Bu maqola yozilishiga oxirgi paytda Oʻzbekistonda soʻz erkinligini cheklashga boʻlgan juda “gʻalati” urinishlar sabab boʻldi. Jumladan, Komil Allamjonov oʻz postida veb-manba egasi (shu jumladan, blogerlar ham) oʻz sahifalarida eʼlon qilayotgan maʼlumotlar toʻgʻri va tasdiqlangan ekani uchun javobgar hisoblanishini aytib oʻtgan. Lekin, nimagadir, janob “reformator” oʻz postining “qoʻrqitish va qovoq solish” qismida boshqalarni ommaviy axborot vositalarida haqorat qilish uchun qonunda belgilangan javobgarlikni eslatib oʻtishni oʻrinli deb bilgan.
Endi oʻylab koʻraylik. Hozir qaysidir bloger Allamjonovning mantiqsiz argumentlariga asoslanib, uni “ahmoq” deb atasa – bu haqorat boʻladimi? Bu taʼkid asosli boʻladi – chunki u Allamjonov postidagi ichki mantiqiy ziddiyat va nomutanosiblikka asoslangan. Lekin buni OAVda aytilgan haqorat deb, blogerni jazolash kerakmi?
Hammasini batafsil koʻrib chiqsak.
Birinchidan, (buni necha marta aytishim kerak – hayronman) bloger – bu jurnalist emas! Blog esa – OAV emas. Jurnalistika oʻqib, diplom olib, keyin shugʻullanadigan jiddiy soha, kasb. OAVsi esa davlat tomonidan litsenziyalashtirilgan va OAVsi sifatida tan olingan manbadir. Bloger ommaga axborot tarqatish bilan shugʻullanmaydi – bloger oʻz shaxsiy qarashlari omma eʼtibori va muhokamasiga olib chiqadi.
Shunday ekan, blogerni jurnalistga tenglashtirish, unga ham jiddiy qonuniy talablar qoʻyish – bu oddiygina soʻz erkinligini cheklash, xolos.
Bunda ilgari surilayotgan ikki argumentga chuqurroq qarab koʻramiz.
Axborotning toʻgʻriligi
Blogerlik bu kasb emas – xobbi. Bloger yozmoqchi boʻlgan har bir fikrini asoslab beradigan manba topishga vaqt va kuch sarflay olmaydi. Chunki uning ishi ilmiy asoslangan “maʼlumot” tarqatish emas – oʻz shaxsiy “fikrini” ulashish. Abu Muslim degan din “sipohi” yozib chiqadigan chiqindilar bunga misol (voy, haqorat qilib qoʻydim-ku!): u oʻz shaxsiy qarashlariga asoslangan mana bu maqolasida, masalan, dinozavrlar qadimgi ulkan odamlarning uy parrandasi boʻlganligi haqidagi “asosli” gaplar aytilgan. Maqolaga ilmiylik tusini berish uchun, muallif oʻz yovvoyi fikrlarini ilmiy asoslar bilan tasdiqlashga uringan. Ammo u koʻrsatib oʻtgan manbalarni ochib, jiddiy oʻrganib chiqilsa, u yerda bechora blogerning johil gʻoyalarini tasdiqlovchi gaplar yoʻqligini topish mumkin.
Xoʻsh, yangi tartib boʻyicha Abu Muslimni asossiz va tekshirilmagan maʼlumot tarqatishda ayblash mumkinmi? Janob Allamjonov mantigʻiga koʻra – ha, mumkin. Lekin soʻz erkinligi degan umuminsoniy qadriyat bunday ishlamaydi. Abu Muslim ming xayoliy narsalarni yozmasin – bari bir uning fikri bu uning fikri. U oʻz fikrini (u qanchalik ilmiy asosga ega boʻlishidan qatʼiy nazar) bildirishga, ommaga olib chiqishga haqli.
Blogerlikni (bu atama ichiga ijtimoiy tarmoqlarda fikr almashish ham kiritib yuborilyapti, nimagadir) soʻz erkinligini cheklovchi qonunlar bilan nazorat qilib boʻlmaydi. Internetni, umuman, senzura qonunlari bilan nazorat qilib boʻlmaydi. Buni maʼlum saytlarni bloklab, hech narsaga erishmagan Axborot agentligi allaqachon tushundi deb oʻylagandim.
Davlat endi yuzlab xodimini internetda mutlaqo mavhum qonunlarni buzgan “yolgʻonchi” va “haqoratchi”larni ovlashga safarbar etadimi? Buning jismonan imkoni yoʻq – chunki fikrini erkin aytadiganlar ularni nazorat qiladigan soʻz politsiyasidan har doim koʻp boʻladi. Ustiga-ustak, internetda anonimlik degan narsa bor – bu zamonaviy texnologiyaning ajralmas bir qismi.
Undan koʻra, biz shu kuchni xalqimizda (va ayniqsa yoshlarimizda) toʻgʻri tushuncha shakllantirishga qaratsak, samaraliroq boʻlmasmikan?
Aytgancha, blogermas-ku – professional jurnalist katta va jiddiy mavzularda maqola yozmoqchi boʻlsa, u davlat organlaridan va amaldorlardan kerakli maʼlumotlarni qanchalik oson olishini ham bir baholab ketish kerak. OAVga chiqariladigan maqolalar toʻgʻri va tekshirilgan maʼlumotlarga asoslanishini talab qilib, hammani jarima va axloq tuzatish ishlari bilan qoʻrqitishdan oldin – ana shu maʼlumotni olish va tekshirishni osonlashtirib qoʻyish kerakmikan?..
Boshqalarni haqorat qilish
Ogʻzimizga kaltak qilib urilayotgan qonun moddalarida OAVlarida kimnidir haqorat qiladigan maʼlumot tarqatish man etilgani yozilgan. Chalkashlikka sabab yana oʻsha – blog yoki ijtimoiy tarmoqdagi sahifani rasmiy OAVsiga tenglashtirish.
OAVlari (masalan, kun.uz, gazeta.uz va hokazolar) chindan ham kimnidir haqorat qiladigan yoki kamsitadigan maqola eʼlon qilishi mumkin emas. Chunki OAVsining ishi qoralash yoki hukm chiqarish emas – bor axborotni boricha yetkazib berish. Agar OAVsida eʼlon qilingan maqolada uni yozgan odamning shaxsiy qarashlari va muhokama qilinayotgan masalaga munosabati ham ifoda etilgan boʻlsa, OAVsi buni oʻquvchiga aniq bildirishi kerak. Oʻzini hurmat qiladigan OAVlar shunday qiladi ham.
Blog – bu alohida shaxsning oʻz fikrlari yoziladigan joy. Bloger shaxsiy fikrini his-hayajonga berilib ifodalashi, masalaga mantiqsiz va irratsional yondashishi mumkin. Bunda u boshqa odamlarni tanqid qilishi – qattiq tanqid qilishi mumkin. Xoʻsh, tanqid qayerda tugab, haqorat qayerda boshlanadi? Chegara qayerda?
Masalan, men poraxoʻr amaldorni qoralab blogpost yozdim deylik. Men uni tanqid qilishda “qallob”, “oʻgʻri”, “muttaham” kabi soʻzlarni ishlatsam – bu asosli tanqidmi, yoki haqoratga oʻtib ketgan boʻlamanmi? Uni “haromxoʻr” deb atasam-chi? Pora olib harom luqma yegan amaldorni “haromxoʻr” deyish – tanqidmi yoki haqorat?
Muammo aynan mana shunda: keskin tanqid bilan haqorat oʻrtasidagi chegarani aniqlash juda qiyin. Xoʻsh, soʻz erkinligi ustidan nazorat oʻrnatsak, qaysi gap tanqid-u, qaysi gap haqorat ekanini kim hal qiladi? Davlatmi? Axborot agentligimi? Lekin u yerda ham odamlar ishlaydi – ularning ham oʻz shaxsiy qarashlari bor. Xoʻsh, internetda yozadigan gaplarimizni qonuniy-noqonuniyga saralaydigan amaldor buni odil va haqqoniy turib qilishiga kim kafil boʻla oladi? Undan keyin, nimaga endi qayga qarama oʻzini “demokratik” deb atayotgan jamiyatda ommaning soʻz erkinligi chegarasini hal qilishni bir nechta amaldor hal qilishi kerak?
Haqorat – juda mavhum va subyektiv tushuncha. Men uchun haqorat boʻlgan gap, boshqa birov uchun oddiy hol boʻlishi mumkin. Va aksincha – men oʻz shaxsiy qarashlarimdan kelib chiqib aytgan tanqidlarim kimlar uchundir haqorat boʻlishi mumkin. Bunga eng zoʻr misol, kimdir musulmonlarning kamchiligini keskin tanqid qilganda – buni kimlardir din va eʼtiqodga qilingan haqorat deb bilishi. Yuqorida aytib oʻtilgan “tovuq-dinozavr” maqolasi muallifini men johillikda va tor fikrlashda ayblashim mumkin (bu mening huquqim). Men har qanday din siyosiy mafkura sifatida yaratilganini va amalda qoʻllanganini aytishim mumkin (butun tarix bunga juda koʻp asos keltirgan). Xoʻsh – shaxsiy kuzatuv va tarixiy faktlarga asoslangan fikrimni aytdimmi, yoki kimnidir haqorat qildimmi?
Endi har bir miyasi aynigan gapimni qanday tushunar ekan deb qoʻrqib jim yurishim kerakmi? Bilmay kimnidir haqorat qilib qoʻyishim mumkin deb fikrlarimni boshqalar bilan ulashmasligim kerakmi? Ha bunaqada hech qanday ijtimoiy dialog boʻlmaydi-ku? Tanqid bilan haqoratni farqlay olmagan fuqaro ochiq koʻrib turgan kamchiliklarni davlatni yuziga aytishdan qoʻrqsa – xalq va davlat oʻrtasida konstruktiv muloqot boʻladimi?..
Xulosa
Har bir bloger nima yozishni va qanday yozishni oʻzi hal qiladi. Ularni senzura bilan nazorat qilish kerak emas – jamoatchilik tushunchasini oʻstirish kerak. Shunda bemaza va shallaqi blogerlar oʻz-oʻzidan oʻquvchilarini yoʻqotib, jamiyat eʼtiboridan chetda qolaveradi. Xalq ongini oshiravering, oʻrtoq reformator – xalqning oʻzi internetga kallasidagi gaplarni olib chiqayotganlarni sekin elakdan oʻtkazib oladi. Siz choʻpon, xalq – poda emas. Ogʻzimizga kaltak urib, bizni progressiv jamiyat qila olmaysiz. Bunaqa usul bilan tishlarimiz va oʻz obroʻyingizni sindirishga erishasiz, xolos.
«…odamlarning uy parrandasi boʻlganligi haqidagi “asosli” gaplar aytilgan.». Siz qõygan ssilkada bunaqa ma’lumot yõqku?
Bu «tekshirilmagan» ma’lumot )) Ironiya.
Assalom alaykum Dilpora 7 Qadam juraev.uz yo’lga qo’yishni o’ylab koring bizga kerak judaham foydali edi Haqqingizga duo qilib turgan edik
Bo’lmasam aytin u malumotlarni qayerdan olsa bo’ladi