Skip to content

Bozorni boshqarish kerakmi? 1-qism: Smitcha yondashuv

Bozor iqtisodini nega aynan “bozor iqtisodi” deb ataymiz? Chunki bunday tuzumda iqtisodiy faoliyat yo‘nalishi va hajmini aynan bozor kuchlari – talab va taklif belgilab beradi. Nima, qanday va qancha ishlab chiqarilishi, qanday narxda sotilishini bozordagi shu mahsulot yoki xizmatga bo‘lgan talab va taklif hal qiladi. Markazlashgan rejali iqtisoddan farqli o‘laroq, bozor iqtisodida iste’molchilar nimani va qancha iste’mol qilishni o‘z ehtiyojlari va didlaridan kelib chiqib tanlaydilar.

Bunday iqtisodni g‘oyaviy asoslab bergan birinchi olim Adam Smit bo‘lgan. U davlat erkin bozor faoliyatiga mutlaqo aralashmasligi, ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar o‘zaro erkin oldi-berdi qilishlariga qo‘yib berishi kerakligi haqidagi fikrni yoqlab chiqqan. Smit bozor nazorat qilinmasa, raqobat, talab va taklif kabi kuchlar avtomatik tarzda hamma jarayonni tartibga solishini, shu yo‘l bilan butun jamiyat eng samarali iqtisodga erishishini bashorat qilgan.

Bu g‘oyalar asosida bugun dunyo bo‘ylab deyarli hamma yerda joriy qilingan “erkin bozor” prinsipi yaralgan. Kapitalistik tuzumning asosi bo‘lgan erkin bozor davlat aralashuvisiz o‘zini-o‘zi ta’minlay oladigan, turli o‘zgarishlarga moslasha oladigan iqtisodiy tartib sifatida ko‘riladi.

Ammo erkin bozor ba’zi hollarda jamiyat hayoti uchun zarur mahsulot va xizmatlarni yetkazishga zaiflik qiladi. Bunday “bozor zaifligi” (market failure) mahsulot yoki xizmatga talab bo‘la turib, xususiy ishlab chiqaruvchilardan taklif mavjud bo‘lmasa yuzaga keladi. Masalan, tunda ko‘chalarni yoritish aholi uchun zarur xizmat. Lekin bunda yoritilgan ko‘chadan yurayotgan har bir odamdan bu chiroqlar uchun haq olish imkonsiz. Shu bois xususiy ishbilarmonlarga bunday xizmatlarni ko‘rsatishdan moddiy manfaat yo‘q.

Aholini himoya qilish, yo‘llar qurish, bolalarga ta’lim berish, qarovsiz qolgan qariyalarga g‘amxo‘rlik qilish kabi faoliyatlar aynan ana shunday turkumga tegishli bo‘lib, erkin bozor ularni ta’minlashga ojiz. Mana shu yerda o‘yinga davlat qo‘shiladi va bu kabi xizmatlarni ta’minlashni o‘z bo‘yniga oladi. Davlat ham mahsulot va xizmatlar taklif qiluvchi sifatida bozorda ishtirok eta boshlaydi. Bunda u aholidan soliqlar yig‘adi va shu pullar evaziga har kim iste’mol qilishi mumkin bo‘lgan ommaviy xizmatlarni taklif qiladi.

Erkin bozor tarafdorlari davlatning iqtisodga har qanday aralashuvi imkoni boricha kamaytirilishini yoqlaydilar. Lekin so‘ngi yillarda erkin bozorning hech bir nazoratsiz o‘zini-o‘zi ta’minlashi va bexato ishlashiga shubha bildirayotgan olimlar ko‘paymoqda. 2008-yilgi jahon moliyaviy inqirozi erkin bozor g‘oyasi obro‘sini ancha tushirdi. Moliyaviy bozor faoliyatini imkon qadar kamroq nazorat qilish kerakligini ilgari surgan iqtisodchilar maslahatiga ko‘ra AQSH hukumati qimmatli qog‘ozlar va kreditlar bozorini erkin tashlab qo‘ydi. Ammo kuchsiz boshqaruvsiz qoldirilgan moliyaviy bozor kutilganga zid natijalarga olib keldi va butun dunyoni zirqiratib o‘tgan inqiroz o‘chog‘iga aylandi.

Bugun iqtisodni davlat boshqarishi kerakmi-yo‘qmi degan savolni hech kim bermaydi. Davlat nazoratisiz iqtisod o‘zini-o‘zi boshqara olmasligini eng liberal olimlar ham tan olib ulgurgan. Ammo davlatning nazorati qay darajada bo‘lishi kerakligi haqidagi bahslar hali-hanuz qizg‘in. Kimdir davlat faqat keskin vaziyatlardagina iqtisodiy jarayonlarga aralashib, boshqa payt bozorni erkin qo‘yishi kerakligini aytadi. Boshqalar iqtisod bir maromda rivojlanishi uchun davlat ma’lum darajada nazoratni doimiy tutib turishi kerakligini targ‘ib qiladi.

Xo‘sh, O‘zbekiston bunda qanday yondashuvni tanlagan? Bizning iqtisod davlatning kuchli nazorati ostida. Bu nazorat mustaqillik boshidan belgilab qo‘yilgan “bozor iqtisodiga bosqichma-bosqich o‘tish” strategiyasiga asosan saqlab kelinmoqda. Bizda ham buni yoqlovchilar va qoralovchilar bor. Chindan ham, bu yondashuv o‘z yutuq va kamchiliklariga ega.

Bunday siyosatning birinchi eng muhim afzalligi shuki, u iqtisodda keskin o‘zgarishlar, kutilmagan “siljishlar” va “sakrashlar” bo‘lishining oldini oladi. Aholi ongida xususiy mulk, erkin bozor tushunchalari asta-sekin shakllantiriladi va jabrli inqirozlarsiz bozor iqtisodi tuzumiga o‘tiladi. Bundan tashqari, bunday usul tashqi iqtisodiy ta’sirlar milliy iqtisodga zarar yetkazishiga qarshilik qiladi. Masalan, avval eslatib o‘tilgan 2008-yilgi moliyaviy inqiroz oqibatlari mamlakatimizda deyarli sezilmadi. Buning sababi milliy bank tizimi davlatning qattiq nazorati ostida ekani va global moliyaviy tarmoqqa integratsiya qilinmaganidir. Iqtisod ustidan kuchli nazorat davlatga vaqtida tegishli choralarni ko‘rishga va bu choralarni samarali amalga oshirishga imkon berdi.

Bank tizimi qatori bugun hukumat iqtisodning deyarli barcha sohalarini nazorat qiladi. Bunday boshqaruv uzoq muddat saqlab qolinsa, jiddiy zararlarga sabab bo‘lishi mumkin. Milliy iqtisodning boshqa davlatlar iqtisodi bilan oldi-berdisida davlat buguncha eng katta vositachi bo‘lib turibdi. Bu jahondagi iqtisodiy rivojlanishdan milliy iqtisod sezilarli ortda qolishiga, uning o‘zgarishi va yangi zamon talablariga moslashishi sekinlashishiga, iqtisod borgan sari o‘z g‘ilofiga o‘ralib borishiga sabab bo‘ladi.

Nazoratdagi iqtisod va erkin bozor o‘rtasida tanlashda, kamida nazariy nuqtayi nazardan, biz imkon qadar keng fikrlashimiz lozim. Nazoratdagi iqtisod bizga bir maromda rivojlanadigan, tashqi xatarlardan himoyalangan ishonchli iqtisodiy muhit yaratib beradi. Ammo bunday muhitda bizning rivojlanishimiz, yangi iqtisodiy voqeliklarga moslashish ko‘nikmamizni shakllantirishimiz juda qiyin kechadi. Bunday iqtisod xuddi ota-onasi tinimsiz har narsadan pana qilgan, har qadamini nazorat qilgan farzandga o‘xshaydi. Bunda farzand mustaqil o‘sish, yangi narsalarni o‘rganish, mustaqil tajriba orttirish imkonidan cheklanadi, uning ulg‘ayishi sekinlashadi.

Ko‘p omillarni hisobga olib, bugun hukumat iqtisoddagi davlat ishtirokini kamaytirish siyosatini ilgari surmoqda. Buning amaliy foydalari va ehtimoldagi zararlari haqida oldindan bilish uchun, erkin bozor qanday ishlashi, uning qanday kuchli va ojiz jihatlari borligini odilona o‘rganishimiz va tegishli xulosalar chiqarishimiz darkor.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan