Skip to content

Mulk va mulkdorlik

Iqtisodiy jarayonlarni mulksiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Odamning mulkka qanday munosabatda boʻlishi uning iqtisodiy xatti-harakatlarini belgilaydi. Biz bolalikdan mulkdorlik nimaligini bilamiz – oʻz oʻyinchoqlarimizga egalik qilish istagi bizdagi mulkdorlik hissiga tayangan.

Qadim tarixdan odamlar orasida mulkka uch xil munosabat bildirilgan. Birinchi yondashuvda mulk umuminsoniy boylik hisoblangan va unga hech kim egalik qilmagan. Undan har kim xohlaganday foydalanishi oʻzaro ishonch va anʼanalar bilan boshqarilgan. Ikkinchi holat – mulkka bir guruh umumiy kelishuv bilan egalik qilishi. Bu yondashuv sotsializm asosini belgilaydi va nemis olimi Marks tomonidan targʻib qilingan. Uchinchi holatda mulkka alohida shaxslar egalik qiladi – bunda xususiy mulkdorlik amalda boʻladi. Bu yondashuv kapitalizm asosida turadi.

Azal-azaldan mulkka umumiy egalik qilish va xususiy mulkdorlik tarafdorlari oʻrtasida bahs tinim bilmaydi. Oʻz davrida Arastu mulkka alohida shaxslar egalik qilishi tarafdori boʻlgan. Uning fikricha, agar mulk hammaniki boʻlsa, hech kim uning uchun oʻzini masʼul sezmaydi va undan samarali foydalanish haqida oʻylamaydi. Natijada hammaniki boʻlgan mulk koʻp hollarda qarovsiz qoladi.

Bugungi kun kapitalistlari xususiy mulkdorlikni boshqa asosga koʻra himoya qilishadi. Ularning aytishicha, odam mulkka oʻzi egalik qilsagina, unda foyda topishga intilish boʻladi. Xususiy mulksiz foyda olish ilinji boʻlmaydi va odamlar iqtisodiy oldi-berdiga kirishmaydi. Yaʼni bozor degan narsa umuman mavjud boʻlmaydi.

Marks kapitalizmning eng katta balosi aynan xususiy mulkda va u keltirishi mumkin boʻlgan daromadda ekanini taʼkidlagan. U oʻz paytida kapitalistik jamiyatlar foyda ortidan quvib, juda koʻp miqdorda mahsulot ishlab chiqarishini, ularni sotishga intilish kuchayib borishini – bu ortiqcha mahsulot iqtisoddagi tebranishlarga sabab boʻlib, muttasil inqirozlar keltirib chiqarishini bashorat qilgan.

Ikki yoʻnalishning ham oʻz tarafdorlari bor. Bugun har bir jamiyatda va har bir sohada mulkka ikki xil yondashuvni kuzatish mumkin. Masalan, baʼzi dasturchilar oʻzlari yaratayotgan mahsulotlarni xususiy intellektual mulk sifatida himoya qilishni tanlasa, boshqalari oʻz mahsulotlari hammaniki (open source) boʻlishi kerak deb hisoblaydilar. Ommaniki boʻlgan dasturlar koʻpincha bir guruh dasturchilarning umumiy mehnati bilan yaratiladi va ommaga bepul taqdim etiladi.

Sof falsafiy jihatdan eng toʻgʻri yondashuv – ibtidoiy tuzumdagi “mulk hech kimniki emas” holatidir. Mulkka omma yoki alohida shaxs egalik qilishi, shunchaki, ijtimoiy shart, xolos. Aytaylik, bir bino egasi oʻz mulkdorlik huquqidan foydalanib, uni buzib tashlab oʻrniga yoʻl solmoqchi boʻlganlardan oʻz mulkini himoya qilishi mumkin. Ammo tabiiy ofat kelsa, hech qanday mulkdorlik huquqi uning mulkini asrab qolmaydi. Kapitalistik jamiyatlar bunday holat uchun davo sifatida sugʻurtani oʻylab topishgan – mulkdor oʻz mulki ehtimoldagi ofatlar sabab buzilishi natijasida koʻrgan zararni qoplashni vaʼda qilganga doimiy badal toʻlab boradi. Sotsialistik jamiyatlarda esa bu muammoning yechimi boshqacha – mulk hammaniki va undan hamma foydalanaveradi. Tabiiy ofat natijasida yetkazilgan zarar ham hammaga taqsimlanadi va umumiy kuch bilan qayta tiklanadi.

Har qanday holatda ham mulk avvalo oʻz maqsadini bajarishi kerak. Mulk foyda topish uchun emas – odamlarning ehtiyojini qondirish uchun yaratilsa, iqtisodiy barqarorlik boʻladi. Mulkdorlikka notoʻgʻri yondashuv nohaq narxlar, daromadning notoʻgʻri taqsimlanishi, resurslarning isrof boʻlishi – umumiy iqtisoddagi zararli tebranishlarga olib keladi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan