Har qanday jamiyat farovonligida ijtimoiy tenglik tamoyili juda muhim oʻrin tutadi. Bu tamoyil aholining turli qatlamlariga berilgan iqtisodiy va ijtimoiy imkoniyatlar keskin farq qilmasligi kerakligini taʼkidlaydi. Hatto oʻta kapitalistlashgan jamiyatlarda ham daromadlar aholining turli qatlamlari oʻrtasida nisbatan teng taqsimlanishiga qaratilgan siyosat olib boriladi.
Tenglik prinsipi asosida odamlarning adolat haqidagi qarashlari yotadi. Falsafada adolatga ikki xil qarash boʻlib, biri hamma boylik va imkoniyatlar hammaga teng taqsimlanishi kerak deydi (bu taqsimiy yoki distribyutiv adolat deb ataladi), ikkinchisi boylik va imkoniyatlar har kimning qilgan mehnati va yutuqlariga qarab boʻlinishi kerak deydi (bu hissaviy yoki kontribyutiv adolat deb ataladi). Bu ikki yondashuv juda keskin boʻlib, ularning biriga amal qilgan jamiyat tezda ichki muammolar yukidan aziyat cheka boshlaydi va tanazzulga uchraydi.
Distribtyutiv adolat tarafdorlari hamma mutlaqo teng boʻlgan jamiyat va shunga monand iqtisodiy tuzum yaratishga intiladilar. Sovetlar qurgan davlat ana shu tamoyilga asoslangan boʻlib, mafkuraga koʻra unda daromadlar ham, imkoniyatlar ham har kimga teng berilishi, jamiyatda boy va kambagʻallar, savodli va savodsizlar boʻlmasligi kerak. Bu yondashuvning afzalligi juda koʻp: har kim qonun oldida barobarligi, har kim bepul taʼlim va tibbiy yordam olishi kabi qadriyatlar aynan shu falsafaga asoslangan. Ammo distribyutiv adolat jiddiy bir muammoni ham keltirib chiqaradi: umumiy manfaatlardan hamma bilan teng ulush olgan odam hech narsaga intilmay qoʻyadi, oʻz mehnati samaradorligini oshirmaydi. Bunday muhitda odam hech nima qilmasa ham, hamma qatori jamiyat neʼmatlaridan bahramand boʻlaveradi. Va aksincha – koʻp mehnat qilgan va jamiyatga koʻp foyda keltirgan odam ham undan kamroq harakat qilganlar qatori ulush oladi. Natijada jamiyatda yangilikka intilish, ilm-fan va texnologiyani rivojlantirish orqaga ketadi. Jamiyat oʻsishdan toʻxtaydi.
Bu muammoni kontribyutiv adolat prinsipi hal qiladi: u har kimga uning mehnati va umumiy farovonlikka qoʻshgan hissasiga qarab ulush berish kerakligini targʻib qiladi. Bu yondashuv ham kuchli fazilatlarga ega: intiluvchan yoshlarga ragʻbat berish, yaxshi mehnatni mukofotlash kabi qadriyatlar shu falsafaga asoslangan. Ammo bu yondashuvda ham bir yaqqol kamchilik bor: u jamiyatda sinflar paydo boʻlishiga, bu sinflar bir-biridan keskin uzoqlashishiga va dushmanlashishiga olib keladi. Bu yondashuvning asosiy quroli raqobat boʻlib, odamlarga hech bir qoidasiz ochiq raqobat qilishga qoʻyib berilsa, ular meʼyorni bilmaydilar. Bunday muhitda boyning bolasi hech bir isteʼdodga ega boʻlmasa ham, bilim olish uchun barcha imkoniyat va sharoitga ega boʻladi, kambagʻal bolasi esa kuchli isteʼdodi boʻlsa ham, bilim olish imkoniyatida keskin cheklangan boʻladi. Natijada boy tabaqa avlodlar osha boyligicha – nochorlar nochorligicha qoladi.
Jamiyat muvozanatda boʻlishi va farovon yashashi uchun, shu ikki tamoyil uygʻunlikda ishlashi lozim. Bunda eng asosiy eʼtiborni shunga qaratish kerakki, daromadlar taqsimlanishida kontribyutiv adolat tamoyiliga amal qilinsa, imkoniyatlar taqsimlanishida distribyutiv adolat tamoyiliga amal qilish kerak.
Daromadlar taqsimlanishida har kim oʻz mehnati va umumiy farovonlikka qoʻshgan hissasiga qarab ulush olishi kerak. Shunda oʻz iqtidorini oʻstirgan, mehnatdan qochmagan, jamiyatga iqtisodiy naf keltirgan odam shu harakatlariga monand ragʻbat oladi. Aʼlo oʻqigan oʻquvchi va talabani odil ragʻbatlantirish, yaxshi ishlagan xodimni mukofotlash kerak. Bunday muhitda olimlarda yangiliklar yaratishga, ijodkorlarda yaxshiroq ijod qilishga, tadbirkorda mahsulot va xizmat sifatini yaxshilashga intilish kuchli boʻladi. Iqtisodning barcha sohasi jadal rivojlanadi.
Shu bilan birga, har kimga teng imkoniyatlar berilishi kerak. Yashash, sogʻlom boʻlish, bilim olish, oʻz iqtidorini rivojlantirish oʻzi sevgan kasbda mehnat qilish uchun shart-sharoit va imkoniyatlar distribyutiv adolat prinsipiga koʻra taqsimlanishi lozim. Qonun har kimning shaxsiy va tijorat huquqlarini bir xil himoya qilishi lozim, har qanday yangi biznes egasi ham oʻz ishini qonuniy yuritish va oʻsish uchun boshqalar bilan teng imkoniyatga ega boʻlishi darkor. Maktablar hamma oʻquvchiga bir xil taʼlim berishi, shifoxona hamma bemorga bir xil qarashi kerak. Shunda astoydil bilim olib, mehnat qilishga tayyor quyi qatlam vakillari ham oʻz hayotlarini yaxshilay oladilar.
Xoʻsh, bugun mamlakatimizda ijtimoiy tenglik masalasi qanday ahvolda? Bunday savolga sovuqqon turib javob bera oladigan sergak odamlar kam. Har birimiz jamiyatimizdagi turli nuqsonlarga qarab, adolat har doim ham oʻz soʻzini aytmasligini tan olishga majburmiz. Bugunga kelib, distribyutiv va kontribyutiv adolatni uygʻunlikda ishlatishda qisman yutuqqa erishdik. Ammo hal qilinishi kerak boʻlgan muammolar hali bisyor.
Quyidagi jadvalda ijtimoiy tengsizlik boʻyicha Oʻzbekiston, ikki qoʻshni mamlakat, shuningdek Yevropa va Oʻrta Osiyo uchun oʻrtacha koʻrsatkichlar keltirilgan:
Mamlakat/Hudud | Inson tengsizligi koeffitsienti (%) | Sogʻlikni saqlashdagi tengsizlik (%) | Taʼlimdagi tengsizlik (%) | Daromaddagi tengsizlik (%) |
---|---|---|---|---|
Oʻzbekiston | 15.3 | 24.3 | 1.4 | 20.1 |
Qirgʻiziston | 12.1 | 13.6 | 5.0 | 17.7 |
Tojikiston | 14.9 | 23.2 | 6.5 | 15.0 |
Yevropa va Oʻrta Osiyo | 12.6 | 13.2 | 7.9 | 16.7 |
Jadvaldagi “Inson tengsizligi koeffitsienti” jamiyatdagi umumiy tengsizlik darajasini (foizda) koʻrsatadi. Bu umumiy daraja sogʻlikni saqlashdagi tengsizlik, taʼlimdagi tengsizlik va daromaddagi tengsizlik boʻyicha foizlarning arifmetik oʻrtachasidir. Har bir koʻrsatkich uchun foiz qancha katta boʻlsa, shu yoʻnalishdagi tengsizlik shuncha katta ekanini bildiradi.
Qirgʻiziston, Tojikiston va Yevropa/Oʻrta Osiyo uchun foizlar taqqoslash uchun berilgan. Biz eʼtiborimizni Oʻzbekistondagi foizlarga qaratamiz. Eng yomon koʻrsatkich (24.3%) sogʻlikni saqlashdagi tengsizlik darajasi boʻlib, u aholining turli qatlami tibbiy yordam olishda teng emasligini anglatadi. Shu boisdan ham bugun hukumat va prezident bu sohaga alohida eʼtibor qaratmoqda. Taʼlim sohasida tengsizlik juda past (1.4%): demak, taʼlim sohasida aholining har turli qatlamidan vakillar nisbatan teng imkoniyatga egalar. Daromadlar ham tengsiz taqsimlangan (20.1%), yaʼni boylar va kambagʻallar oʻrtasidagi farq yetarlicha katta.
Jamiyatimizda imkoniyatlar teng taqsimlangan deyish qiyin. Albatta, taʼlim sohasida tengsizlik juda kam, lekin sogʻlikni saqlash va boshqa sohalarda jiddiy farqlar bor. Bu tengsizlikni bartaraf etmasdan distribyutiv adolatga erishib boʻlmaydi.
Daromadlar tengsiz taqsimlangani odamlar mehnatiga qarab boylikka ega boʻlyapti degan xulosa berishi mumkin. Lekin bu koʻrsatkich faqatgina yuqori qatlam vakillari daromadi quyi qatlam vakillaridan qanchalik farq qilishini anglatadi. Jamiyatimizda jonkuyarlar oʻz mehnatiga monand daromad olmaydigan holatlar juda koʻp. Ularga eng yaxshi misol – xususiy tadbirkorlardir. Ularga erkin faoliyat yuritishga imkon berilsa, ularning daromadiga asossiz sheriklik qilinmasa, ular mamlakat iqtisodini jadal yaxshilay oladilar. Prezidentning tadbirkorni qoʻllash va himoya qilish haqidagi talablari asosida shu haqiqat turgandir, balki.
Ammo hukumat qancha harakat qilmasin, xalq yordamisiz jamiyatni isloh qila olmaydi. Bu oʻzgarishlar roʻy berishi uchun har birimizdan yordam talab etiladi. Adolat tamoyillari haqida biz bilishimiz, tushunishimiz va shu tamoyillarga amal qilishga intilishimiz lozim. Kuchli ijtimoiy tengsizlik qanday oqibatlarga olib kelishi, qayerda har kim oʻz mehnatiga qarab mukofotlanishi kerag-u, qayerda har kimga teng imkoniyat berilishi kerakligini biz bilishimiz kerak. Rejaga qoʻyilgan ijtimoiy va iqtisodiy islohotlar faqat aholi iqtisodiy madaniyati oshsa – odamlar iqtisod qanday ishlashini bilsa va shunga monand harakat qilsagina amalga oshadi. Koʻp narsa bizlarga bogʻliq.
Ishtimoiy va Gender tenglikni birhil holatda ; Gender tenglik xotin-qizlarni erkaklar bilan teng huquqda birhil tarozida teng bilish muhim
Ishtimoiy va Gender tenglikni birhil holatda ; Gender tenglik xotin-qizlarni erkaklar bilan teng huquqda birhil tarozida teng bilish muhim