Alifboni qanday isloh qilish yuzasidan turli xil – va baʼzan bir-biriga zid fikrlar bildirilgan boʻlsa ham, aksariyat mutaxassis va oddiy foydalanuvchilar ikki belgili harflar («ch», «sh», «oʻ» va «gʻ») yozuvimizdagi eng katta muammo va noqulayliklarga sabab boʻlayotganini taʼkidlashmoqda. Bu harflar yuzasidan bildirilgan takliflarning umumiy kayfiyati shuki, ularni bir belgi bilan alishtirish zarur.
Mening bu harflarni bir belgi bilan ifodalashga boʻlgan munosabatimdan qatʼiy nazar, ushbu maqolada bunday islohot bizga qanchalik foyda keltirishini hisoblashga urinib koʻraman. Maqola maqsadi uchun bu harflar qaysi belgilarga almashtirilishi ahamiyatsiz – asosiysi, ikki belgi oʻrniga bir belgi ishlatilsa kifoya.
Oʻzbek tilidagi internet-kontent sifatini koʻtarish maqsadida yaratilgan https://savodxon.uz koʻngilli loyihasi bazasi asosida men oʻzbek tilida koʻp foydalaniladigan 400 mingdan ortiq soʻz roʻyxatini tuzib chiqdim. Roʻyxatga barcha turkumlar, turlangan va tuslangan soʻzlar, atoqli otlar – xullas, yozma nutqimizni tashkil qilgan juda koʻp soʻzlar kiritildi.
Roʻyxat asosida tilimizda har bir belgi qancha ulushga ega ekanini hisobladim (bir harfning katta va kichik koʻrinishlari birdek hisobga olgan holda). Mening hisob-kitoblarimga koʻra, yozma nutqimizning 14 foizini – «a» harfi, 13 foizini – «i» harfi, 8 foizini – probel, 8 foizini – ikki belgili harflar va qolgan 57 foizini – boshqa harf va belgilar tashkil qilar ekan.
Yuqoridagidan kelib chiqadiki, ikki belgili harflar bir belgiga oʻzgartirilsa, kompyuter yoki mobil uskunalarda matn terishda bajariladigan tugma bosishlar soni 4 foizga qisqaradi (yaʼni, 8 foizning yarmiga – chunki bu harflarni terish uchun ikkita emas, endi bitta tugma bosiladi). Demak, yozuvimizdagi ikki belgili harflarni isloh qilib, biz matn terishda 4 foiz vaqtimizni tejab qolamiz.
Bu kimgadir juda kichik raqamdek koʻrinishi mumkin, ammo mamlakat miqyosida olib qaralsa, 4 foiz juda katta ahamiyatga ega. Buni yaqqol tushunish uchun, quyidagi jadvalga eʼtibor qarataylik:
Harfiy ifodasi / hisoblash formulasi | Miqdori | |
Ikki belgili harflar bir belgiga oʻzgartirilsa, matn terishda tugmalarni bosish miqdori qisqarishi | Q | 4% |
Bitta tugmani bosishga sarflangan vaqt (soniyada)[1] | T | 0.3 |
Odatiy foydalanuvchi tomonidan bir haftada bajariladigan tugma bosishlar miqdori[2] | B | 20,000 |
Oʻzbekistondagi internet foydalanuvchilari miqdori[3] | F | 20,000,000 |
Bir haftada Oʻzbekiston boʻylab bajariladigan jami tugma bosishlar miqdori | B x F | 400,000,000,000 |
Ikki belgili harflar bir belgiga oʻzgartirilsa, bir haftada Oʻzbekiston boʻylab jami tejab qolinadigan vaqt (soatlarda) | (B x F x T x Q) / 3600 | 1,290,344 |
Soʻz bilan aytganda, Oʻzbekistonda bir haftada klaviatura tugmalari 400 milliard marta bosiladi. Agar ikki belgili harflar bir belgi bilan ifodalansa, biz bir haftada klaviatura tugmalarini taxminan 16 milliard marta kamroq bosamiz. Oʻrtacha foydalanuvchi bir soniyada klaviatura tugmasini 3 marta bosadi deb olsak, bu haftasiga xalqimiz matn terishga 4.5 milliard soniya kamroq vaqt sarflaydi degani. Soatlarda ifodalasak, bu koʻrsatkich jamiyatimiz elektron qurilmalarda matn terishga haftasiga taxminan 1 million 250 ming soat kamroq vaqt sarflaydi degani.
Har haftada shuncha vaqt tejalishidan jamiyatga keladigan nafni baholashni men boshqa iqtisodchilarga qoldiraman. Albatta, bir narsani yodda saqlash kerakki, alifboni isloh qilish xarajatlarni ham talab qiladi. Jamiyat asta-sekinlik bilan yozma nutqini (adabiyot va ilm-fanni) yangi – qulayroq alifboga oʻtkazguncha, maʼlum qiyinchiliklarga duch kelishi tabiiy.
Nima boʻlganda ham, alifboni isloh qilishdan keladigan naf va zararlarni odilona baholab, eng optimal yoʻlni tanlashimiz kerak deb bilaman.
[1] https://www.livechatinc.com/typing-speed-test/#/ (ingliz tilida)
[2] http://www.wellnomics.com/assets/Uploads/WorkPace/News/Wellnomics-white-paper-Comparison-of-Computer-Use-across-different-Countries.pdf (ingliz tilida)
[3] http://uza.uz/en/society/in-uzbekistan-number-of-internet-users-exceeds-20-million-31-01-2018