Iqtisodning asosiy maqsadlaridan biri maksimal samaraga erishish. Bu tamoyil mavjud resurslardan imkoni boricha naf olishga xizmat qiladi. Mehnat – eng katta ekonomik resurs hisoblanadi. Undan samarali foydalanish, uni eng optimal usulda ishlatish juda katta iqtisodiy naf olib keladi.
Insonlarning mehnat qobiliyatlaridan oqilona foydalanishning bugunga qadar tan olingan eng yaxshi usuli – bu mehnat taqsimotidir.
Mehnat taqsimoti – ishlab chiqarish yoki xizmat koʻrsatish jarayonini alohida kichik vazifalarga boʻlib, shu alohida vazifalarni alohida ishchilarga topshirish bilan iqtisodiy jarayon samaradorligini oshirish strategiyasidir.
Mehnat taqsimotiga asos – turli odamlarning turlicha kuch-qudrat, isteʼdod, bilim, malaka va iqtisodiy imkoniyatlarga ega ekanidir. Aynan shu farq turli shaxslar oʻz tabiiy va ijtimoiy holatlaridan kelib chiqib, turli vazifalarga koʻnikishiga olib keladi, yaʼni mehnat taqsimoti har doim ixtisoslashishni keltirib chiqaradi.
Ixtisoslashishning afzalliklari haqida qadimgi yunon faylasufi Aflotun ham aytib oʻtgan. Uning fikricha, davlat mavjud boʻlishi uchun, uning xizmatida dehqonlar va quruvchilar kabi mutaxassislar boʻlishi zarur. Islom faylasufi Al Gʻazaliy (1058-1111) non yakuniy mahsulot holatiga kelguncha boʻlgan barcha bosqichlarni hisobga olsa, uni yaratishda minglab ishchilar qatnashganini koʻrish mumkin degan fikrni aytgan.
Elementar mehnat taqsimoti ibtidoiy tuzumda ham mavjud boʻlgan: oʻsha paytdayoq jamoa aʼzolari ularning hayotini taʼminlash uchun zarur vazifalarni oʻzaro boʻlishib olishgan. Ayollar termachilik va nasl parvarishi bilan shugʻullansa, erkaklar ov qilish va toʻda xavfsizligini taʼminlashga javobgar boʻlgan.
Ishlab chiqarish jarayonida mehnat taqsimotini qoʻllash afzalliklarini ingliz olimi Adam Smit taʼriflab bergan. U toʻgʻnagʻich (ignatugma) ishlab chiqarishning alohida qismlarini alohida shaxslarga topshirilsa, har bir odam butun ishni boshdan oxirigacha oʻzi qilgandagidan oʻnlab marta koʻproq mahsulot chiqarish mumkinligini payqagan.
Oʻz vaqtida Karl Marks mehnat taqsimotining yuksak samarasini toʻliq tan olgan holda, bu yondashuvni qoralab chiqqan. Uning fikricha, mehnat taqsimoti ishchilarning ijod qilish va izlanish qobiliyatini susaytirib, ularni bir ishni tinimsiz takrorlashga mahkum “mashinalarga” aylantirib qoʻyadi. Marks ikki xil mehnat taqsimotini ajratib taʼriflagan: insonning kuch-qobiliyatidan kelib chiqadigan texnik mehnat taqsimoti (uy qurishdagi gʻisht teruvchilar, suvoqchilar, boʻyoqchilar); va alohida guruhlarning ijtimoiy holatidan (tabaqasidan) kelib chiqqan ijtimoiy mehnat taqsimoti (qishloq aholisi dehqonchilikka ixtisoslashsa, shaharliklar xizmat koʻrsatish sohasini egallaydilar).
Mehnat taqsimoti katta iqtisodiy samara keltirgani bilan, meʼyordan oshgan holda juda ogʻir muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Mehnat taqsimoti alohida ishchi yoki butun jamoaning moslashuvchanligini kamaytiradi va keskin ijtimoiy oʻzgarishlarga nisbatan zaif qilib qoʻyadi. Masalan, bir ishchi tipografiyada bosma harflar terish bilan shugʻullanadi. U oʻz ishining ustasi va nashr etishning aynan shu qismini juda mohir bajaradi. Ammo agar shu ishni bajaradigan mashina ixtiro qilinsa yoki umuman shu bosqichsiz bosish usuli topilsa – shu ishchi ishsiz qoladi. Agar u butun ish faoliyati davomida faqat harf terish bilan shugʻullangan boʻlsa – bu oʻzgarish uning uchun juda jiddiy muammolar olib keladi.
Xuddi shunday, agar jamoa (deylik, bir viloyat yoki aholi qatlami) alohida mahsulot yoki xizmatga ixtisoslashgan boʻlsa va bu mahsulot yoki xizmat birdan keraksiz boʻlib qolsa – butun jamoa qiyin iqtisodiy ahvolda qoladi. Bunday holatga tushmaslik uchun alohida mutaxassis ham, butun bir jamoa ham tinimsiz bilim olishi, oʻz ustida ishlashi, yangi sohalarga qiziqishi kerak. Xalqimiz soʻzi bilan aytganda “bir yigitga qirq hunar ham oz”.
Shu oʻrinda bugun maktablarimizda urf boʻlgan “ixtisoslashish” holatiga iqtisodiy baho berib oʻtsak. Oʻrta taʼlim yosh avlodga har tomonlama fundamental bilimlar berishni nazarda tutadi. Maktabdagi fanlar “ixtisoslik fani” va “keraksiz” fanlarga ajratilmasligi lozim. Maktab bitiruvchisi kimyoni ham, geografiyani ham, informatikani ham bilishi kerak. Ana shundagina mehnat taqsimotidan kelib chiqadigan qiyinchiliklarni yengib oʻtish oson boʻladi. Bilimlar qamrovi keng shaxs oʻz ixtisosligi boʻyicha ishdan mahrum boʻlsa ham, boshqa notanish sohada yoʻlini oson topib ketadi.
Bugungi maktab bitiruvchilarining koʻpchiligi “ixtisoslashgan” fanidan boshqa fanlardan juda sayoz bilimga ega. Xaritani tushunmaydigan dasturchilar va odamning jigari qayerda ekanini bilmaydigan iqtisodchilar – oʻta meʼyordan chiqqan ixtisoslashish natijasidir. Buning amaliy yechimi – umumtaʼlim fanlardan yakuniy imtihonlarni qattiq nazorat qilish, barcha fanlardan qoniqarli baho olmagan bitiruvchiga guvohnoma bermaslik, koʻp oʻquvchilari guvohnomasiz qolgan maktablarni taftish qilishdir.
Zamonaviy mehnat taqsimoti va ixtisoslashish alohida milliy iqtisod chegaralaridan oʻtib, xalqaro miqyosga chiqqan. Masalan, biz ishlatadigan bir kompyuter boʻlaklari oʻnlab davlatlarda tayyorlanadi, soʻngra yakuniy mahsulot sifatida yigʻiladi. Bunday koʻlamdagi mehnat taqsimoti butun bir iqtisodlarni bir biriga haddan ziyod tobe qilib qoʻyadi va biridagi tushkunlik holati boshqasiga kuchli taʼsir qiladi. Shu bois Xitoy ehtiyot qismlari zavodida ish tashlash boʻlishi AQSHdagi firma faoliyatini tamoman toʻxtatib qoʻyishi mumkin.
Mehnat taqsimoti toʻgʻri qoʻllanilganda koʻpchilikning farovonligiga xizmat qilishi mumkin. Ammo uning salbiy oqibati boʻlgan ixtisoslashish meʼyordan oshirilsa – jamiyat kelgusi oʻzgarishlar qarshisida katta xatarga qoladi.