Skip to content

Alifbo islohoti haqida baʼzi (qisman tartibsiz) mulohazalar

Alifboni isloh qilish atrofida ketayotgan bahslarga jamiyatning ziyoli qatlami oʻta berilib ketdi. Shu darajada berilib ketdiki, muammolarni yechish ilinjida yana ham katta muammolarga olib boradigan yechimlar taklif qilishgacha borilmoqda.

Hammasi nimadan boshlandi?

Hammasi Oʻ va Gʻ harflaridan boshlandi. Ularning maxsus belgisi (‘) hozirgi mavjud klaviatura va dasturlarda yozish qiyin ekani aytildi. Buning natijasida kompyuterda matn terishda hamma duch kelgan belgini ishlatayotgani taʼkidlandi. Yechim sifatida shu harflarni bitta belgi bilan ifodalash taklif etildi (turli xil variantlarda).

Islohotlar ehtimoli uzoq yillar mudrab yotgan shijoatlarni uygʻotib yubordi va boshqa harflarni ham isloh qilish takliflari paydo boʻldi. Hozirgi kunda bir chiroyli ishlab kelayotgan va hech qanday muammo tugʻdirmayotgan Sh va Ch harflarini oʻzgartirish taklifi bunga misol (aftidan, “Sh. Rashidov” yoki “AQSh” deb yozish juda qiyin shekilli). Bu oʻzgarish uchun jiddiyroq asos topib boʻlmagach, “bu harflar yozma nutqimizda koʻp uchragani sabab matnni uzaytirib, oʻqishga qiyin qilib yuboryapti” degan sabab koʻrsatildi. Birgina shu asosida yana ikkida harfni oʻzgartirish qanchalik maʼqul ish – oʻylab koʻrarsiz.

Bu takliflarga “U yangi belgilarni klaviaturada qayerga joylaysizlar?” degan asosli eʼtiroz bildirildi va “Oʻzbek tilida ishlatilmaydigan tugmalarga” degan javob olindi. Dasturchilar oʻrtaga chiqib, “Xavotir olmanglar, biz bu yogʻini hal qilamiz” deyishdi…

Mana shu yerga kelganda jarayondagi mantiqsizlik yaqqol oshkor boʻlib qoldi: agar alifbo muammosiga dasturiy yechim bor boʻlsa – shuncha mashmasha nimaga kerak? Alifbomizni muammolar girdobidan chiqarishga yordam beradigan Ō, Ḡ, Ş va Ç belgilarini klaviaturada toʻrtta tugmani qurbon qilib joylab bera oladigan dasturchilarimizga bitta savol – hozirgi Oʻ va Gʻ harflarining belgisini (‘) bitta tugmaga joylab bersa boʻladimi? Zamonaviy telefonlardagi virtual klaviaturalarda allaqachon Oʻ va Gʻ uchun alohida tugma qilib qoʻyilgan – demak, muammo faqat kompyuter klaviaturalarida. Ana shu bitta muammoli belgini birorta tugmaga bogʻlab beringlar – olam guliston!

Yoʻq, biz bitta ana shu belgini deb alifboga yangi belgilar kiritishimiz, keyin ana shu yangi belgilarni qanday yozamiz degan muammoni hal qilishimiz – hamma texnologik qurilmalar ana shu yangi belgilarimizni qamrab olishini sabr bilan kutishimiz kerak. Chunki oson yoʻldan borsak – oson boʻlib qoladi-da.

Bundan keyingi fikrlarim alohida shaxslarda notoʻgʻri xulosa uygʻotmasligi uchun hozirdan aytib qoʻyay: men katta olimlarimiz mehnati va til ravnaqiga qoʻshgan hissalarini yuksak baholayman.

Zamonaviy muammoga uncha zamonaviy boʻlmagan yechimlar taklif qilinayotganligiga sabab shuki, bu masalalarda ikki-uch oʻn yillik oldingi muhitda turib fikr yuritadiganlar qaror qabul qilmoqda. Oddiy misol, Oʻ va Gʻ harflari belgisini yozish muammosi 90- va 2000-yillarda asosli edi. Hozir texnologiya imkoniyatlari ancha keng (ochigʻini aytsam, ana shu 90- va 2000-yillarda ham bu muammoning yechimi kichik bir dastur boʻlgan – shuni, nimagadir, hech kim qilmagan).

Til sohasi mutaxassislari bilan muloqotda men doim qandaydir gʻalati konservatizmni sezib turaman. Oddiy konservatizm emas – aynan gʻalatisi. Chunki odatiy konservator hamma masalada konservator boʻladi. Lekin bu yerda ikki yoqlama yondashuv bor: rus tili va kirill yozuvining tilimizga oʻtkazgan taʼsiriga kelganda boshqa masalalarda gʻirt konservatorlar ham birdan progressiv reformator boʻlib qolishadi. Oddiy xalq muomaladan allaqachon chiqarib tashlagan X, H va ʼ (tutuq belgisi) harflarini saqlab qolish uchun jon olib jon beradiganlar Ц harfining bahridan osongina oʻtib qoʻyaqolishadi (vaholanki, tilimizda X va H oʻrtasida maʼno farqiga ega soʻzlar sonidan Ц qatnashgan soʻzlar soni bir necha barobar koʻp). NG harfini “tiklash”ga urinish haqida-ku umuman indamay qoʻyaqolay…

Bir narsani unutmaslik kerakki, hozir isloh qilinib, joriy etiladigan alifbodan biz (40 yoshdan kichik) va bizdan keyingilar foydalanadi – bu masalada mantiqsiz konservatizm namoyon qilayotganlar emas.

Kichik qoʻshimcha: men bu matnni Savodxon loyihasi doirasidan yaratgan “Savodxon klaviaturasi” dasturi yordamida yozdim. Bu bepul dastur – uni kompyuteringizga oʻrnatgandan keyin, klaviaturada O va G tugmalaridan keyin ‘ tugmasini bossangiz – u belgi avtomatik ‘ belgisiga aylanib qoladi. Tutuq belgisi ham avtomatik tuzatib ketiladi (A, L, ‘ va O tugmalarini bossangiz – ekranda “aʼlo” deb yoziladi). Dastur haqida batafsil: https://savodxon.uz/klaviaturayordam

4 thoughts on “Alifbo islohoti haqida baʼzi (qisman tartibsiz) mulohazalar”

  1. Крил алифбосига кайтайлик, хатто ёшлар хам лотин алифбосига кийналипти.
    Нега лотин алифбосининг С яни Ц харфи тушириб колдирилган. Ц харфисиз тилимизни мужмал килиб куйди, халкаро терминлар, тиббиёт, фармацияга оид, кимё терминминларига ц харфи куп марта учрайди. Нега бу хакида фикр юритмайсизлар?. Лотин харфларини жорий килишган акилли профессор академиклар лотин алифбосини очиб караганми, менимча хатто бундан хабарлари хам йук, Хатто лотин алифбосининг учинчи харфи С , ц укилишини хам билишмаган. Йукса С ни янги алифбода ц харфи урнида кабул килишарди. Нега лотин тили буйича мутахассислар жим, фикр билдиришмаяпти, тилшуносларимиз авваламбор манашу муаммони хал килишсин, токи умуман керак булмаган, ва лотин алфбосида мавжуд булмаган кераксиз ng хафини уйлаб топмасдан.

    1. Tibbiyotga oid terminlar avval lotin tilida nomlanishini nahot bilmasangiz? Qaysi asoslar bilan krill alifbosiga qaytishni taklif qilyapsiz? Mana masalan men hech qachon qaytishni xoxlamayman. Dasturchi sifatida kodni inglizcha alifboda, ichidagi matnlarni esa yana krill alifbosida yozishni xoxlamayman bu noqulaylik tug’diradi. Bundan tashqari kompyuter kodirovkasida ham bir talay muammolar paydo bo’ladi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.