar eʼtiboridan chetda qoldi.

Bugun Rossiyaning eng katta taʼsir kuchi – bu mehnat muhojirlari va yoqilgʻi mahsulotlaridir. Markaziy Osiyodan millionlab muhojirlarni ulkan hududiga sigʻdirgan Rossiya ularning ahvolini ogʻirlashtirish tahdidi bilan kichik qoʻshnilariga oʻz soʻzini oʻtkazib keldi. Moskva Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlarning mehrini qozonishga va shu bilan ularda Rossiyaga xayrixohlik kayfiyatini shakllantirishga kuch sarflamadi. Rossiya xalqi orasida muhojirlarga nisbatan ayirmachilik hissi ortishiga hukumat bevosita turtki bermagan boʻlsa ham, bu muammoni yengillashtirish uchun hech bir chora koʻrmadi.

Rossiyaning Sobiq Ittifoqni yangicha koʻrinishda qayta tiklashga urinishi boʻlgan Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi loyihasiga ham boshqa kichik davlatlar bosim ostida qoʻshildilar. Rivojlanish darajasi va hajmi keskin farq qiladigan mamlakatlar bunday ittifoqqa kirishsa, bundan kuchli iqtisodlar yutib, kuchsizlari yutqazishi yana bir bor amalda oʻz tasdigʻini topdi. Bu ittifoqning eng yosh va kichik aʼzosi Qirgʻiziston ittifoqdoshlardan arzon mollar kirib kelishi tufayli deyarli barcha sanoatidan mahrum boʻldi. Natijada, koʻpaygan ishsizlik yana ham koʻproq kishilarni Rossiyaga ish izlab ketishga – va shu bilan Qirgʻiziston iqtisodiy jihatdan “katta akasi“ga yana-da tobe boʻlib qolishiga olib keldi. Ittifoqqa qoʻshilish niyatini bildirgan Tojikiston bu holatni koʻrib, hanuz ikkilanmoqda.

Iqtisodiy islohotlarni boshlagan va Markaziy Osiyoni yagona iqtisodiy-siyosiy kuch sifatida birlashtirish taklifini ilgari surayotgan Oʻzbekiston xatti-harakati Rossiyada asosli hadik uygʻotmoqda. Agar Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻz iqtisodiy holatlarini birgalashib yaxshilay olsalar, ishsizlik sabab uzoq Rossiyani vaqtincha vatan qilgan mehnat muhojirlari oʻz yurtlariga qaytishlari mumkin. Bunda Rossiya mintaqa mamlakatlariga taʼsir oʻtkazish uchun shu paytgacha yaxshi foydalanib kelgan qurolidan mahrum boʻladi.

Turkiya

Markaziy Osiyodagi bugungi jarayonga diqqat bilan qarab turgan boshqa koʻzlar – Anqarada. Turkiya oʻzini turkiyzabon xalqlar orasida yetakchi deb bilishga va shunday taassurot uygʻotishga intiladi. Ammo Turkiyaning hisobda jiddiy adashgan bir xatosi bor: turklar oʻz taʼsirlarini panturkizm mafkurasi yordamida yoyishga urinadilar.

Panturkizm – kelib chiqishi turkiy boʻlgan xalqlarni ulugʻlash asosida yaratilgan ayirmachi mafkura. Uning ayirmachiligi Turkiyaning oʻzida yaxshi ishlaydi, chunki dunyoning u qismida bunga monand sharoit bor. Turkiya tarixan va hozir ham unga ancha begona boʻlgan sivilizatsiyalar oʻrtasida qolgan mamlakat. Uni har tomondan “noturkiy” xalqlar oʻrab turadi: pravoslav armanlar, shia forslar, arablar, yevropaliklar va ruslar. Shu bois ham turklarda oʻz milliy kelib chiqishi va oʻziga xoslikni saqlab qolish va nishonlashga intilish kuchli. Panturkizm – aynan ana shu intilish natijasidir.

Turkiya boshqa turkiyzabon xalqlar yashaydigan mintaqalar – xususan, Markaziy Osiyoda oʻz taʼsiriga ega boʻlish uchun ham ana shu mafkuradan foydalandi. Ammo Markaziy Osiyoda 50 millionga yaqin turkiyzabon elatlar bilan birga yana shuncha forsiyzabon elatlar ham istiqomat qiladi. Bu hududga panturkizm kirib kelishi baʼzi turkiyzabon xalq vakillari tomonidan tojik va afgʻon xalqlariga nisbatan gʻayirlik va ayirmachilik kabi xunuk tuygʻularni shakllantirdi. Karimov davridayoq turklarning siyosiy faoliyatiga chek qoʻyilgan boʻlsa ham, biz Oʻzbekistonda bugungacha panturkizmning sovuq asoratiga ahyon-ahyon duch kelib yashayapmiz.

Turkiya bugunga kelib shuni anglab yetdiki, panturkizm Markaziy Osiyoda kutilgan natijani bermaydi. Chindan ham, sodda misolda koʻrsak, oddiy oʻzbek odamiga turklardan koʻra, tojiklar oʻz madaniyati va turmush tarzi bilan yaqinroq. Dunyoqarashi keng odamga turk kelib, tojikka dushmanlik qilish evaziga doʻstlikni taklif qilsa – rozi boʻlmaydi. Xalqlarimizning aksariyat qismi esa yetarlicha keng fikrlovchi odamlar. Panturkizm faqatgina mustaqil fikri shakllanmagan yoshlar ongidagina qiziqish uygʻotmoqda va vaqtincha qoʻnim topmoqda.

Bundan tashqari, bugun Turkiya Suriya va Kurdiston kabi Markaziy Osiyodagi jarayonlarga faol aralashishdan koʻra muhimroq boʻlgan tashvishlar bilan band.

Xitoy

Xitoy hukumati oʻz taʼsir doirasini iqtisodiy vositalar bilan kengaytirishda katta tajribaga va mahoratga ega. Pekin iqtisodiy taʼsirga ega boʻlibgina, siyosiy maqsadlarni ilgari surish mumkinligiga ishonadi. Bunday yondashuv soʻnggi yillarda oʻzini shu qadar yaxshi oqladiki, asosan Rossiya bilan siyosiy sahnada adi-badi deyishadigan AQSh ham Xitoyni yangi – va ular kutmagan koʻrinishdagi raqib deb tan olishga va Rossiyadan bir oz chekinib, Xitoyga qarshi iqtisodiy kurashni jadallashtirishga majbur qildi. Kuchli proteksionizm tarafdori boʻlgan Tramp davrida esa bu ayniqsa keskin tus olmoqda.

Markaziy Osiyoda ham AQSh va Xitoy aynan investitsion loyihalar vositasida bellashadilar. Birdamlikka intilayotgan Markaziy Osiyoda oʻz taʼsir sahnasiga ega boʻlish uchun Xitoy oʻzining Bir Kamar Bir Yoʻl (“One Belt One Road”) loyihasiga katta umid bogʻlamoqda. Avvalgi hukumat ostida izolyatsiyalangan Oʻzbekiston bu loyihani amalga oshirishga imkon bermas edi: mintaqaviy integratsiyaga chorlayotgan bugungi Oʻzbekiston esa, mintaqaning eng markazida oʻlaroq, bu loyihani amalga oshirish mumkinligiga dadil ishonch uygʻotdi.

Markaziy Osiyoning Rossiya bilan Sobiq Ittifoq davridan qolgan transport aloqalari borligi – Rossiyaning ustunligi. Buni yaxshi anglagan Pekin ana shu mavjud transport yoʻllariga bas kela oladigan infratuzilmani yaratishni koʻzlagan. Bu rejani amalga oshirishda Xitoy sof iqtisodiy hamkorlik bilan cheklanib, mintaqadagi siyosiy jarayonlarga bevosita aralashmasa – bunday transport loyihasidan bizga zarar yoʻq.

Kimni tanlasak ekan?

Bugun turli qarashlarga ega baʼzi mutaxassislar oʻz pozitsiyalaridan kelib chiqqan holda u yoki bu tomonga xayrixoh boʻlish afzalliklarini aytmoqdalar. Ammo Markaziy Osiyoni jipslashtirish uchun bugun qilinayotgan saʼy-harakatlardan asosiy maqsad – katta siyosiy kuchga aylanish. Alohida mamlakat sifatida tabiiy resurslarga boy Qozogʻiston ham, katta inson resurslariga ega Oʻzbekiston ham AQSh, Rossiya yoki Xitoy kabi katta kuchlarga bas kelishi, kerakli paytda ularning bosimiga qarshi turishi, oʻz manfaatlarini himoya qilishi qiyin. Lekin agar biz birlashsak, oʻz mintaqamiz sharoitidan kelib chiqib, umumiy pozitsiya ishlab chiqsak va bu pozitsiyalarni yaxlit kuch sifatida birga himoya qilsak – xalqaro munosabatlarda katta vaznga ega boʻlamiz va bizning harakatlarimizga oʻz manfaati yoʻlida taʼsir qilmoqchi boʻlgan tomonlar bilan muzokaralar olib borishimiz osonlashadi.

Katta kuchlar buni juda yaxshi biladilar. Shu bois ham ular bu jarayonda oʻz takliflari va turli loyihalari bilan qatnashib, birlashayotgan Markaziy Osiyo kelajagida oʻz dastaklariga ega boʻlmoqchilar. Bunda yashirin bir fitna yoki qora maqsad yoʻq: xalqaro siyosatda manfaatlar toʻqnashuvi oddiy va tabiiy holat. Har bir davlat oʻz manfaatini himoya qilishi ham tabiiy intilish. Biz shu tabiiy intilish sabab birlashishga va vazminroq kuchga aylanishga intilmoqdamiz – mavjud katta kuchlar ham shunday intilish sabab bu yangi oʻsib kelayotgan raqibni imkon qadar jilovlashga urinmoqdalar.

Markaziy Osiyoning ichki integratsiyasida tashqi kuchlar ishtiroki qanchalik salbiy boʻlishini tushunib turgan hukumatlarimiz bu jarayonni toʻla mustaqil amalga oshirishga intilmoqdalar. Shu bois mintaqaviy hamkorlik va birdamlik uchun uyushtirilayotgan uchrashuv va yigʻilishlarda AQSh, Rossiya yoki Xitoy rahbarlarini koʻrmayapmiz. Bu juda toʻgʻri qaror: biz birlashmoqchi boʻlsak, buni oʻzimiz – tashqi kuchlar aralashuvisiz qilishimiz kerak. Bunga xalqlarimizning intellektual salohiyati ham, mamlakatlarimizning iqtisodiy kuchi ham yetadi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan