Demokratiya nima? Bunga turli falsafa va qarash egalari turlicha javob beradi. Kimdir demokratiya bu har kim istaganini qilib yashashi degan primitiv tushunchani yoqlasa, kimdir demokratiyani “xalq hokimiyati” deb rasmiy va mavhum taʼriflashdan nariga oʻtmaydi. Xoʻsh, demokratiya nima aslida? Uni yaxshi tushunish uchun avval demokratiya nima emasligini aniqlab olaylik.
Demokratiya – yalpi erkinlik emas. Hamma oʻzi istagan usulda jamiyat aʼzosi boʻlishi anarxiya deb nomlanadi va bunday tuzum, joriy insoniyat ongi darajasida, jamiyat tanazzuliga olib keladi. Chunki shaxsning mutlaq erkinligi ijtimoiy qoidalar yoʻq boʻlsagina taʼminlanishi mumkin. Tur sifatida esa biz hali mutlaq shaxsiy erkinliklarimizdan hech kimga zarar yetkazmay foydalanishni bilmaymiz. Balki, buning imkoni ham yoʻqdir.
Demokratiyani xalq hokimiyati deb ataydiganlar va oʻzlari yashayotgan jamiyatni demokratik deb biladiganlar bir narsani koʻzdan qochiradilar: ular yashayotgan tuzum – demokratiya emas. Xalq hokimiyati – xalq oʻz munosabati va fikrini erkin bayon etish bilan davlat siyosatini nazoratda saqlashini koʻzda tutadi. Koʻpincha ana shu erkinliklarni yaratishning oʻzi demokratik jamiyat tuzish deb tushuniladi. Ammo koʻpchilik foydalana olmaydigan erkinliklardan jamiyatga nima naf?
Kapitalizmning asosiy jihatlari xususiy mulk, raqobat va erkin bozor deb oladigan boʻlsak, bunday iqtisodiy tuzum bilan demokratiyani birga oʻstirish imkonsiz. Kapitalizm – imkoniyat va resurslar hammaga teng taqsimlanmasligiga asoslangan. Bunda ilojsiz ilm, boylik va hokimiyatga oson qoʻl uzatadigan yuqori qatlam va ilm olishda, iqtisodiy faollikda va hokimiyatga daxlda cheklangan quyi qatlam hosil boʻladi.
Kapitalizmda oʻrtacha fuqaro butun kunini mehnat qilib, oʻzi va oilasiga farovon turmush tarzini taʼminlashga yetarli pul topish bilan oʻtkazadi. U davlatning siyosatini kuzatish uchun barcha yangiliklardan boxabar boʻlishga – xalq vakili sifatida demokratik boshqaruvda ishtirok etish uchun zarur maʼlumotlarni olish va oʻrganishga vaqt ajrata olmaydi. Bunday qilishga unga uning mehnati hisobidangina yashay oladigan kapitalistik tuzum imkon bermaydi.
Koʻpincha, qadimgi Yunoniston ijtimoiy tuzumini asl demokratiya deb baholashadi. Albatta, Afina va Sparta kabi shahar-davlatlar fuqarolari hokimiyatda bevosita oʻz fikrlari va ovozlari bilan ishtirok etganlar. Ammo ular bunga vaqt ajrata olganlar – chunki ular uchun qullar ishlagan. Ularning yangiliklardan xabardor boʻlish, buni aqlan tahlil qilish va bunga munosabat bildirish uchun markaziy maydonga borib, ommaviy bahslarda qatnashishga vaqti boʻlgan.
Xoʻsh, bugun oddiy dehqon, oʻqituvchi, muhandis yoki idora xodimining joriy siyosiy ahvoldan boxabar boʻlish, bu haqida maʼlumot toʻplash va tahlil qilishga – shu tahlillari asosida ommaviy oʻz nuqtayi nazarini bildirishga vaqti, imkoni va ilmiy salohiyati yetarlimi? Faqat Oʻzbekistonda emas – oʻzini “demokratik” deb ataydigan qaysi jamiyatda xalq chindan ham hokimiyatda bevosita ishtirok etmoqda?
AQShdagi soʻngi prezidentlik saylovlari oʻzini eng demokratik deb ataydigan xalq qanchalik demokratiyadan uzoq ekanini namoyish qildi. Bunga, fitna nazariyasi ishqibozlari oʻylagandek, bu davlatning “yovuz” va “makkor” yashirin egalari borligi sabab emas. Buning sababi unday uydirilgan izohlardan ancha oddiyroq: Amerika eng kapitalistlashgan iqtisod. Tengsizlikka asoslangan bunday iqtisodiy tuzumda esa oʻzagida tenglik turgan demokratiya, shunchaki, yashay olmaydi.
Bu fikrlar bilan kapitalizmdan voz kechib, kommunizmni qayta ziyorat qilish kerak degan gʻoyani targʻib qilishdan yiroqman. Balki, kelajakda (insoniyat demokratiya soyasi bilan oʻzini avrab yashashdan charchaganda) kapitalizm jiddiy islohotlarga yuz tutar. Uning tengsizlik keltirib chiqaradigan, jamiyatning koʻpchilik qismini yashab qolish dardidan boshqa narsani oʻylay olmaydigan ojiz shaxslarga aylantiradigan jihatlari bartaraf etilar, balki. Ammo shunday qilinsa, biz bugun kapitalizm deb ataydigan iqtisodiy tuzumdan biror nima qolarmikan?..