Skip to content

Bozorni boshqarish kerakmi? 2-qism: Keynescha yondashuv

Adam Smitning davlat nazoratisiz oʻz-oʻzini taʼminlaydigan erkin bozor haqidagi gʻoyalari asosida klassik iqtisod nazariyasi shakllandi va amalda qoʻllandi. Unga koʻra, yalpi taklifdagi (aggregate supply) oʻzgarishlar oʻzini oʻzi toʻgʻrilash xususiyatiga ega. Klassik iqtisodchilar yalpi taklif tushsa, ishsizlik kelib chiqadi, bu esa maoshlar va narxlarni pasaytiradi, natijada mahsulot, xizmat va ishchi kuchiga boʻlgan yalpi talab ortadi va bu ishsizlikni kamaytirib, iqtisodiy oʻsishni avvalgi holiga qayta tiklaydi deb hisoblashgan.

Bu yondashuv 20-asrning boshigacha nisbatan bexato ishlab kelgan. Ammo 1930-yillardagi AQSHdagi katta tushkunlik sabab iqtisodchilar klassik yondashuvni shubha ostiga qoʻya boshlaganlar. Bu chuqur inqiroz sabablarini tushunishga uringan shunday olimlardan biri Britaniyalik iqtisodchi Jon Maynard Keynes boʻlgan. AQSH inqirozini tahlil qilish davomida u klassik nazariya har doim ham samara bermasligini aniqlagan va yalpi talabga asoslangan yangicha yondashuv taklif qilib chiqqan. Bu yondashuv Keynescha yondashuv yoki Keynescha iqtisod nomi bilan bugunga qadar qoʻllaniladi.

Keynes inqirozga uchragan iqtisod har doim ham oʻzini oʻzi tiklay olmasligini izohlab bergan. Yalpi taklif tushganda, ishlab chiqaruvchilar xodimlarni boʻshatish va maoshlarni pasaytirishga harakat qiladilar. Iqtisodda umumiy narxlar ham tushadi – lekin bu aholining yalpi talabini oshirmaydi. Chunki ishsizlik oshishi aholi daromadini tushiradi va bu talab oshishiga qarshilik qiladi. Ishlab chiqaruvchilar bunday past talabga mahsulot hajmini kamaytirish bilan javob beradilar va bu, oʻz navbatida, ishsizlikni yana-da oshiradi.

Shu kuzatuvlardan kelib chiqib, Keynes bunday hollarda davlat iqtisodni oʻz nazoratiga olishi va bozorda faol ishtirok etishi kerakligi haqidagi taklifni ilgari surgan. Inqirozdan chiqish uchun davlat soliqlarni kamaytirishi va xarajatlarini oshirishi kerakligi aytilgan. Shunday qilinsa, tushib ketgan aholi yalpi talabi oʻrnini davlat talabi toʻldiradi va bu ishlab chiqaruvchilarni mahsulotni qisqartirishdan tiyib qoladi. Ishlab chiqaruvchilar davlat buyurtmasini bajarish uchun xodimlarini ishda saqlab qoladilar, hatto yangi xodimlarni ishga olishlari mumkin.

Bunday yondashuv, Keynes fikricha, aholi yalpi talabini oshiradi. Davlat buyurtmasini bajarayotgan ishlab chiqaruvchi xodimlariga maosh toʻlaydilar. Xodimlar daromadi oshadi va ular bu pulning soliqlardan ortgan qismini isteʼmol uchun sarflaydilar. Natijada, bu pul yana boshqa odamlarning daromadiga aylanadi va ular ham uning soliqlardan ortgan qismini isteʼmolga sarflaydilar. Bu jarayon zanjir kabi davom etadi va umumiy iqtisod harakatga keladi.

Buni aniq tushunish uchun kichik bir misolga murojaat qilaylik. Tasavvur qiling tushkunlikka tushgan iqtisodda davlat yangi yoʻl qurilishiga pul ajratishga qaror qildi. Bunda davlat qurilish firmasini yolladi va unga yangi yoʻlga buyurtma berdi. Bu firma bunday katta buyurtmani bajarish uchun davlat bergan pul hisobidan qoʻshimcha ishchilarni yolladi va mavjud xodimlari maoshini oshirdi. Men shu firmaning xodimiman, deylik. Davlat buyurtmasigacha maoshim 1 million soʻm edi. Buyurtmadan keyin maoshim 1,5 millionga oshirildi. Mening daromadimdan 20 foiz soliq olinadi deb tasavvur qilaylik. Demak, davlat buyurtmasidan oldin men isteʼmolga (200 ming soliq toʻlagandan keyin) 800 ming soʻm sarflar edim. Buyurtmadan keyin soliqdan ortgan daromadim 1 million 200 ming soʻmga koʻtariladi (yaʼni isteʼmolga sarflaydigan daromadim 400 mingga koʻpayadi). Men endi 400 ming qoʻshimcha isteʼmol qilishim mumkin. Bu mening mahsulot va xizmatlarga boʻlgan talabimni oshiradi. Men sarflagan shu qoʻshimcha 400 ming yana kimningdir daromadiga aylanadi va ular ham bu puldan 20 foiz soliqni toʻlagach, qolganini isteʼmol uchun ishlatadilar. Va bu jarayon shu tarzda davom etaveradi.

Keynes bu jarayon yana ham samarali boʻlishi uchun davlat soliqlarni tushirishi kerakligini aytgan. Yuqoridagi misolda har safar pul bir odamdan boshqa odamga daromad shaklida oʻtganda uning 20 foizi soliqqa sarflanadi. Agar bunda daromad soligʻi kamaytirilsa, isteʼmolga ortgan va bozorda aylanishni boshlaydigan pul yana ham koʻpayadi. Yuqoridagi misolda davlat buyurtma berish bilan birgalikda daromad soligʻini 10 foizga tushirdi, deylik. Bunda mening yangi maoshim 1,5 million, undan davlat 10 foiz soliq olsa – ortgan pul 1 million 350 ming soʻmni tashkil qiladi. Demak, mening isteʼmol uchun daromadim 800 mingdan 1 million 350 ming soʻmga ortadi. Men endi isteʼmolga qoʻshimcha 550 ming sarflay olaman (avvalgi 400 mingdan 150 ming soʻmga koʻproq). Men sarflagan bu 550 ming kimningdir daromadiga aylanadi va ular ham endi 10 foizgina soliq toʻlab, qolganini isteʼmolga sarflaydilar. Va hokazo.

Keynes davlat xarajatlarini oshirish va soliqlarni qisqartirishdan keladigan bunday qoʻshimcha isteʼmolni koʻpaytuvchi effekti (multiplier effect) deb atagan. Unga koʻra, davlat qoʻshimcha xarajat orqali iqtisodga qanchadir mablagʻ kiritsa, bu pul iqtisodda qayta-qayta ishlatilishi sabab, isteʼmol shu mablagʻning bir necha barobaricha ortadi. Bunda aholi soliqdan keyingi daromadining bir qismini kelgusi isteʼmol uchun saqlab qoʻyishi ham hisobga olinadi. Lekin biz misolni sodda koʻrinishda qoldirish uchun, odamlar soliqdan ortgan daromadini toʻligʻicha isteʼmolga sarflaydi deb faraz qildik.

Bozorni boshqarishga Keynes taklif qilgan bu yangicha yondashuv keyingi 70-80 yilda rivojlangan davlatlarda keng qoʻllanildi. Turli davrda ekin bozor tarafdorlari Keynescha yondashuvni koʻp marta shubha ostiga qoʻydilar. Bunga javoban Keynescha yondashuv qayta koʻrib chiqildi va bugunga kelib Yangi Keynescha iqtisod nazariyasi shakllantirildi.

Nima boʻlganda ham, Keynescha yondashuv klassik yondashuv tushuntirib bera olmagan koʻp holatlarni izohlab berishga erishdi. Shu sababdan ham biz uni yaxshilab oʻrganishga harakat qilishimiz lozim.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan