Iqtisodda turli ijtimoiy omillar taʼsirida tinimsiz tebranishlar boʻlib turadi. Bu tebranishlarning aksari sof iqtisodiy asosga ega boʻlib, ular obyektiv iqtisodiy oʻzgarishlar natijasida yuzaga keladi.
Ammo iqtisod tarixida subyektiv omillar natijasida kelib chiqqan iqtisodiy tebranishlar ham koʻp kuzatilgan. Bunday tebranishlar ortida barcha hollarda spekulyatsiya va ommaviy telbalik turadi.
Spekulyatsiya – cheklangan axborotga ega xabarsiz ommani ehtimoldagi iqtisodiy oʻzgarishlarga ishontirish yoʻli bilan mahsulot, xizmat yoki kapital narxlarini sunʼiy oshirishga qaratilgan xatti-harakatlar.
Ommaviy telbalik – toʻda instinkti taʼsirida jamiyatning katta qismi spekulyativ
yangiliklarga koʻr-koʻrona ergashishi holati.
Masalan, uy qurishda kimdir yangicha sopol tom qoplamalari ishlata boshladi deylik. Yangicha mahsulot haqidagi ovoza bozorda tarqaladi, natijada odamlar tomlarni sopol bilan yopishni urf qilib oladilar. Bu jarayonga spekulyantlar aralashsa – ular bozordagi talabni haddan ziyod oshiradilar va narxlar tinimsiz oʻsib boradi. Bunday holat iqtisodiy pufak (economic bubble) deb nomlanadi. Bunda narxlar xuddi pufak shishgani singari koʻtarilib, shu bilan birga zaiflashib boradi. Spekulyatsiya choʻqqisiga chiqqanda esa pufak yoriladi va narxlar keskin tushib ketadi.
Tarixda eng esda qoladigan iqtisodiy pufak XVII asrda Gollandiyada “lolabozlik” sabab yuzaga kelgan. Golland oqsuyaklari Konstantinopoldan (hozirgi Istanbul) keltirilgan lola gullariga ruju qoʻyishgan. Kim koʻproq va noyobroq lola oʻstirish bellashuvi boshlangan va lola urugʻlari va nihollariga boʻlgan talab sunʼiy oshirilgan. Odamlar lolaga boʻlgan talab shunday oʻsishda davom etishiga ishonib, oʻz pullarini shu ishga tikishgan. Ish shu darajaga borib yetganki, lola Amsterdam qimmatli qogʻozlar bozorida ham savdoga qoʻyilgan. Ammo boylar loladan sovib, unga qiziqmay qoʻyganda, bozorga chiqarilgan lolalarga talab keskin yoʻqolgan va ularning narxi birdaniga tushib ketgan. Bundan juda koʻpchilik katta zarar koʻrgan.
Zamonamizning eng mashhur iqtisodiy pufagi asrimiz boshida internet kompaniyalari atrofida yuzaga kelgan. Internet tarmogʻida ish boshlab, katta daromadga erishgan ikki-uch kompaniya muvaffaqiyatidan odamlar bu soha oʻsishda davom etadi degan xato ishonch paydo boʻlgan. Bunga qimmatli qogʻozlar bozoridagi spekulyatsiya hissa qoʻshgan. Natijada internet kompaniyalariga katta sarmoyalar kiritilgan. Ammo 2000-yillarga kelib bu kompaniyalarning aksari hech bir amaliy qiymatga ega emasligi fosh boʻlgan va internet kompaniyalar aksiyalari narxi keskin tushib ketgan.
Spekulyatsiya asosan qimmatli qogʻozlar bozorida va valyuta ayirboshlash bozorlarida qoʻllaniladi. Chunki bu bozorlar oʻzgarishlarga oʻta taʼsirchan boʻlib, kichik bir yangilikni ham bozorni tebratish va shu bilan qisqa muddatda daromad topish uchun ishlatsa boʻladi. Bizda ham valyuta ayirboshlash bozorida spekulyatsiyalar tez-tez uchrab turadi va bu zararli tebranishlarni keltirib chiqaradi.
Spekulyatsiya va ommaviy telbalikning oldini olish uchun alohida shaxslardan sergak boʻlish talab etiladi. Eshitgan yangiligimizga darrov ergashib, shu asosida iqtisodiy qarorlar qabul qilish – kimlardir oʻz manfaati yoʻlida boshlagan spekulyatsiya oʻyiniga qoʻshilish va uni kuchaytirish demakdir. Shunday ekan, mahsulot yoki xizmatlarni isteʼmol qilishda yoki qaysidir ishga sarmoya kiritishda masʼuliyatli iqtisodchi kabi ish tutgan maʼqul.