Masʼuliyatli isteʼmolchi: sunʼiy talab va iqtisod

Categories Asosiy

Iqtisod asosida nima turadi? Menimcha, barcha iqtisodiy jarayonlar ortida isteʼmol turadi. Isteʼmolsiz talab boʻlmaydi, talabsiz – taklif. Bu juda oddiy mantiqiy xulosa.

Demak, iqtisodni tartibga solish uchun avval isteʼmolni – isteʼmolchilar xatti-harakatlarini tartibga solish zarur.

Bugun koʻpchiligimiz masʼuliyatli isteʼmolchi emasmiz. Biz mahsulot va xizmatlarni juda betartib va baʼzan asossiz isteʼmol qilamiz. Bizga yana koʻp xizmat qilishi mumkin boʻlgan buyumlardan voz kechamiz, yangi – aslida bizga zarur boʻlmagan mahsulotlarni sotib olamiz.

Gʻarb iqtisodiy nazariyasiga koʻra bu juda yaxshi holat. Kapitalistik dunyoda isteʼmol qancha koʻp boʻlsa, shuncha yaxshi. Chunki isteʼmol qancha koʻp boʻlsa, talab shuncha katta va uzluksiz boʻladi, ishlab chiqarish shuncha koʻp, daromad ham shunga monand yuqori boʻladi. Ammo bunday yondashuvning bir nechta juda katta salbiy asorati bor.

Birinchidan, isteʼmol tinimsiz oshishiga tayangan iqtisod doimiy inflyatsiyaga chidashi kerak. Bunda raqobatdagi ishlab chiqaruvchilar bozorga koʻproq mahsulot oʻtkazishga intilib, kuchli taʼsir qiluvchi reklama vositalaridan foydalanadilar. Reklama sohasi mutaxassislari esa oddiy isteʼmolchilarda sunʼiy talabni qanday paydo qilishni juda yaxshi bilishadi. Ular bunda odamning eng oddiy va tabiiy instinktlariga tayanadilar – reklama har doim oʻzini oqlaydi. Talab doim baland turadi va bu imkonsiz narxlar doimiy oshishiga olib keladi.

Tinimsiz oshib borayotgan narxlarni hisobga olgan holda, ishlab chiqaruvchilar imkoni boricha koʻproq mahsulot chiqaradilar. Bundan isteʼmolga tayangan iqtisodning ikkinchi salbiy asorati kelib chiqadi: bunday iqtisod manbalar (resurslar) isrof boʻlishiga olib keladi. Koʻproq mahsulot chiqarish uchun koʻproq xom ashyo kerak – sayyoramiz zaxiralari esa cheklangan.

Misol uchun, hammamiz biladigan Apple kompaniyasi 2012-yilda 125 million dona iPhone sotgan. Bir dona bunday mahsulot oʻrtacha 140 gramm ogʻirlikka ega. Demak, 2012-yilda Apple faqatgina iPhone chiqarish uchun 17 500 tonna xom ashyo sarflagan ( 140g X 125 000 000 = 17 500 000 000g = 17 500 000kg = 17 500 tonna). Keyingi 2013-yilda Apple dunyo bozoriga 150 million dona iPhone sotgan (yana 21 000 tonna xom ashyo). Bu faqat Apple kompaniyasining bir turdagi mahsulotiga ketgan resurslar. Endi bunga Apple raqobatchisi Android tizimidagi mahsulotlarni qoʻshsa, har yili sunʼiy talabni qondirish uchun qancha resurs sarflanayotganini taxmin qilish mumkin.

Bu narsa bizdan naridagina sodir boʻlyapti deb oʻylash mumkin. Ammo mamlakatimiz resurs zaxiralari ham sunʼiy talabni qondirish uchun isrof qilinmoqda. Bunga eng yaqqol misol – bugun qurilish mollariga talabning kattaligidir. Bizda bugun uy qurish “moda” boʻlgan. Umrboqiy uylar qurish emas – aynan yangisini qurish. Bir binoni bitkazish uchun qancha tabiiy resurslar sarflanadi? Bir qop sement chiqarish uchun qancha energiya sarflanadi? Bir litr boʻyoq chiqarishda atrof-muhitga qancha zarar yetkaziladi? Oʻrtacha uy qurish uchun qancha yogʻoch (yaʼni daraxt) sarflanadi?

Biz har 5 yilda yangilanadigan uylar qurish “poygasida” qatnashib, daromadimizni zararli isteʼmolga sarflayapmiz. Yaʼni biz tabiiy resurslarimizni isrof qilishga pul sarflayapmiz. Keyingi avlod buning natijasida energiya va resurs tanqisligiga duchor boʻlishi haqida oʻylab koʻrmayapmiz. Sunʼiy talabni qondirishga qaratilgan ana shu mablagʻlarni farzandlarimizga sifatli taʼlim berishga yoʻnaltirsak – uzoqni koʻzlab ish qilgan boʻlamiz.

Toʻgʻri, bugun biz bozor iqtisodiga oʻtyapmiz. Bunda mulkdorlik rivojlanishi, raqobat kuchayishi, ishlab chiqarish hajmi oshishi – reklama bozorda oʻz hukmronligini oʻrnatishi tabiiy hol. Ammo bozor iqtisodiga oʻtish badaliga tabiiy resurslarimizdan hisobsiz foydalanish yaramaydi. Buning oldini olish uchun bizdan bor-yoʻgʻi masʼuliyatli isteʼmolchi boʻlish talab etiladi, xolos.

Iqtisodchi / dasturchi / blogger

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan