Skip to content

Iqtisod nazariyasi: pul miqdori va inflyatsiya

XVI asrda Yevropa tinimsiz narxlar oshishidan aziyat chekkan. Oʻsha davr olimlari avvaliga bunga hukumatlar chiqarayotgan tangalardagi qimmatli metallar ulushi borgan sari kamayib borayotgani – buning natijasida pul qadrsizlanib ketganini sabab deb bilishgan. Ammo shu davrda yashagan fransuz huquqshunosi Jan Bodin bunga boshqa sabab borligini taxmin qilgan. U sof kumush va oltin tangalarning ham qadri tushib borayotganini taʼkidlab, bunga Yevropada kumush va oltin zaxirasi ortib borayotgani narxlar oshishiga olib kelganini aniqlagan.

XV-XVI asrlar Yevropa davlatlari (asosan Ispaniya) “yangi dunyo” (Amerika) yerlarini zabt etib, katta miqdorda oltin va kumush zaxiralariga ega chiqqan. Amerikadan ton maʼnoda oqib kelayotgan oltin hisobidan Yevropaliklarning xarid quvvati oshgan va ular faol isteʼmolchilarga aylanishgan.

Shundan soʻng iqtisodchilar pul miqdori va bozordagi narxlar oʻrtasidagi bogʻliqlikka eʼtibor bera boshlagan. Bu bogʻliqlik oddiy mantiqqa asoslanadi: odamlar qoʻlidagi pul koʻpaysa, ular koʻproq mahsulot va xizmatlar sotib olishni xohlaydi va bu talab oshishiga sabab boʻladi. Bozor esa oshgan talabga narxlarni koʻtarish bilan javob qaytaradi.

Ammo pul miqdori koʻtarilishi mahsulot va xizmatlarning nominal qiymati oshishiga olib keladi. Mahsulot va xizmatlarning asl (real) qiymati oʻzgarmay qoladi. Masalan, shaharning kam daromadli aholi yashaydigan qismida bir mahsulot bir narxda, badavlat qismida xuddi shunday mahsulot boshqa narxda sotilishi mumkin. Shaharning ikki qismiga yetkazilgan mahsulot bir joyda bir xil miqdorda manba sarflab ishlab chiqarilgan (ularning real narxi teng). Ammo isteʼmol joyida pul miqdori koʻp boʻlishi mahsulotning nominal qiymatini oshirib yuboradi.

Bu nazariyani ilk bora Amerikalik olim Irving Fisher matematik usulda tavsiflagan. Uning formulasi quyidagicha koʻrinishga ega:

MV=PT 

Bunda P (Price) – bozordagi narx darajasi, T (Transactions) – bozorda maʼlum muddat davomida amalga oshirilgan barcha oldi-sotdi harakatlari miqdorini anglatadi. Ularning koʻpaytmasi maʼlum muddat davomida bozorda jami necha soʻmlik savdo amalga oshirilganini koʻrsatadi. Tenglikning ikkinchi tomonida M (Money) – bozordagi umumiy pul miqdori va V (Velocity) – pulning aylanish tezligi (bozorda pul maʼlum muddat davomida qayta-qayta ishlatilishi mumkin – agar bir soʻm markaziy bankdan chiqib, bozorni aylanib, yana markaziy bankka qaytishi jarayoni yiliga ikki marta boʻlsa V=2 boʻladi).

Fisher formulasi ishlashini hayotda kuzatish qiyin. Shuning uchun, keling, kichik gipotetik iqtisodni misol qilib olamiz. Aytaylik, bizning iqtisodda 1000 soʻm pul bor. Shu pul bozorni bir yilda ikki marta aylanib chiqadi (yaʼni shu puldan har bir soʻm yiliga ikki marta xarid uchun ishlatiladi). Iqtisodimizdagi isteʼmolchilar yiliga jami 20 marta oʻrtacha 100 soʻmlik xarid qiladilar. Demak, bizning iqtisod uchun Fisher tenglamasi quyidagicha boʻladi:

1000*2=100*20 

Endi, deylik, biz iqtisodimizga qoʻshimcha 500 soʻm kiritdik. Endi isteʼmolchilarda xarid uchun koʻproq pul bor. Ular endi har safar 100 soʻmlik emas – 150 soʻmlik xarid qilishlari mumkin. Bu oshgan talabga bozor narxlarni koʻtarish bilan javob qaytaradi va tenglama quyidagi koʻrinishga keladi:

1500*2=150*20 

Yaʼni bozordagi pul miqdori oshishi nominal narxlar oshishiga (inflyatsiyaga) olib keladi. Albatta, yuqoridagi misol oʻta soddalashtirilgan. Unda umumiy pul miqdori 50% oshishi narxlarning ham 50% oshishiga sabab boʻlyapti. Fisher va uning ergashuvchilari pul aylanish tezligi (V) va xarid miqdori (T) oʻzgarmaydi deb hisoblashgan. Ammo keyinchalik amalda pul miqdori oshishi tenglamadagi hamma koʻrsatkichlarni oʻzgartirishi aniqlangan. Pul miqdori oshishi pul savdo amallari (T) sonini oshiradi – odamlar haftasiga uch marta oʻrniga toʻrt marta xarid qilishga oʻtishadi. Natijada pul miqdori ortishi umumiy narx (P) darajasiga qisman taʼsir qiladi. Ushbu murakkab holatni misolimizdagi iqtisodga tatbiq qilsak, quyidagicha tenglama kelib chiqadi:

1500*2.2=110*30 

Yaʼni 500 soʻm qoʻshimcha mablagʻ odamlarni yiliga 30 marta xarid qilishga undaydi, bozor narxi 110 soʻmgacha koʻtariladi. Yiliga 30 marta 110 soʻmlik xarid qilish 1500 soʻmni bozorda 2.2 marta (avvalgidan 10% tezroq) aylantiradi.

Fisher tenglamasini hozirda mamlakatimizda kuzatilayotgan inflyatsiyani tushuntirishda ishlatish mumkin. Chetga mehnat kuchi va mahsulotlar eksport qilish natijasida milliy iqtisodimizga katta kirim kelib tushyapti. Natijada xaridlar (T) oshib boryapti. Bu oʻz navbatida umumiy narxlar (P) oshishiga olib kelyapti. Eksportga koʻproq tayangan har qanday iqtisod yuqori inflyatsiyadan aziyat chekishga mahkum. Milliy iqtisodimiz kabi oʻsib borayotgan iqtisod uchun bu nisbatan zararsiz – ammo rivojlangan davlatlar iqtisodiyoti bundan anchagina jabr koʻradi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan