Skip to content

Iqtisodiy markazlashish – aysberglar nazariyasi

Bugun biz iqtisodiy markazlashishga guvoh boʻlyapmiz. Mamlakatimiz iqtisodiy barqarorligi borgan sari poytaxt Toshkentga bogʻliq boʻlib bormoqda. Bugun barcha yirik tashkilotlar oʻz idoralarini poytaxtda ochishmoqda. Hatto viloyatlarda asos solingan firmalar ham oxir oqibat bosh idoralarini Toshkentga koʻchirishga majbur boʻlmoqda.

Bunga bir nechta sabablar bor. Birinchidan, Toshkent iqtisodiy va madaniy markaz sifatida hammani oʻziga jalb qiladi. Ikkinchidan, Toshkentda infratuzulmalar (transport, aloqa vositalari, energetik taʼminot) viloyatlarga nisbatan ancha rivojlangan va deyarli uzluksiz ishlaydi. Uchinchidan, Toshkentda boshqa koʻplab markaziy idoralar joylashgan va ular bilan bogʻliq ish jarayonlar oson kechadi.

Iqtisodiy markazlashish – har jihatdan zararli holat. Toshkent aynan iqtisodiy markazlashish sabab bugun juda koʻplab ijtimoiy muammolarga duch kelmoqda. Shahar aholisining keskin oshishi poytaxtning iqtisodiy, ekologik va ijtimoiy hayotiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Biznes sabab Toshkentga viloyatdan odamlar koʻchib kelishi turar joy va boshqa birlamchi ehtiyoj mollariga boʻlgan talabni oshirib, narxlarni koʻtarmoqda. Viloyatlarda 1000 soʻm turadigan bitta non poytaxtda 2000 soʻm turishi bugun hech kimni ajablantirmaydi. Urbanizatsiya poytaxtning ekologik muhitiga ham sezilarli zarar yetkazmoqda. Soʻnggi yillarda Toshkentdagi avtomobillar soni keskin koʻpayishida viloyatlardan kelayotgan tadbirkorlarning ham hissasi bor. Iqtisodiy markazlashish nafaqat poytaxtga zarar keltiradi. Uning ortidan mamlakatning barcha hududlari turli darajada zarar koʻrishadi. Markazlashish ortidan viloyatlararo va shaharlararo transport qatnovi koʻpayadi.

Sof iqtisodiy jihatdan markazlashishning eng katta salbiy asorati – bu daromadning notoʻgʻri taqsimlanishidir. Bozor iqtisodi muhitida tabaqalanish, aholining turli qatlamlarga boʻlinishi chetlab oʻtib boʻlmas holat. Erkin bozor qonunlari bilan boshqariladigan iqtisod markazlashganda, aholining eng quyi qatlamlari eng koʻp aziyat chekadi.

Buni tushunish oson boʻlishi uchun men “aysberglar nazariyasi” deb nomlangan gʻoyani taklif qilaman. Tasavvur qiling, jamiyat – bu aysberg. Uning suvdan koʻtarilib turgan uchi – jamiyatning eng daromadli qatlami. Suvga eng chuqur botgan tubi esa – aholining eng iqtisodiy zaif qismi. Gap shundaki, iqtisod qancha markazlashgan boʻlsa, aysberg shuncha katta boʻladi va uning tubi suvga juda chuqur botadi. Yaʼni markazlashgan iqtisodda aholining nochor qismi eng katta talafot koʻradi. Agar iqtisod taqsimlangan (tarqoq) boʻlsa – bunda u endi koʻplab kichik aysberglardan iborat boʻladi. Kichik aysberglar suvga uncha chuqur botmaydilar. Yaʼni taqsimlangan iqtisodda daromad mamlakat hududlari boʻyicha nisbatan teng taqsimlanadi va aholining barcha qatlamlari farovonligi koʻproq taʼminlanadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda iqtisodning markazlashishiga qarshi juda koʻp ishlar qilinmoqda. Masalan, Toshkentga aholi koʻchib kelishini kamaytirish uchun turli maʼmuriy vositalar qoʻllanilmoqda. Viloyatlarda tadbirkorlik bilan shugʻullanganlarga turli imtiyoz va chegirmalar berish, mamlakatning turli qismlarida “erkin iqtisodiy hududlar” yaratish, viloyatlarning transport va aloqa tuzulmalarini yangilash, axborot texnologiyalarini ommalashtirish kabilar barchasi qay darajadadir iqtisodiy markazlashishni oldini olish uchun amalga oshirilyapti.

Ammo iqtisodiy markazlashishdan qutulish uchun, birgina hukumat harakatlari yetarli emas. Buning uchun barchamiz masʼuliyatli tadbirkor va isteʼmolchi boʻlishimiz lozim. Viloyat va tumanlarda biznes qilib, avvalo mahalliy aholiga foyda keltirish, yangi ish oʻrinlari yaratish kerak. Isteʼmolchi sifatida esa faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini sotib olish bilan biz bu isteʼmoldan tushgan daromad oʻz hududimizda qolishini taʼminlagan, natijada iqtisodiy markazlashishni bartaraf etishga kichik hissamizni qoʻshgan boʻlamiz.

Axir, tabiatan hammamiz iqtisodchilarmiz.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan