Mahsulot narxi qayerdan keladi? Nega ayrim mollar juda yuqori baholansa, boshqalari juda arzon? Narxni kim yoki nima belgilaydi?
Bugungi kungacha mahsulotlarning iqtisodiy qiymatini aniqlashga ikki xil yondashuv boʻlgan: obyektiv va subyektiv. Ushbu yondashuvlar asosida bir qator nazariyalar taklif qilingan.
Obyektiv yondashuv tarafdorlari mahsulot qiymati uning oʻzida jam boʻlganini aytadi. Buni tushunish uchun juda sodda misol kifoya. Masalan, menga bir nimaning vaznini oʻlchash uchun tarozining boshqa tomoniga qoʻyadigan tosh kerak. Menga bir kilolik qoʻrgʻoshindan tayyorlangan tosh va bir kilolik alyuminiydan quyilgan tosh taklif qilindi. Mana shu holatda obyektiv yondashuv bir kilolik qoʻrgʻoshinning iqtisodiy qiymati bir kilolik alyuminiy qiymatidan past ekanini aytadi. Bunda alyuminiyning tabiiy (fizik) xususiyatlari hisobga olinadi.
Yuqoridagi misolda men uchun ikki toshning ham iqtisodiy qiymati bir xil – tosh bir kilo vaznga ega boʻlsa boʻldi, tarkibi qoʻrgʻoshinmi yoki alyuminiy – ahamiyatsiz. Mana bu holat subyektiv yondashuvga misol. Men oʻz ehtiyojimdan kelib chiqib mahsulot qiymatini belgilayman.
Shunday qilib, obyektiv yondashuv mahsulot qiymatini uning ichki tabiiy xossalari va sifati belgilashini aytsa, subyektiv yondashuv mahsulot qiymatini isteʼmolchining unga bergan subyektiv bahosi belgilashini taʼkidlaydi.
Oʻz davrida Adam Smit, David RIkardo va Karl Markslar obyektiv yondashuv tarafdori boʻlishgan. Rikardo va Marks bu yondashuv asosida mahsulotning mehnatga asoslangan qiymati nazariyasini taklif qilishgan. Unga koʻra mahsulot narxi unga sarflangan jami mehnat miqdori bilan oʻlchanadi. Bunda mehnatning ogʻirlik darajasi va ishchining malakasi hisobga olinadi.
Kapitalistik iqtisodchilar mahsulot narxini belgilashda koʻproq subyektiv yondashuvdan boradilar. Ularning asosiy nazariyasi – talab va taklif qonunidir. Unga koʻra mahsulotning iqtisodiy qiymati (narxi) u bozorda qanchalik koʻp talab etilayotganiga va qancha miqdorda ishlab chiqarilayotganiga bogʻliq. Talab narxga teskari bogʻliq boʻlib, narx oshganda talab tushadi. Taklif esa narxga toʻgʻri bogʻliq va narx oshganda taklif ham oshadi. Ana shu ikki kuchni ham qanoatlantirgan narx mahsulotning bozor qiymati (erkin bozor narxi) boʻladi.
Nima deb oʻylaysiz – nega havo tekin? Obyektiv yondashuv boʻyicha mahsulot tekin boʻlishi uchun, u hech qanday qiymatli sifatga ega boʻlmasligi kerak. Lekin havo hayot uchun zarur mahsulot – demak u juda qimmatli tabiiy xossalarga ega. Xoʻsh, subyektiv yondashuv mahsulot isteʼmolchiga qanchalik kerakligiga qarab belgilansa – unda nega hamma uchun eng zarur mahsulot boʻlgan havoning narxi eng yuqorimas?
Yuqoridagi savolga marksistlar “Havo tekin ekaniga sabab, uni ishlab chiqarishga hech qanday mehnat sarflanmasligidir” deb javob berishadi. Kapitalistlarning ham bunga javobi tayin – “Havoning egasi yoʻq – agar u xususiy mulk boʻlganda, narxi juda yuqori boʻlardi”.
Ammo umumiy olib qaraganda obyektiv yondashuv koʻproq asosga ega va oʻzini oqlaydi. Masalan, oltin minglab yillar davomida yuqori qadrlanadi. Bunga uning tabiiy xossalari va estetik goʻzalligi sababdir. Subyektiv yondashuv asosida berilgan baho esa davr va muhitga qarab oʻzgarib boradi. Gʻarb sarmoyadorlari buni juda yaxshi bilishadi – ular u yoki bu kompaniya aksiyalarini sotib olishdan oldin, shu kompaniyaning asl (obyektiv) qiymati nimaga teng ekanini bilishga urinadilar va uning bozordagi narxiga ishonmaydilar.
Bozor iqtisodida mahsulotlarga narx qoʻyish erkin. Ammo biz isteʼmolchilarda har doim ularning obyektiv qiymatini chamalash imkoni bor.