Skip to content

Iqtisod nazariyasi: kamayib boruvchi qo’shimcha naf

Biznes iqtisodining asosiy maqsadi mavjud resurslardan samarali foydalanish. Har qanday biznesning moliyaviy, moddiy va mehnat (ishchi) resurslari cheklangan boʻladi va tashkilot iqtisodchisining birlamchi vazifasi ana shu resurslardan optimal foydalangan holda, firma daromadini iloji boricha oshirish.

Bu vazifani bajarishda kamayib boruvchi qoʻshimcha naf qonunini hisobga olish iqtisodchiga juda qoʻl kelishi mumkin. Bu qonunning qisqacha taʼrifi quyidagicha:

Ishlab chiqarishning oʻzgaruvchi omillaridan biri har gal bittaga oshirilganda u keltiradigan qoʻshimcha naf avvalgisidan kamroq boʻladi. 

Bu taʼrifni toʻliq tushunish uchun, keling, uning tarkibiy qismlari bilan tanishib chiqamiz.

Ishlab chiqarishning omillari qisqa muddat ichida oʻzgara olish qobiliyatiga qarab ikki xil turga boʻlinadi: oʻzgarmas va oʻzgaruvchi. Oʻzgarmas omillarga yer va bino-inshootlar misol boʻlsa, oʻzgaruvchi omillarga ishchilar va mehnat qurollari misol boʻla oladi.

Aytaylik, bir fermer xoʻjaligining 50 gektar yeri, 2ta traktori va 20 nafar ishchisi bor. Bu fermaning oʻzgarmas ishlab chiqarish omili yer maydoni va traktorlardir, chunki fermer qisqa muddat ichida oʻz yer maydonini kengaytirolmaydi yoki yangi traktor sotib ololmaydi. Ishchilar esa oʻzgaruvchi omildir, chunki fermer istasa yangi ishchi yonlashi mumkin.

Fermer yiliga 100 000 000 soʻmdan daromad qilyapti deylik. Agar fermer yana bir ishchi yollasa, ana shu qoʻshimcha ishchi endi yerga yaxshiroq ishlov berishga hissa qoʻshadi. Natijada fermerning yillik daromadi 105 000 000 soʻmga koʻtariladi. Yaʼni yangi ishchining fermer xoʻjaligi uchun qoʻshimcha nafi 5 000 000 soʻmni tashkil qiladi.

Xoʻsh, fermer yana bir ishchi olsa-chi? 22-ishchining fermer xoʻjaligiga keltirgan nafi 4 500 000 boʻladi, xolos (yillik daromad 109 500 000 soʻmga koʻtariladi). Chunki yer va unga ishlov berish qurollari cheklangan – ishchilar soni oshib borgan bilan, ular cheklangan resurslar bilan ishlaydi va qoʻshimcha naf kamayib boraveradi.

Keling endi masalaga yangi omil kiritamiz. Aytaylik, fermer qaysidir seminarda yerga ishlov berishning yangicha usulini oʻrganib keldi. U oʻz xoʻjaligida shu usulni joriy qilsa, ish samarasi ortadi. Bunda har bir qoʻshimcha ishchidan kelgan nafni yuqori tutib turish mumkin. Endi u ikkita yangi ishchi olsa, xoʻjalik daromadi 110 000 000 soʻmga yetadi (yaʼni ikki ishchi ham 5 000 000 soʻmdan qoʻshimcha naf keltiradi, chunki ular yerga yangicha usulda ishlov beradi).

Yuqoridagidan kelib chiqadiki, ishlab chiqarishga ilmiy, uslubiy yoki texnologik yangilik kiritilsa, kamayib boruvchi qoʻshimcha naf qonunini yengish va biznesni kengaytirish mumkin.

Keling endi masalaga yana bir boshqacha omil kiritib koʻramiz. Aytaylik, fermer 21-ishchidan keyin yana bir xodim yonladi. Ammo bu yangi xodim oliy maʼlumotli agronom va yerga ishlov berish borasida katta tajribaga ega. Bu xodim xoʻjalik daromadini oʻzidan avval yollangan ishchidan koʻproqqa oshirishi mumkin. Natijada xoʻjalik daromadi 112 000 000 soʻmga yetadi (birinchi yangi ishchi 5 000 000 soʻmga oshiradi, ikkinchi yollangan tajribali ishchi 7 000 000 soʻmga oshiradi).

Demak, ishlab chiqarishning bir omiliga yangi birlik qoʻshilganda, shu yangi birlik sifati avvalgilaridan yuqori boʻlsa, kamayib boruvchi qoʻshimcha naf qonuni buziladi. Yaʼni ishlab chiqarishni qoʻshimcha daromadni tushirmasdan kengaytirish uchun, oldingidan sifatliroq xom ashyo yoki avvalgilaridan malakaliroq ishchi kuchi olish zarur.

Endi shu oʻrganganlarimizni milliy iqtisodga tatbiq qilib koʻraylik. Milliy iqtisod ham ulkan bir ishlab chiqarish. Uning ham resurslari cheklangan (yaʼni oʻzgarmas omillari bor – masalan yerimiz). Bu ishlab chiqarishda aholining ish bilan band qismi mehnat qiladi. Ammo, tabiiyki, aholi soni vaqt oʻtishi bilan oshib boradi. Yaʼni milliy iqtisod mehnat jamoasiga tinimsiz yangi ishchilar qoʻshilib boraveradi. Natijada har bir yangi aholi vakilining milliy iqtisodga keltirgan qoʻshimcha nafi kamayib boraveradi. Iqtisod tili bilan aytganda, yalpi mahsulotning jon boshiga ulushi kamayib boradi (yaʼni turmush sharoiti tushib).

Buning oldini olish uchun biz yuqorida koʻrib oʻtgan kamayib boruvchi qoʻshimcha naf qonunini buzadigan ikki omilni ishga solishimiz kerak. Birinchidan, ilm-fan va texnologiyani rivojlantirishga urgʻu berish zarur. Bu bizga mavjud cheklangan resurslarimizdan samaraliroq usulda foydalanishga imkon beradi va milliy daromaddagi oʻsish aholi oʻsishidan orqada qolmaydi. Ikkinchidan, biz ishchi kuchi malakasini (sifatini) tinimsiz oshirib borishimiz lozim. Har bir yangi aholi vakiliga avvalgisidan yaxshiroq taʼlim berilsa, uning milliy iqtisodga keltirgan qoʻshimcha nafi ham avvalgisidan yuqori boʻladi. Shu ikki omil bir paytda va toʻgʻri ishga solinsa, milliy daromaddagi oʻsish aholi oʻsishidan jadalroq boradi va turmushimiz yaxshilanadi.

Iqtisod qonunlarini yaxshi bilish bizga biznesimizni rivojlantirishga va hayotimizni farovonroq qilishga yordam beradi. Shunday ekan, iqtisod sirlariga qiziqishdan toʻxtamaylik.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan