17-19-asrlar davomida koʻplab qonli inqiloblar va qoʻzgʻolonlar doyaligida dunyoga kelgan kapitalizm oʻz hayotining birinchi yuz yilligini nishonlamay turib, jiddiy tanqidga uchray boshladi. Mana shu tanqid oʻti taftida kapitalizmning fundamental raqibi — sotsializm unib chiqdi. Shundan beri ikkisi hech kelishishni ham, yutqazishni ham istamay, jon olib, jon berib olishib kelmoqda. Aniqrogʻi, qonli kurashlar shu ikki falsafaga chindan ishongan odamlar oʻrtasida yuz bermoqda.
Ikki tomonni yoqlovchilar ham raqib tomon falsafasini qoralash uchun mantiqiy va amalda oʻz tasdigʻini topgan dalillar keltiradilar. Keling ularni chuqur tahlil qilib, muammo aslida nimada ekanini tushunishga urinib koʻramiz.
Sotsializm nuqsonlari
Sotsialistik jamiyatda ishlab chiqarish omillari (yer, suv, tabiiy boyliklar, energiya manbalari va hokazo) alohida shaxslar yoki guruhlarga emas — butun xalqqa tegishli boʻladi. Mana shu tamoyildan sotsializmning birinchi kamchiligi kelib chiqadi: agar hamma narsa hammaniki boʻlsa, alohida odamlar hammaniki boʻlgan manbalarni samarali ishlatish, tejash, asrab-avaylash haqida qaygʻurmaydilar. Agar siz yashayotgan uy, siz minayotgan mashina yoki siz ishxonada ishlatayotgan kompyuter shaxsan sizga tegishli boʻlmasa, ularga nisbatan palapartish munosabatda boʻlasiz va natijada ular tez eskiradi, oʻz qadrini tez yoʻqotadi va tez orada isteʼmolga yaroqsiz holga keladi.
Bu chindan ham asosli tanqid. Odamzod toʻgʻridan-toʻgʻri uniki boʻlmagan va bevosita uning shaxsiy manfaatiga xizmat qilmagan mulkni qadrlashni bilmaydi yoki istamaydi. Albatta, sotsialistik mulk undan foydalanayotgan odamning manfaatiga xizmat qiladi — faqat bu foydani u bilvosita koʻradi: u shu mulkni ishlatish bilan jamiyatga naf keltiradi, jamiyat yaxshilanishi esa uning hayotini yaxshilaydi. Yaʼni, mulkdan olingan manfaat jamiyat manfaati orqali alohida shaxs manfaatiga xizmat qiladi.
Bu nuqsonni bartaraf etish uchun ijtimoiy mulkni himoya qilish talab etiladi: sotsialistik jamiyat aʼzosi boʻlgan har bir shaxsdan unga foydalanish uchun berilgan xalq mulkini qadrlash qonunan talab etiladi. Bu qonunni buzganlar jamiyat oldida javob beradilar. Ammo, bilamizki, odamzod tabiatidagi salbiy xislatlar (masalan, hasad) bunday qonuniy nazorat har doim ham toʻgʻri ishlamasligiga olib keladi.
Sotsializmda hamma nisbatan teng daromadga (yaʼni, yashash va shaxs sifatida oʻsish uchun nisbatan teng shart-sharoitga) ega boʻladi. Bu jamiyatning baʼzi aʼzolarida dangasalik va tekinxoʻrlikni keltirib chiqaradi: agar umumiy mehnatga qoʻshgan hissangizdan qatʼiy nazar, bir xil mukofot olsangiz, oʻzingizni qiynab ishlagingiz kelmaydi, albatta. Ammo bu muammo aslidagiga qaraganda oʻta boʻrttirib taʼriflanadi doim: oʻz mehnati uchun deyarli teng haq olsa, yoppasiga hamma ishdan qochadigan boʻlib ketmaydi. Chunki ishsiz — hech qanday mashgʻulotsiz oʻtirish odamzod tabiatiga zid. Juda koʻpchiligimizni uyda ishsiz oʻtirishga majbur qilib, psixologiyamizni sinovdan oʻtkazayotgan bugungi pandemiya sharoiti buni yaqqol isbotlab beryapti.
Sotsializmga qarshi ilgari suriladigan yana bir katta tanqid bunday jamiyatda innovatsiyaning boʻlmasligini taʼkidlaydi. Bunga asosiy sabab qilib sotsialistik jamiyatda raqobatning yoʻqligi koʻrsatiladi. Bu ham mantiqan asosli dalil: kimdandir oʻzish istagi bizni oʻz mehnat-faoliyatimizda yangiliklar qilishga undaydi. Ammo masalaga chuqurroq qaralsa, odamzod kim bilandir bellashish uchun emas — yangilikka intilgani uchun ixtirolar qiladi. Butun dunyoni oʻzgartirgan katta-katta ixtirolar tarixiga nazar solsak, ular raqobat bosimi ostida emas — qiziquvchanlik shijoati bilan qilinganini koʻramiz. Nyuton oʻz qonunlarini boshqa bir fizikdan ortda qolmaslik uchun qilmagan. Eynshteyn nisbiylik nazariyasini kim bilandir bellashib kashf etmagan.
Bir soʻz bilan aytganda, sotsializm nuqsonlari — shu tizimning ichki ziddiyatlari natijasi emas. Ular shunday tizimda yashayotgan alohida odamlarning maʼnaviy qoloqligi, primitiv fikrlashi va johilligi sabab yuzaga keladi.
Kapitalizm nuqsonlari
Kapitalistik jamiyatda shaxsiy mulk — muqaddas va daxlsiz. Unda har kim oʻz mehnati yoki ota-bobolari vasiyati ortidan qoʻlga kiritgan mulkiga mutlaq egalik qiladi. Istasa undan unumli foydalandi, istasa — yoqib yuboradi.
Shaxsiy mulkidan unumli foydalanishni tanlaganlar oʻz mulklari yordamida qoʻshimcha daromad qiladilar — bu qoʻshimcha daromadga yana koʻproq mulk sotib olsa boʻladi. Ammo qoʻshimcha mulk har doim ham mavjud boyliklarni samarali ishlatish orqali egallanmaydi: baʼzan qoʻshimcha mulk zoʻravonlik, ayyorlik, firibgarlik yoki korrupsiya orqali ham qoʻlga kiritiladi.
Bunday sharoitda har doim mulkdorlar sinfi hosil boʻladi: jamiyatning umumiy mehnatidan yaralgan qoʻshimcha boyliklarning katta qismi ana shu mulk egalari choʻntagiga borib tushadi. Bu jarayon oʻz-oʻzini kuchaytirish xususiyatiga ega: mulkdorlar sinfi oʻz mulkidan foydalanib, iqtisod yetishtirgan neʼmatlarning kattaroq ulushini oʻzlariga oladilar, bu ularning mulkini (va oxir oqibat ularning iqtisodiy va siyosiy hokimiyatini) yana ham orttiradi.
Kapitalizmdagi eng muhim omili deb bilingan raqobat ham bu falsafa raqiblari tomonidan jiddiy tanqid qilinadi. Ideal kapitalistik jamiyatda hamma bir-biri bilan ochiq va halol raqobat qiladi: kichik biznes ham, katta korporatsiya ham qonun oldida teng turadi. Ammo amalda bunday emasligini hammamiz juda yaxshi bilamiz. Amalda katta mulkdorlar oʻz qudratlarini (siyosiy va iqtisodiy kuchlarini) ishlatib, ularning yoʻliga toʻgʻonoq boʻlgan har qanday kichik biznesni yoʻq qilishlari hech kimda hayrat uygʻotmaydi. Kapitalistik jamiyatning javohiri deb bilingan ochiq va sogʻlom raqobat real hayot sinovidan oʻta olmaydi.
Biroq kapitalizmga qarshi aytiladigan eng jiddiy tanqid — bunday jamiyatda kamchilik koʻpchilik hisobiga farovon yashashidir. Bunday jamiyatda hech qanday mulkka ega boʻlmagan yoki juda kichik mulk egasi boʻlgan odamlar katta mulk egalari qoʻlida ishchi-xodimlar sifatida ishlashga majbur. Mulkdorlar sinfi borgan sari koʻproq mulkni egallab boravergani sari, ishchilar sinfi koʻpayib, qashshoqlashib boraveradi. Bugungi AQSh jamiyati bunga yaqqol misol: mamlakat aholisining 1 foizini tashkil qiladigan eng boy mulkdorlar qoʻlida jamlangan mol-davlat aholining eng kambagʻal 50 foizi egalik qilgan mulkdan koʻproq.
Daromadlar bu darajada nohaq taqsimlanishi uzoq muddat va keng miqyosda juda ayanchli oqibatlarga olib keladi. Millionlab odamlar moliyaviy holati imkon bermagani sababli taʼlim olish, sogʻlom yashash va oʻzining potensialini toʻliq ochish imkonidan mahrum boʻladi. Buning qanchalik jiddiy ekanini tushunish uchun kapitalistik yoʻldan borishni tanlagan mamlakatlarning (shu jumladan bizning) milliardlab qashshoqlik yoki qiyinchilikda yashayotgan aholisi orasida qanchadan-qancha olimlar unib chiqish imkonidan mahrum boʻlayotganini chamalab koʻrsak kifoya.
Yuqoridagilardan tashqari, kapitalizm doimiy inqirozlar, yangi bozor yoki resurs talashib urushlarga sabab boʻlish odati, sayyora resurslarini sovurish kabi nuqsonlarga ega. Ammo yaxshilab oʻylab koʻrilsa, bularning bari (xuddi sotsializm misolida boʻlgani kabi) kapitalistik falsafaning ichki ziddiyatlari natijasi emas. Aksincha, bugunning kapitalistik jamiyatlari aziyat chekayotgan koʻpchilik muammolar odamzoddagi nafs va hokimiyatparastlik oqibatlari. Aynan odamdagi tubanlik va xudbinlik sabab ham kapitalizm butun jamiyatga keltirishi mumkin boʻlgan uncha-muncha naf ham yoʻqqa chiqariladi.
Xulosa qanday?
Kapitalizm oʻz davrida jamiyatning ishbilarmon qatlamini ozod qilish, eski monarxiya va feodalizm zanjirlarini parchalash va mulkdor boʻlish huquqini har kimga teng berish shiorlari bilan chiqdi va shu maqsadlarga yetarli darajada erishdi ham. Ammo bu maqsad yoʻlida dunyo aholisining katta qismi nochor ahvolda yashashga mahkum qilindi.
Sotsializm alohida sinf yoki qatlamni emas — butun jamiyatni koʻtarish ilinjida yuzaga keldi. Oʻz ustida ishlash, toʻlaqonli shaxs boʻlib yetishish va jamiyat farovonligiga oʻzi yoqtirgan va zoʻr uddalagan usulda hissa qoʻshish imkoni hammaga teng berilishi kerakligi uning shiori boʻldi.
Yuqoridagi muhokamadan anglash qiyin emaski, kapitalizm va sotsializm oʻzi vaʼda qilgan natijalarga erishishiga toʻsqinlik qiluvchi muammolarga odam bolasining baʼzi nuqsonlari sabab boʻladi. Lekin ikki yondashuv, ikki falsafa oʻrtasida juda muhim fundamental farq bor: sotsializm unga odamzodni baxtli qilishga xalal beradigan illatlarni qoralaydi, kapitalizm esa — mukofotlaydi.
Ikkalasi ham yomon ekan eng maqbuli bormi?
Eng yaxshisi ikkalasini o’rtasida balansni ushlay olishlik. Adolatli bo’lish, ijtimoiy masulyatni his qilish, uvolnva isrofgarchilikka yo’l qo’ymaslik, muhtojlarga yordam berish.